Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Maqtanchoq burgut

Burgutcha g‘ayrioddiy chiqib qoldi. Daroz bo‘yi, baquvvat panjasi va ko‘rkam savlati bilan boshqa tengqurlaridan yaqqol ajralib turar, buning ustiga uchishda ham uncha-muncha katta yoshli va abjir burgutlarni dog‘da qoldirar edi.

U kunlar o‘tgani sayin ulg‘ayib, qanotlari o‘sib, yanada kuchga to‘ldi. Parvozi ham barchani lol qoldira boshladi. Burgutcha uchish mashqlarida tengqurlari bilan qatnashib, ko‘kdan o‘zini o‘qdek yerga tashlar va bir-ikki qarich qolganda yana havoga ko‘tarilar edi. Buning ortidan keladigan maqtovlar va qarsaklar yomg‘iri yosh burgutvoyga juda xush yoqardi. U sha’niga yog‘dirilgan iliq so‘zlardan havolanib, bundan-da qaltis mashg‘ulotlarga o‘zini urar, ota-onasining: “Sal o‘zingni bosib ol, maqtov eshitaman deb, hadeb o‘zingni o‘tga-cho‘g‘ga uraverishning oqibati yaxshi bo‘lmaydi”, – deb tanbeh berishi ham kor qilmasdi.

Bora-bora uning betakror parvozlariga oddiy holdek qaray boshlashdi, burgutni maqtovchilar soni asta-sekin kamaydi. Uning bir sho‘ng‘ishda ikkita kaklik yoki quyonni ovlashiga ham ko‘pchilik e’tibor bermay qo‘ydi.

Yosh burgut bu holga ko‘nika olmadi: “Hali hech kim qilmagan, hatto, xayoliga ham keltirmagan olamshumul yangilik qilmay turib maqtov eshitishning, mashhur bo‘lishning imkoni yo‘q”, – deb o‘yladi u.

O‘ylab-o‘ylab, oxiri o‘sha imkonni topdi! Ketish oldidan barcha qushlarni yig‘di. Qirrador, eng yuksak qoyaga chiqib, mag‘rur gap boshladi:

– Qushlar saltanatiga salomlar bo‘lsin! – Chug‘ur-chug‘urlab alik olingandan keyin  burgutcha yana davom etdi.

– Barchangizga ma’­lum­ki, tunda osmonni yoritib turuvchi fonusga, ya’ni oymomoga qiziqmaydigan, oq­shom­lari unga tikilib yotmaydigan birorta tirik mavjudot bo‘lmasa kerak.

– Qushlar bir ovozdan uning gaplarini ma’qullashdi:

– To‘g‘ri... To‘g‘ri...

– Men ana o‘sha pishloqni baquvvat pan­jalarim orasiga so­lib, shu yerga olib kelmoqchiman. Shunga nima deysizlar, xaloyiq?!

Burgutvoyning ota-onasi va yana bir-ikki oqsoqol burgutdan tashqari hamma uning fikriga “Qoyil” deb yubordi.

– Barakalla!

– Ofarin!

– Tasanno, aqlingga balli!

– Yasha, ota-o‘g‘il!

Ota-onasi bu maqtanchoqlik g‘irt ahmoqlik ekanligini qancha tushuntirmasin, maqtovga o‘ch yosh burgut o‘z bilganidan qolmadi. Olqish-u qarsaklardan havolanib, oyga qarab yo‘l oldi. Shu-shu, oradan qancha yillar o‘tsa ham hech kim burgutni qaytib ko‘rmadi. Oymomoning har oqshom ko‘kda paydo bo‘lishiga qaraganda, yo burgutvoy hali u yoqlarga yetib bormagan, yoki oyni bir o‘zi ko‘tara olmayotgan bo‘lsa kerak...

 

Jamoliddin QILICH,

Andijon davlat universiteti talabasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.