Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qoʻrqma chumchuqcha, yolgʻiz emassan

Mahallamiz  bolalari yoz  bo‘yi  mazza  qilib  cho‘miladigan Gdr (ariqning nomi) ariqning suvi to‘satdan kamayib ketdi. Avji saraton emasmi, kun qizigandan qiziydi. Qilt etgan shabada yo‘q. Hatto, ariq chetidagi sershox tut daraxtlarining barglari ham issiqdan so‘lib, shalvirab qolgan. Sigirlarimizni soyaga olgach, cho‘milgani qishlog‘imiz  etagidan  oqib o‘tadigan  Qiyot ariqqa bordik. Voybo‘, bu yer ham bolalar bilan liq to‘la. Naq plyaj deysiz. Suvga sakrash uchun qulayroq joy qidirib ketayotgandim, kimdir chaqirib qoldi. O‘girilib orqamga qaradim, boshiga  poxol shlyapa kiyib olgan qop-qora bola qulochini  yozib men tomonga  yugurib kelyapti. Tikilib qarab, arang tanidim – sinfdoshim Samandar! Oftobda ko‘p ishlagan, shekilli. Suyunib ketdim, ikki o‘rtoq quchoqlashib ko‘rishdik. Ularning uyi  qishlog‘imizning eng chekkasida (o‘qituvchimiz ta’biri bilan aytganda Kamchatka) bo‘lgani   uchun ta’til  paytlarida kam ko‘rishamiz. Lekin  o‘qish  davrida  uylariga  borib  gilos, o‘rik terishganmiz. Dadasi  ov qilish  uchun  tog‘ga ketganida,  Jasur ikkalamiz  ularnikida  bir necha marta  yotib ham qolganmiz.  Hovlilari  kattakon bog‘ga o‘xshaydi.  Mevali daraxtlarning hamma turidan bor. Uy  atrofi  devor bilan o‘ralmagani  uchun hovli    fermerlarning  dalalariga  ulanib ketgan.  Daraxtga chiqib qarasangiz, Chirchiq daryosi yaltirab  ko‘rinib turadi. Kechalari daryoning shovullashi  baralla eshitiladi, mazza. Lekin to‘qayzorda izg‘igan chiyabo‘rilarning g‘ing­shigani, ukkiningmi yoki boyqushningmi yoqimsiz sayrashi  yurakka  vahima soladi. Ammo  Samandar ulardan qo‘rqmaydi, yoz bo‘yi ukasi ikkalasi hovlida uxlaydi.  Ukasi  Iskandar ham  juda yaxshi bola.

– O‘rtoq, bozor kuni uyimizga kel, ukamning tug‘ilgan kunini nishonlaymiz, – dedi Samandar  suvdan  chiqib  oftobda  isinib yotganimizda.

Men  jon deb rozi bo‘ldim. Yo‘q,  o‘rtog‘imni sog‘inganim uchun  emas, qushlarni ko‘rish uchun. Samandarning  dadasi  qush ishqibozi.  Hovlidagi daraxt shoxlariga  ilingan  katta-kichik qafaslarda rang-barang qushlar  yashaydi.  Ularning  ko‘pchiligi   qishlog‘imizda  uchramaydi. Yakshanbada garchi  mehmonlar kechqurunga taklif qilingan bo‘lsa-da, men  tushdan keyinoq     yangi  ertak kitob ko‘tarib ularnikiga kirib bordim. 

Samandar  hovlidagi  gilos daraxti soyasiga qurilgan  taxta karavotda  dam  olib yotgan ekan. Meni ko‘rib o‘rnidan sakrab turdi.

– O‘ho‘, sovg‘ani  zo‘rini  olib kelibsan-ku, o‘rtoq. Ukam kitob o‘qishni yaxshi ko‘rishini senga aytganmidim. Rosa xursand bo‘ladi. Ayniqsa, ertaklar uning jon-u dili, – dedi qo‘limdagi sovg‘ani olarkan.

– Ukangni  o‘zi qani? – dedim atrofga alanglab.

– Mehmonda. Kechqurun dadam ataylab uni opamnikiga yuborvordilar. Tug‘ilgan kunga syurprizimiz bor, muchal to‘y axir, – ko‘zini qisdi Samandar. – Vaqtliroq kelganing ham yaxshi bo‘ldi. Senga qushlarimni  ko‘rsataman, dadam yaqinda Yangiyo‘ldagi o‘rtog‘idan ikkita gapiradigan to‘ti, bir juft tovus olib kelganlar. Tovuslarga bog‘imizning chekkasida kattakon katak qurib berdik, – dedi  meni daraxtlar  yoniga yetaklab.

