Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Najmiddin Kubro yohud ibratli taqdir

(Boshi oʻtgan sonda)

Chingizxon Xorazmning kulini ko‘kka sovirish uchun o‘z o‘g‘illari O‘qtoy va Chig‘atoyni harbiy qo‘shinga bosh qilib jo‘natdi. Ishongan arzandalar Tuyamo‘yin darasida katta qarshilik bilan Jayhunni kechib o‘tishdi. Hazorasp (Xorazmning bosh qal’alaridan biri) ostonasidagi ayovsiz jang ancha davom etdi. Yosh-qari, ayol-u erkak qo‘liga qilich olib, mo‘g‘ullarga qarshi mardonavor kurashdi. Pitnak (Hazoraspga kiraverishdagi qir-adirlik) qirlarida qonga bo‘yalmagan bir qarich ham yer qolmadi. Podshoh otasining qochib ketganini eshitgan o‘rtancha shahzoda Pirshoh sherdek o‘kirgancha dushman sari  ot soldi. U goh o‘ngga, goh chapga zarb bilan qilich urarkan, yovning o‘nlab askarini narigi dunyoga ravona qilardi.

– Og‘aginam Jaloliddin! Qayerdasiz? Agar Siz yonimda bo‘lganingizda, albatta biz zafar qozonur erdik, – deya alam bilan o‘kirardi Pirshoh.

 Kutilmaganda ko‘ksiga kelib sanchilgan o‘q kichik shahzodaning nafasiga nuqta qo‘ydi: Pirshoh shamoldek tezob yelib borayotgan ot ustidan yerga qulab tushdi. U yurt ozodligi uchun shahid bo‘ldi.

Hazoraspdan so‘ng mo‘g‘ul bosqinchilari mo‘r-malaxday Gurganj sari o‘rmalab borardi. Biroq ahvol O‘qtoy va Chig‘atoy o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi. Ular Xorazm saltanati poytaxtini bir hamlada olamiz deb o‘ylashgandi. Chuchvarani xom sanashgan ekan. Mana, yetti oydan buyon mahobatli qal’a atrofida bo‘rilardek gir-gir aylanishdan sira nariga o‘tisholmayapti. Bundan xabar topgan Chingizxon Jaloliddin Manguberdini tuzoqqa tushirish maqsadida ortidan quvlab borishdan bir dam chalg‘ib, butun mulozimlarini yig‘ib kengash qildi. Hech kimdan tuzukroq fikr chiqmagach, Shamsiddin Tusiy Gurganj qal’asining mustahkamligi Shayx Najmiddin Kubroning u yerda barqarorligidan ekanini tushuntirishga urindi:

– Agar shayx shahardan chiqib ketsa, uni qo‘lga olmoq muammo bo‘lmagay. Chunki Xudoga yaqin bu banda kecha-kunduz ibodatda. U o‘z qavmiga zafar tilab duo qilishdan aslo to‘xtamaydi. Biz shaharni qo‘lga olgan taqdirimizda ham ulug‘ shayxning qonini to‘kmoq – katta gunoh bo‘lur. Uning kasri avlodlardan avlodlarga o‘tmasdan qolmas.

Tusiyning bu gapida jon bor deb o‘ylagan Chingizxon Najmiddin Kubroga maktub yozdirdi. U o‘z xatida xoqon unga omonlik bergani va shahardan chiqib ketguniga qadar hujum qilmasdan turishini qayd etdi. Xatni Xuladi no‘yonning qo‘liga tutqazdi.

– Endi sen Xorazm istilosiga qo‘mondon bo‘lursan! O‘qtoy va Chig‘atoy sening itoatingda bo‘lsun! – dedi Chingizxon Gurganj qamali cho‘zilib ketganidan bo‘g‘riqib.

Xulugay no‘yon Xorazmga yeldek uchib keldi. Xoqonning maktubini elchi orqali Najmiddin Kubroga jo‘natdi.

Dushman hukmdorining xati kelib qo‘liga teggach, shayx uni keltirgan elchiga dedi:

– Bu qal’ada mening oilam – yaqinlarim bor. Men ularni tashlab hech qayoqqa ketmayman!

Piri komilning javobini Xulugay no‘yon Chingizxonga yetkazdi. Xoqon keksa shayxning imon-e’tiqodi va xalqiga bo‘lgan sadoqatiga qoyil qoldi. U ikkinchi marta maktub yubordi: “...O‘z ahli oilangizni olib chiqib keting. Biz hujum qilmasdan turgaymiz...”

