Sog‘inch
Har yili yozgi ta’tilni buvimnikida o‘tkazaman. Ta’til boshlanishi bilan onam meni qishloqqa, buvimning uyiga keltirib qo‘yardi. Sababi, buvimning o‘g‘li yo‘q edi. Bu haqda kichkinaligimda buvimdan so‘ragandim.
– Bibi, nega sizning ikkitagina bolangiz bor? Zafarning ikkita xolasi, uchta tog‘asi bor. Mening esa faqat bittagina xolam bor.
– O‘g‘illarim bor edi, ammo ular uzoq yashashmadi, – dedi buvim xo‘rsinib, so‘ng chuqur nafas olib davom etdi, – bir emas, uch o‘g‘limni tuproqqa qo‘ydim. Keyin onang, xolang tug‘ildi.
Buvim bilan bog‘liq ajoyib va juda shirin xotiralar bor. Hozir o‘ylab ko‘rsam, o‘sha damlar hayotimning eng go‘zal onlari ekan.
Adashmasam, oktyabr oyi edi. Buvim qo‘shni amakidan hovlining orqasidagi uzumlarni uzib berishni so‘radi. Amaki uzum uzar, men unga yordamlashardim. Tandirxonada gaz plitasidagi qozonga yog‘ solingan edi. Nima uchun esimda yo‘q, tandirxonaga bordim. Gaz plitasi ustida olov yonardi. Yaqinroq borib qarasam, qozonda yog‘ yonyapti. Olov shiftgacha yetgan, devor yonishiga sal qolgandi. Avvaliga, suv sepmoqchi bo‘ldim, ammo battar alangalanishidan qo‘rqdim. Yugurib buvimni chaqirdim: “Bibi! Bibi! Tez chiqing! Oshxona yonyapti!”
Buvim qo‘lida tunuka idish bilan chiqdi.
– Ibi, mani xudo olsin, – dedi u tandirxona tomonga qadamini tezlatar ekan.
Buvimning qo‘lidagi idishni olib eshik yoniga qo‘ydim va uning qo‘lidan tutdim. U qozonning og‘zini yopdi. Devorga osilgan urug‘ va quritilgan ko‘katlar ham yonib ketgandi. Buvim eski chopon bilan olovni o‘chirdi. Atrofga suv sepdi.
– Shuncha yog‘ nobud bo‘ldi, – dedi buvim.
– Endi ishlatib bo‘lmaydimi?
– Yo‘q-da, yog‘ kuyib achchiq bo‘lib ketdi.
Keyin buvim menga pul berib, do‘konga yubordi.
– Yog‘ olib kel, bolam. Sizlarga kartoshka qovurib bermoqchi edim.
Buvim yashaydigan ko‘chada uchta keksa yoshli ayol bor edi. Ular buvimdan anchagina katta bo‘lishsa-da, yaqin dugona edilar. Ta’tilda kelganimda buvim ko‘chaga kam chiqardilar. Menga turli xil ovqatlar, shirinliklar pishirib berardilar. Bir kuni biznikiga buvimning ikki dugonasi kelishdi. Biri yog‘och hassa tutgan, boshiga katta oq ro‘mol o‘ragan, egilib zo‘rg‘a qadam tashlardi. Ikkinchisi past bo‘yli, oriq, qo‘llarini beliga tutib yurardi. Ular kelishganda biz hovlidagi temir so‘ri ustida o‘tirardik.
– Kelin, – deb chaqirdi hassa ushlagan kampir.
– Kelinglar, kelinglar, – deb buvim jilmaygancha ularni kutib oldi.
Kampirlar ham asta karavot ustiga chiqishdi. Buvim ularga choy quyib berdi, qora kishmish solingan likopchani dugonalariga yaqinroq qo‘ydi:
– Olib o‘tiringlar.
– Ko‘chaga kam chiqishingizdan nabirangiz kelganini bildim, – dedi kampirlardan biri.
– Ha, endi shu bilan ovunaman-da, – dedi buvim menga qarab.
– Nima deysiz? – so‘radi oriq kampir.
– “Shu bola bilan ovoraman”, deydi, – dedi baqirib oq ro‘molli kampir, keyin menga qarab, – eshitmaydi hech nimani, kari botil (sheva – qulog‘i og‘ir) bu.
Buvim bilan o‘tgan ba’zi voqealar, kichkinaligim bois, yaxshi esimda qolmagan. Ammo barchasida o‘zgacha ruhiyat bor. Birga ovqat tayyorlaganimiz, sho‘rdanak qovurganimiz, buvim pishirgan xolvaytar, ayniqsa, ta’mi og‘zimda qolgan buxorocha bichak – bularning bari kechagidek yodimda. Yana kechalari osmondagi son-sanoqsiz yulduzlarni tomosha qilganimiz, menga bergan o‘gitlari, aytgan ertaklari, qo‘limdan ushlab ko‘cha aylantirganlari, gulzordan rayhon, hulbo‘y (sheva – yalpiz)lar uzganim, qo‘shnining uyidan buvim uchun o‘sma terganim, dam-badam ko‘z oldimdan o‘taveradi. Shunday lahzalarda men bag‘ri issiq, qalbi qaynoq buvijonimni sog‘inayotganimni his qilaman.
Asilbek Jalolov,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi