Maqtov
– Shu qizing juda ishyoqmas bo‘lib o‘syapti-da!
Rixsi xola halinchak uchayotgan Xolidaga imo qildi. Rustam aka xolaning katta o‘g‘li. Shaharda yashaydi. Yozgi ta’til bo‘lgani uchun farzandlari bilan qishloqqa kelishgan.
Qizi Xolida bu yil 8-sinfga o‘tdi. Uzun bo‘yli, nozik, oq sariqdan kelgan, chiroylikkina qiz. Xola shaharga – o‘g‘linikiga borganda Xolidaning erkaligini ko‘rgandi. U maktabdan kela solib xonasiga qamalib olar, deyarli uy ishlariga qarashmasdi. Nima emish, darsi ko‘p, to‘garaklardan ortmasmish. Hamma ishni onasining o‘zi qiladi. Qiz tushmagur tayyor ovqatga chiqadi-yu, yeb-ichib yana xonasiga kirib ketadi. Hatto idishlarni yig‘ishtirmaydi. Bundan norozi xola kelini – Dilbar opaga tanbeh berdi:
– Mana Charos Xolidadan kichik, ammo hamma ishni qiladi. Darsdan kelib ham, bir daqiqa tinmaydi. Maktabdayam a’loga o‘qiydi.
Dilbar opa qizining yonini oldi.
– Charos qishloqlik qiz. Bunday bolalar chayir bo‘ladi. Qolaversa, uyning ishi o‘zimdan ortmaydi. Yoshligida o‘qib-o‘rgansin, oyi.
Rixsi xola qaytib bu haqida so‘z ochmadi. Lekin nabirasining kelajagini o‘ylab o‘g‘liga yozg‘irdi.
– Farzand tarbiyalashda ikkingiz ham adashyapsiz. Haddan ortiq avaylash yaxshilikka olib kelmaydi.
– Keliningizni bilasiz-u, uy yumushlarini hech kimga ishonmaydi. Bolalarning qilgan yumushidan ko‘ngli to‘lmaydi. Chala qiladi, deydi.
– Hech kim onasining qornidan o‘rganib tushmaydi. Bir-ikki o‘xshamaydi. Sekin-asta o‘rganib oladi. Bolani yoshligidan mehnatga o‘rgatish kerak. Ayniqsa, qizlarni.
Rustam aka o‘zini aybdorday sezib, onasining ko‘ziga qarashga botinolmadi.
– Shu yoz siznikida tursin. O‘zingiz yo‘lga solib bersangiz.
– Mayli, keng hovlida akangning bolalari bilan yuradi, zerikmaydi.
Xolida bu gapdan xursand bo‘ldi. Ammo onasi norozi edi. Xolida tixirlik qilavergach, bir haftagina qolishiga ruxsat berdi.
Xolida bir-ikki kun qishloqni aylandi, o‘zi tengi qizlar bilan tanishdi. Ammo hech birining Xolida bilan o‘ynashga vaqti yo‘q. Biram yumushlari ko‘p ekanki, u zerika boshladi. Amakisining oltinchi sinfda o‘qiydigan qizi ham kuni bilan tinmaydi. Tong qorong‘isida turadi. Hovli, ko‘cha supuradi. Kelinoyisi sigir sog‘ib kelguncha nonushta tayyorlaydi. Ovqatdan so‘ng idishlarni yuvadi. Dadasi bilan tomorqaga kiradi. Hecham charchadim, demaydi.
Rixsi buvi Xolidaning kech turib, televizordan bo‘shamaganligini ko‘rib, yoniga o‘tkazib nasihat qildi. Xolida indamay tingladi. Buvisi ish buyursa, “xo‘p” dedi-yu, ammo baribir bajarmadi. Shunda xola Xolidani bir oz o‘z holiga qo‘ydi.
Bir kuni nonushtadan so‘ng hamma dalaga ketdi. Buvisi esa qo‘shni mahallaga mehmonga borishini aytib, Xolidaga uydan chiqmay o‘tirishini tayinladi.
Hamma ketgach Xolida biroz televizor ko‘rdi. Hovliga chiqib halinchak uchdi. Vaqt o‘tishi biram qiyin. U tez-tez ayvonga ilingan soatga qarab qo‘yadi, go‘yo soat millari to‘xtab qolganday. Qorni och qoldi, ammo yolg‘iz bo‘lgani uchun tomog‘idan hech nima o‘tmadi: “Nima qilsa ekan? Kechki payt hammalari daladan charchab keladi. Shunday bo‘lsa-da, tinmaydilar. Supur-sidir, ovqat qil”. Keyin yana buvisi Charosni maqtaydi. Xolida ham buvisidan maqtov eshitishni juda-juda istaydi. Lekin qanday qilib? Charosdan qayeri kam? U ham uddalaydi, qo‘lidan keladi. Maqtov eshitish istagida qo‘liga supurgi oldi. Terlab-pishib hovli supurdi. Nozik, oppoqqina qo‘llari qizarib ketdi. Bir oz dam oldi-da, oshxonaga kirdi. O‘choq boshini tartibga keltirdi. Ish qilgan sari negadir ko‘ngli yorishib, o‘zini yengil his qila boshladi. Ertalab buvisi kelinoyisiga “kechga moshkichiri qiling”, deganini eshitgandi. Ovqatga kerakli masalliqlarni archib, qanday to‘g‘rashni bilmagani uchun tog‘orachaga solib, ustini yopib qo‘ydi. Hovli o‘rtasidagi katta tut tagidagi so‘riga dasturxon solib, piyolalarni to‘nkarib qo‘ydi. Hovliga o‘zgacha fayz kirdi. Xolida yana nimadir qilgisi keldi, lekin ish topolmadi. Kechga yaqin boshida katta dasturxonni ko‘targancha Rixsi xola mehmondorchilikdan keldi. Chinniday supurilgan hovlini ko‘rib:
– Charos keldimi daladan? Ishlari erta tugabdimi? – dedi hayron bo‘lib.
Xolida negadir bu ishlarni “men qildim” deyolmadi. Rixsi xola kiyimlarini almashtirib chiqqach, oshxonaga kirdi, yana nabirasini chaqirdi:
– Charosxon, qanisan, qizim?
Xolida buvisining harakatlarini kuzatib, ko‘ngli allanechuk bo‘lib ketdi. Buvisi kelgandan buyon faqat “Charosxon” deydi. Xolidaga e’tibor bermadi. Xolidaning ikki ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi. Tomog‘i achishdi.
– Ular daladan kelishgani yo‘q.
– Unda bu ishlarni kim qildi? – Rixsi xola sirli jilmayib dedi.
– Men, – Xolidaning ovozi titrab chiqdi.
– Eee, barakalla, ona qizim. O‘zimning aqlli, dono qizimdan o‘rgilay. – Rixsi buvi Xolidaning peshonasidan o‘pib, yelkasiga kafti bilan qoqib qo‘ydi.
– Kel endi ikkimiz ovqat pishiramiz. Sen omborxonadan kartoshka, piyoz olib chiq. Men tomorqadan loviya terib chiqaman.
– Men ovqatga masalliqlarni tayyorlab qo‘yganman. Ovqat qilishni bilmaganim uchun pishira olmadim.
– Barakalla, qizim. Masalliqni tayyorlay bilgan, ovqat pishirishniyam biladi. Ikkimiz boshlagan ishingni oxiriga yetkazamiz. Avval uyga kirib, taxmonning ustidagi ro‘molni ol-da, boshingga o‘ra. O‘choq-tandirning boshida soching yig‘ilgani durust, bolam.
Xolida buvisi aytganday qilib boshiga ro‘mol o‘rab oldi.
– Judayam yarashdi, o‘zimning poshsho qizim.
Rixsi buvi o‘choqqa o‘t yoqdi. Xolida buvisi aytganday qilib, masalliqlarni birin-ketin solib, yaxshilab qovurdi. Buvi va nabira birgalashib moshkichiri pishirishdi.
Kechki payt daladan qaytgan Charos hovli tozaligini ko‘rib, xursand bo‘lib ketdi. Yugurib kelib Xolidani quchoqlab oldi.
– Rahmat senga. Rosa charchab kelgandim. Ishlarimni qachon qilib bitkazaman, deb o‘ylayotgandim.
Xolida entikib ketdi.
Kelinoyisi shosha-pisha ariqchadan qo‘lini yuvdi-yu, oshxonaga kirdi. O‘choqda hali so‘nmagan cho‘g‘ni ko‘rib, qozonni qopqog‘ini ochib ko‘rdi.
– Oyijon, nega urinasiz? Ovqatni o‘zim kelib qilardim-ku.
Rixsi xola ko‘zi bilan Xolidaga imo qildi.
– Ovqatni men emas, Xolida pishirdi.
– Yo‘g‘e? – Kelinoyisi Xolidaga jilmayib qaradi. Qumg‘ondan choy damlayotgan Xolidaning yuzi duv qizardi.
Dasturxon boshida hammalari ovqatni maqtab-maqtab yeyishdi. Ayniqsa, kelinoyisi.
– Xolida onasiga o‘xshab pazanda ekan. Taomlariyam xuddi kelinoyimnikiday mazali. Shaharliklar o‘zi taomga usta bo‘lishadi-da.
Dasturxonga duo o‘qilgach, Charos kosalarni yig‘moqchi bo‘lib qo‘l uzatgandi, Xolida epchillik bilan o‘rnidan turdi.
Muhayyo O‘ROQOVA,
Toshkent viloyati Bekobod tumani 2-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi