Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Bobo xotirasi

Yozning jazirama kun­la­ridan  biri edi. Shohruh uy­da yolg‘iz o‘zi qolib, hovli sahnidagi so‘rida rasm chi­zish bilan band. U so‘ridagi xontaxtaga bag‘rini berib, rangli qalamlar bilan tabiat qo‘ynidagi otning ras­mi­ni chizardi. Atrofda don-dunlab yurgan musichalarning “ku-ku”lashi-yu, qushlarning chug‘ur-chug‘uriga beparvo edi.

Shu tob ko‘cha darvozasini kimdir taqillatdi. Shohruh do‘konga ul-bul yegulik xarid qilgani chiqib ketgan akasi Farruh qaytib kelib, qulflangan darvozadan kira olmay chaqirayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi va:

– Hozir, aka! – deb qichqirdi.

Darvoza qulflanmagan ekan. Taqillata­yotgan akasi emas, notanish kishi bo‘lib chiqdi. U sabri chidamay, qiya ochiq eshikdan  boshini suqib, “Hoy, uyda kim bor?!” – deb chaqirishga ham ulgurdi.

Shohruh darvozani ochib, tashqariga chiqdi:

– Ha, amaki, sizga kim kerak?

– Ha,  bolakay, uy­da sendan bosh­qa hech kim yo‘qmi, deyman? – Qorachadan kelgan, cho‘tir yuzli amaki Shohruhni so‘roqqa tuta boshladi. – Ota-onang qayerda?

– Ishga ketishgan.

– Shunday degin? – Amaki biroz sukut saqlab turgach, so‘zida davom etdi. – Bilasanmi bolakay, hozir shu atrofdagi bir-ikkita xonadonlarga kirdim. Ular aytishdi, sizlarning katta bobongiz urushda bo‘lgan ekan. Orden-medallari ko‘p ekan-a? Rostmi shu?

– Ha, rost! – Shohruh o‘ylanib, bolalarga xos sinchkovlik bilan so‘radi. – Bobom vafot etganlar-ku! Nima, siz ular haqida gazetaga yozmoqchimisiz?

– Yo‘-o‘q bolakay. Men... men muxbir emasman. Shunchaki... eski medallarni yig‘ib yuribman. Agar bobongning orden-medallari saqlanayotgan bo‘lsa, ko‘-o‘p pul berib sotib olmoqchiman. Mayli, hammasini bo‘lmasa-da, bir-ikkitasini menga sota qol. Buning evaziga-chi, senga pul beraman. Muzqaymoqmi, nima xohlasang olib yeysan.

Shohruh xiyol kulimsirab turgan amakiga qarab, nima qilishini bilmay kalovlanib qoldi. U marhum Norqul bobosidan qolgan orden, medallar tokchadagi naqshinkor, chiroyli yog‘och qutichada saqlanishini ko‘rgan.  Har zamonda akasi Farruh  ularni avaylab qo‘lga olib,  tomosha qilar, kichik baxmal latta bilan orden-medallarni o‘rab, yana joyiga qo‘yar edi. So‘ng negadir xavotir aralash ukasiga tayinlardi.

– Men yo‘g‘imda bularni o‘ynab, zanjirini uzib qo‘yma! Bilsang, bular oilamizning faxri. Shuni tushunib ol.

Shohruh  shularni xayolidan o‘tkazar ekan, u ikki o‘yning orasida ne qilishni bilmasdi. Yashirin, hech bo‘lmasa bobosining bitta medalini sotsa, mazza qilib magazindan ko‘ngliga yoqqanini olib yeyishi mumkin. Le­kin Farruh akasi orden va medal­larning hisobini bi­ladi. Bal­ki, bil­­­masligi ham mum­kin. Fur­sat­dan foydalanib, bit­­­tasini sotsa-so­tibdi-da. Ba­ho­nada manavi amaki ham xur­sand bo‘lar edi.

– Shoshmay turing-chi, amaki! – Shohruh medallardan birini olib chiqish uchun ichkariga kirib ket­di. U bu yil ikkinchi sinf­ga ko‘chdi, o‘zi o‘qiy oladi. U ichkarida uydagi tok­chada turgan qutichadan “Jasurligi uchun” deb yozilgan, qizil-qora lentali medalni qo‘liga olib, xursand holda hovliga chiqdi. Darvozaga yaqinlashdi-yu, ko‘cha tarafdan akasining ovozini eshitdi.

– Ha, amaki, sizga kim kerak?

– Men... men eski medallarni yig‘uv­chiman. Bobonglar vafot etgan ekan. Baribir, endi ularning orden-medallari sizlarga kerak emas-ku! To‘g‘rimi? Ularni menga sota qolinglar. Bahonada ikki-uch so‘mlik bo‘lib qolasizlar.

Shohruh akasidan cho‘chiganidanmi, qo‘li­da namo­yishkorona ushlab turgan medalni kissasiga solib qo‘ydi. Asta tashqariga chiqdi. Do‘kondan kelgan akasi sinchkovlik bilan ukasiga qaradi.

– Sen bobomlarning medalini sotmoq­chimisan?

Shohruh sezdi, akasining doim muloyim boquvchi ko‘zlari jiddiy chaqnardi. Yuzi biroz oqarinqiraganidan jahli chiqayotganligi bilinib turardi. Shundan cho‘chibmi, u:

– Yo‘-o‘q, – deya talmovsiradi.

Farruh kattalarday o‘zini bosib, amakiga jiddiy qaradi:

– Orden-medallarni sotadi deb, sizga kim aytdi? – dedi.

– Nima, sotmaysizlarmi? Men sizlarga ko‘p pul beraman. Pul... Pul axir hammaga kerak-ku!

– Amaki! – Farruh jahldan yuzlari gezarib, har bir so‘zni urg‘u bilan aytishga harakat qildi. – Bilib qo‘ying, hamma narsa pulga sotilavermaydi. U orden-medallar jasur bobom­ning xotirasini yodga solib turadi-ku! Bobom, ajdodlar – bizning faxrimiz.

Amaki ham Farruhning g‘azabga kelga­nini yuz-ko‘zlari, bo‘rtib chiqqan bo‘yin tomirlaridan sezdi, shekilli, ortiq so‘z aytishga botina olmadi.

– Shundaymi, uka!? Uzr-uzr, unda, – deya tezda darvoza yonidan uzoqlasha boshladi.

Farruh ukasi bilan birga hovliga kirar ekan.

– Buni qara! Bu amaki bizni yosh bola deb laqillatib ketmoqchi-ya! Bobomning xotirasini chirqillatishga hech kimning haqqi yo‘q!

Asabiy holatdan hamon o‘ziga ke­lolmayotgan Farruh qo‘lidagi tu­gunni oshxonaga qo‘yish uchun kirib ketdi. Shohruh esa bilib-bil­may qilmoqchi bo‘lgan aybini oshkor etmaslik uchun yugurib ichkari xonaga o‘zini urdi. Tezda cho‘ntagidan medalni olib, qaytarib qutiga solib qo‘ydi. Shundan so‘nggina u o‘zini qushday yengil his qila boshladi.

 

Ulug‘bek MUSTAFO

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.