Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Xaloskor qiz

Bahorning beg‘ubor havosida ko‘k uzra charx urib raqs tushayotgan qaldirg‘och nogahon qanotini kuchsiz silkitib yerga qulab tushdi. Bu mo‘ljalda adashmagan palaxmonli bezori bolaning ishi edi. Ammo u qush qulagan ko‘chada emas, boshqasida bo‘lgani tufayli qaldirg‘ochning qayerga tushganini sezmay qoldi.

Ko‘cha boshida papka osib olgan qizaloq Umidaxon kelayotgan edi. Qaldirg‘ochga 2-3 qadam qolganda qizcha e’tiborsiz o‘tib ketol­madi,  qushning qimirlayotganini ko‘rib yaqi­niga bordi va asta qo‘liga oldi.

–   Bechoraginam, – dedi sekingina va zo‘rg‘a nafas olayotgan qushning patlarini ohista silay boshladi.

Umidaxon qaldirg‘ochni ehtiyotkorlik bilan kaftida ko‘tarib, uyiga olib bordi.

–   Assalomu alaykum, oyijon, buni qarang, bechoraning qanoti yaralanibdi. Juda og‘riyotgandir, – deb achinibgina bir qushga, bir oyisiga najotkorona tikildi.

–   Vaalaykum assalom, shunday shekilli, qizalog‘im! Qayerdan topding? – dedi oyisi.

–   Ko‘chamiz boshida, yo‘l chetida yotgan ekan. Juda rahmim keldi, – dedi biroz xavotirlanib.

–   Yaxshi qilibsan, men hozir dori olib kelaman, – deb oyisi xonaga kirib ketdi va birozdan so‘ng shisha idishchani ko‘tarib chiqdi. So‘ng undan  malham olib qaldirg‘och qanotining yaralangan yeriga avaylab surtib qo‘ydi.

–   Endi tuzaladi-a? – so‘radi qizaloq umidvor ohangda.

–   Ha, biz uni yaxshi parvarish qilsak, albatta tuzaladi! – dedi oyisi qizining boshini silab.

Umidaxon dadasi va oyisining ruxsati bilan xonasidagi o‘yinchoqlar saqlanadigan qutini bo‘shatib, qushchaga joy tayyorladi va oldiga don, suv qo‘ydi. Bu ish Umidaxonning har kungi asosiy vazifasiga aylandi. Ertalab nonushtadan oldin, peshin tushlikdan keyin maktabdan keliboq bemor qaldirg‘ochga suv, non ushoqlari, don qo‘yadigan, oyisi bergan malhamni qanotiga surtadigan g‘amxo‘r qizaloqqa aylandi.

Qizining ona tabiatga oshnoligi, qushga mehribonligini ko‘rgan ota-onasi undan juda mamnun bo‘ldilar. Chunki ular tabiatni asrash, jonzotlarga g‘amxo‘rlik qilish haqida Umidaxonga hikoyalar o‘qib berishar edi-da!

Tez orada qaldirg‘ochning yaralangan qanotlari tuzalib, qizcha berayotgan mehr va ozuqadan kuch-quvvatga to‘ldi.

Oyisi Madina opa qiziga qaldirg‘ochni yana ona tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborishi zarurligini tushuntirdi. Qizaloq qushchaga juda bog‘lanib qolgani bois avvaliga e’tiroz bildirdi:

–   Yo‘q, hali to‘liq tuzalmadi! Uni yana yaralashlari mumkin-ku, oyijon!

–   Lekin uni tutqunlikda ham olib qolish yaxshi emas-da, bolajonim, – dedi onasi.

Umidaxon onasining so‘zlaridan so‘ng qushni asta ushlab, istamaygina deraza oldiga keldi va dedi:

–   Sen mening qanotli jajji do‘stimsan. Garchi sendan ajralishni istamasam ham erkingni cheklashga haqqim yo‘q ekan! Ucha qol, qushcham. Xohlagan paytingda meni ko‘rgani kelishing mumkin. Sen uchun don olib qo‘yaman, albatta! Derazam sen uchun doim ochiq bo‘ladi.

Qizaloq shunday dedi-yu, qaldirg‘ochni qo‘yib yubordi. Qushcha ham minnatdor bo‘lgandek chiy-chiylab, bir-ikki qanot silkidi. So‘ng esa yuqoriga ko‘tarilib, ochiq osmon sari uchib ketdi.

Umidaxon qushcha uchib ketganidan biroz xafa bo‘lsa-da, qilgan ishidan ko‘ngli xotirjam edi.

 

Hamidjon POZILOV,

Qo‘qon universiteti, 4-kurs talabasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.