Kubro xatni olib kelgan elchiga javob qildi:

– Bu yerda ahli oilamdan tashqari birodarlarim ham bor...

Chingiz uchinchi marta maktub yozdirarkan, uni eltib berishni Shamsiddin Tusiyning zimmasiga yukladi. U keksa pirning tilini topsa kerak deb o‘ylagandi.

Shamsiddin Tusiy Gurganjga kelib shayxni xonaqohdan (ulug‘ avliyolar kecha-kunduz toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladigan joy) topdi. U muridlari davrasida “Xub ul-vatan min al-imon” (Vatanni sevmoq iymondandir) hikmatini sharhlab, va’z (ilm-ma’rifatga, pand nasihatga yo‘g‘rilgan nutq, ma’ruza) aytmoqda edi.

Elchi buyuk pirning huzuriga kirib borganida oyoqlari qaltirayotganini his qildi. Tili bazo‘r kalimaga kelib salom bergach, mo‘g‘ul xoqonining maktubini uzatdi. Biroq qo‘llari havoda muallaq qoldi.

– Egangga borib ayt... – shayx g‘ayridin dushman hukmdorga xizmat qilib yurgan Tusiyni nima deb atashga ikkilanib, bir nafas to‘xtab qoldi. “It” demoqchi bo‘ldi. Lekin xonaqohi atrofini bir to‘da itlar sadoqat bilan qo‘riqlashini esladi. Shu bois xoinni “it” deb atashni – haqiqiy itlar uchun haqorat deb bildi. – Butun Xorazm xalqi mening qavmimdur. Men ularni tashlab hech qayoqqa ketmayman!

Shayx qalin qoshlarini ko‘tarib elchiga nafrat bilan boqdi. Uning bir zamonlari “Qirq mulla” bog‘iga kelib, kitobini tasdiqlatolmay ketganini esladi. O‘shanda uning butun vujudini hasad va qasos olovi jizg‘anak qilgan edi. Endi esa murshidi komil (yetuk pir, avliyo) qarshisida nafs va oriyat o‘rtasida ikkilangan kimsaday jiqqa terga botib turibdi.

Shayx undan nigohini uzmadi. Bu qarashlardan Tusiy adoyi tamom bo‘ldi. Uning vujudini g‘alati bir noxushlik chulg‘agandek bo‘ldi. U egilib ta’zim bajo keltirib, chiqib ketishga chog‘lanarkan, bexosdan o‘z qo‘llarini ko‘rib, ho‘ngrab yubordi. Uning butun a’zoyi badaniga moxov illati o‘rlay boshlagan edi.

 

***

Shamsiddin Tusiy oyoqlarini zo‘rg‘a sudraganicha xonaqohni tark etgach, Shayx Najmiddin Kubro uzoq sukutga cho‘mdi. Uning atrofini qurshab turgan muridlari ham boshlarini quyi egganlaricha jim turishardi. Xayol va ichki munozaraning zalvaridanmi yoki maktub keltirgan elchiga bo‘lgan nafratomuz xitoblarning otilmay qolganidanmi, keksa pir qora terga botgandi. Manglayidagi reza-reza ter tomchilari qalin qoshlaridan osmon ko‘ksidan uzilgan yulduzlardek tizzasiga tomib turardi.

U asta boshini ko‘tardi va dunyoning turli o‘lkalaridan saboq olish uchun huzuriga kelib, ilm tolibiga aylangan muridlariga dedi:

– Endi buyog‘iga kunlar murosasiz kechgay. Sizlarga ruxsat, har kim o‘z viloyatiga ketib, boshini omon saqlamoqning chorasini ko‘rsun!

– Siz-chi, hazrat? – deya savol qotdi muridlaridan biri.

– Xorazm – mening tug‘ilib-o‘sgan ona Vatanim! Boshga tashvish tushgan damda onani tashlab ketmoq – nokas o‘g‘ulning ishidur. Men so‘nggi nafasimgacha bu diyor himoyasida sobit turgaymen!

– Ustod, biz sizni tashlab hech qayoqqa ketmaymiz!

– Toki tirik ekanmiz, biz siz birla bir safdamiz!

– Siz neni buyursangiz, biz shuni ado qilurmiz!

– La’nati dushmanga qarshi bir tomchi qonimiz qolguncha kurashajakmiz!