Qushlar  qafaslarida  qo‘noqdan qo‘noqqa uchib o‘tib, qo‘shnisi  bilan  bahslashayotganday tinimsiz sayrayapti. Ularga  angrayib borayotib   o‘rik  shoxidagi qafasda  shumshayib  o‘tirgan mittigina  qushni ko‘rib qoldim.  U sayrash uyoqda tursin, atrofga qaramasdi ham. Hayron bo‘lib, qafas yoniga bordim. Rahmim kelib unga tikilib qarasam u – chumchuq, o‘zimizning oddiy potma chumchuq ekan.

– O‘rtoq, bu chumchuqmi? – dedim  Samandarga hayron qarab.

– Chumchuq, o‘rtoq,  yo chumchuqqa o‘xshamayaptimi, hayron   bo‘lyapsan?

– Tavba chumchuqni  ham  qafasda boqadimi? Axir, ular  chiroyli ham,  sayroqi ham bo‘lmasa. Buning ustiga sho‘rliklar  qishlog‘imizda shundoq ham kamayib ketyapti-ku!

– Gaping to‘g‘ri, lekin ular juda chaqqon. Chumchuqlarni shuning uchun yaxshi ko‘raman. Bilsang bog‘imizni  chu­g‘urchuqlar egallab olgan. Ular mening chaqqontoylarimni dalamizdan ham, hov­limizdan ham quvlab yuboryapti. Qara­sam, chumchuqlar chug‘urchuqlardan qo­chib tovuqlarning, tovuslarning  katagiga  kirib olyapti. Men chumchuqlarni ana shu urishqoqlardan asrashga harakat qilyapman. Ularni ko‘paytirmoqchiman. Shu maqsadda ataylab ikkita chumchuqni tutib qafasga   solib qo‘ydim. Lekin sherigi  o‘n kunga ham chidamay   o‘lib qoldi! – yerga qarab xo‘rsindi Samandar.

– Agar tezda qo‘yib yubormasang, bu ham  sherigining  yoniga ketvoradi. Shalpayishini qara. Bilib qo‘y, chumchuqlar  qafasda yasholmaydi. Ular osmonda  mazza qilib uchishni, bog‘, dalalardagi zararli hasharotlarni terib yeyishni xush ko‘rishadi. Yolg‘iz chumchuq qafasda qanday qilib ko‘payadi, – dedim  chumchuqqa rahmim kelib.

– Yashshsholmaydi, ga­pim­ni tasdiqlaganday  gapga  qo‘shildi  qo‘shni qafasdagi to‘ti. Biz kulib yubordik.  Samandar bir  to‘­tiga, bir chum­chuq­qa qaradi. Keyin shart­ta borib, qafas eshikchasini ochdi.  Ovozlardan hushyor tortgan chum­chuq  sekingina “chirq” dedi. Asta boshini ko‘tarib, atrofga boqdi. Qo‘noqdan pastga tushdi. Bizga hurkibgina qaradi. Uni kuzatib turgan  to‘ti yana bidirladi:

– Yashshamaydi, yash­shamay­di...

Chumchuq “Sendan bi­rov so‘­ra­yaptimi?” de­gan­day to‘tiga no­rozi qaradi.  Nimanidir isbot­lamoqchiday qanotlarini qoqdi. Ammo uchmadi, pildirab ke­lib  qafasdan chiqdi, pir etib uchib o‘rik shoxiga qo‘ndi. Shu chog‘ qayerdandir paydo bo‘lgan chumchuq,  “chirq-chirq” deb yongi­nasida   bir-ikki  aylangach  undan  uzoqlashdi. Saman­dar­ning  chumchug‘i  yana bir  kar­ra  qanotlarini silkitib sinovdan o‘tkazdi. Ke­yin “Rostdan ham  ozod­manmi, keta­veray­mi?” degan­dek  biz­ga qaradi. Shu payt narigi tomda turgan chug‘urchuqlar qattiq shang‘illadi. Bundan  hushyor tortgan chumchuqcha havoga ko‘tarildi. U boyagi da’vatkor chumchuq ketidan botishga  shaylanayotgan  quyosh  tomonga  dadil uchib ketdi. “Chug‘urchuqlardan sirayam qo‘rqma, sen yolg‘iz emassan” deb pichirladim  ko‘z yoshlarimni artib.

                                                                                         

Muhabbat  HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.