Muridlarining bu xitoblaridan shayxning xufton bo‘lgan dili yorishgandek bo‘ldi. U hassasiga tayanib, ohista o‘rnidan turarkan:

– Barakalla, o‘g‘illarim! Siz chin er kishining so‘zini aytdingiz. Ammo ogoh bo‘­lingizkim, g‘anim birla jang murosasiz bo‘lg‘ay. Mamlakat ozodligi uchun jangda o‘lgan – shahid, o‘ldirgan – g‘oziydur! Buning mukofotini faqat yolg‘iz Parvardigorning o‘zi bergay! Yo – Vatan, yo – sharafli o‘lim!!! – dedi.

– Hazrat, biz so‘fiylarga inson qonini to‘kmoq mumkinmi? – deya kutilmaganda savol berdi hali mo‘ylabi ham sabza urmagan yoshgina o‘smir muridlaridan biri.

Yo‘q, u bu savolni qo‘rquv va hadiklar ichida talmovsiraganidan bermagandi. U ustozi saboqlarida inson zoti yaratilmishlar ichida eng oliy martabalisi ekani haqida ko‘p eshitgan edi. Hatto, olamdagi barcha maxluqot, jumladan, farishtalar ham insonga xizmat qilishi buyurilgani haqida ham ko‘p bora o‘qigan. Shayx odamzod biror bir tirik jonga zarracha ozor yetkazmasligi kerakligi haqida ham ko‘p bora pand-nasihatlar qilgan. “So‘fiy uldurkim, yerda o‘rmalab o‘z rizqini terib yurgan chumolini ham mayda hasharot deya toptab, nobud qilmasligi uchun qadamini hushyorlik birlan bosmog‘i joiz”, degan o‘gitni esa har kuni takrorlardi. Bu yosh murid hozir ana shu saboq borasida tafakkurga g‘arq bo‘lib, bu savolni berib yuborgan edi.

– Bo‘tam, – dedi Najmiddin Kubro unga mehr bilan tikilarkan, – birovning yurtiga bostirib bormoq – baniodamga (odam avlodlari) xos ermas. Osoyishta elning tinchini buzmoq – ya’juj va ma’juj qavmining ishidur. Zero, bundaylarning qonini to‘kmoq har bir Vatan himoyachisiga haloldur.

– Unda menga qilich bering! Men ham bosqinchilarga qarshi jangga kirgaymen! – dedi yosh murid qaddini mardonavor ko‘tarib.

 

                      * * *                         

Shayx tarki odat qildi. Tongga qadar bir nafas orom uyqusiga boshini qo‘ymadi. Odatda u tun bo‘yi tahajjud namozi o‘qib chiqar edi. Bu gal esa muridlari keltirgan qilichni qayroqtosh bilan charxlab chiqdi. Qayroqtoshni qilich dami uzra har bir yuritganida pichirlab duo o‘qir va bosqinchilarga la’natlar aytardi. U nuroniy yetmish olti yoshga kiribdiki, shu paytgacha qo‘liga qilich tugul oddiy pichoq ham olib ko‘rmagan ekan. Ilonning ham, chayonning ham, qarg‘a-yu zag‘chaning ham yashashga haqqi bor, deya birorta jonzotga ozor yetkazishdan o‘zini saqlab kelardi. Endi esa munkillagan mo‘ysafidlik pallasida odam qavmidan bo‘lgan dushman qonini to‘kmoq uchun qilich qayrab o‘tiribdi. Taqdir ishiga hayron.

Saharmardon xo‘rozlar kutilmagan bir bezovtalik bilan qichqira boshladi. Har doim emingina yotadigan itlar iztirob bilan ulimoqda.

Qal’ani birdan “Ur-ho, ur!” sasi tutib ketdi. Bomdod namozini o‘z kulbasida o‘qib bo‘lgach, tasbeh o‘girib o‘tirgan Najmiddin Kubroning diqqatini muridining oldiga kira solib: “Pirim, Xumor Tegin shahar darvozasini xiyonatkorona dushmanga ochib berdi. Yov qo‘pdi!” deya baqirgan ovozi bo‘ldi. Shayx shitob bilan o‘rnidan turdi. Joynamozi yonidan tuni bilan qayrab chiqqan qilichni olib beliga taqdi. Tezda ko‘chaga chiqib, etagini toshga to‘ldirdi.

Gurganj olov ichida qolgandi. Mo‘r-malaxdek dushman vahshiyona qiyqirishib, hamma yoqqa o‘t qo‘yishardi. Shaharning har bir ko‘cha, har bir mahallasida mislsiz jang boshlanib ketdi. Ayol-u erkak, yosh-u qari qo‘liga qurol olib mo‘g‘illar bilan olishar, ammo otliq dushman hamlasiga dosh berish qiyin edi.

Ko‘cha boshiga chiqqanida shayx etagidagi toshlarni yov tomon ota boshladi. U otgan har bitta tosh mo‘ljalga aniq tegar va bosqinchilar boshi gangib yerga yiqilardi.

Etagidagi toshlar tugagach, Najmiddin Kubro beliga bog‘langan qilichni qinidan sug‘urdi. U qal’a devorlari tepasiga chiqish uchun mo‘ljallangan bahaybat zinapoyadan yuqoriga odimlay boshladi. Shijoat bilan oldidan chiqqan g‘anim askarlarini bir zarbada narigi dunyoga jo‘natardi. Bexos ko‘ksiga kamon o‘qi kelib sanchildi. U bir qalqib ketgandek bo‘ldi. Ammo kurashdan to‘xtamadi.

Darvoza tepasida yov askari chingiziylar bayrog‘ini baland ko‘targancha silkib turardi. Uning qarshisiga yetib olguncha keksa shayx o‘nlab dushman askari bilan sherdek olishishga to‘g‘ri keldi.

Darvoza tepasiga yetib kelganida qiyiq ko‘z mo‘g‘ul askari qon emib quturgan tulkidek o‘z tilida allanimalar deb baqirar va o‘z bayrog‘ini baland ko‘targanicha silkirdi. Kubro zarb bilan solgan shamshir uning belini shart ikkiga bo‘lib yubordi.

Yuztuban qulayotgan yovning qo‘lidan bayroqni tortib olgan shayx uning dastagini tizzasiga bir urib sindirdi va: “Xub ul-Vatan min al-imon! Vatanni sevmoq imondandur! Yo – Vatan, yo – sharafli o‘lim!” deya hayqirdi. Uning yo‘lbars o‘kirigiga o‘xshash ovozi butun janggoh uzra taralgandek yangradi.

O‘z bayrog‘ining qulaganini ko‘rib turgan Xulagu no‘yon shayxni mo‘ljallab kamondan o‘q uzdi. Unga qo‘shilib boshqa sarbozlar ham ustma-ust o‘q otishdi. Kubroning paykon sanchilmagan vujudi qolmadi. U chingiziylar bayrog‘ini changallagancha cho‘kkalab qoldi.

Xulagu no‘yon tezda uning qo‘lidan bayroqni olib darvoza tepasiga ilishni buyurdi. Sarbozlar halloslab yugurib qal’a devorlari ustiga chiqishdi. Shayx esa hali tirik, u hanuz “Vatanni sevmoq imondandur! Yo – Vatan, yo – sharafli o‘lim!” deya g‘udranib turardi.  

Bir askar bayroqni tortib olmoqchi bo‘ldi. Kuchi yetmadi. Ikkinchi askar unga yordamlasha boshladi. Baribir foydasi bo‘lmadi. Uchovlon, to‘rtovlon va hatto o‘n nafar bo‘lib tortqilab ko‘rishdi. Kubro esa yovning toptalgan bayrog‘ini qo‘yib yubormadi.     

Vujudi qip-qizil qoniga bo‘yalgan Shayx Najmiddin Kubro harsillab chuqur bir nafas oldi-da, o‘ljasiga tashlangan yarador sherdek so‘nggi kuch bilan qo‘lidagi bayroqni shartta yirtib, ikki pora qildi. So‘ngra sarbozlardan biri urgan qilich zarbidan shilq etib yerga yiqildi.

Saharmardonda boshlangan jang yetti kecha-kunduz davom etdi. Gurganjliklar har bir ko‘cha, har bir mahalla uchun mardonavor qarshilik ko‘rsatishdi. Hatto, shayx xonaqohi atrofida daydib yuradigan itlar ham kurashga chog‘langanini ko‘rib barcha hayratda qoldi. Jonivorlar arslondek bir hamlada yov askarining bo‘g‘zidan olar va jon taslim qilguncha shijoat bilan u yoq-bu yoqqa sudrardi. Kubro hikmatlarini tinglashga kelgan muridlardek xonaqoh gumbazi uzra qo‘nib “g‘u-g‘u”lab o‘tiradigan kabutarlar esa Gurganj osmonida charx urib aylanishdan tinmasdi. Ulug‘ pirdan dars olgan qushlar ham “Xub ul-Vatan min al-imon! Vatanni sevmoq iymondandir! Yo – Vatan, yo – sharafli o‘lim!” deya hayqirishayotgandek edi go‘yo.

(Tamom)

 

Erpoʻlat BAXT

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.