Oyogʻim ogʻridi
Oyim bilan qayergadir bormoqchi bo‘lsak, mahallaning boshidagi bekatgacha ancha yayov yurardik. U yerga borguncha oyog‘im og‘rib qolardi. Oyimga “Taksi chaqiraylik” desam, piyoda yurish sog‘liq uchun foyda ekanini aytardi. Oyoqlarni toliqtirib, uzoq masofaga borishning qanday foydasi bor ekan-a? Oyim bilan bozorga borishni juda yomon ko‘raman. Biror nima xarid qilmasak-da, hamma do‘konga bir-bir kirib chiqardik. Og‘ir yuklar bilan bozorni aylanarkanmiz, charchab oyog‘im og‘riydi.
– Oyi, charchadim, – dedim men qo‘limdagi xaltalarni bazo‘r ko‘targancha.
– Yana bitta narsa olamiz-u, ketamiz. Ko‘p qolmaymiz, o‘g‘lim, – dedi onam.
Avtobus bekatida yana oyimga xarxasha qildim: “Taksida borsak, uyimizning oldigacha olib borib qo‘yadi”. Onam esa yuklarimiz og‘ir bo‘lmagani uchun avtobusda borishimizni, pulimiz ham tejalishini aytdi. Avtobus yo‘lga tushdi, biroz yurib svetoforda to‘xtaganida nogironlar aravachasida o‘tirgan odamni ko‘rdim. Yonidagi yo‘lovchiga yo‘lning narigi tomoniga o‘tkazib qo‘yishini iltimos qilayotgandi. Har holda, men uning imo-ishoralaridan buni tushundim. Aravachadagi odam gapirolmasdi, shekilli, nuqul qo‘li bilan narigi tarafni ko‘rsatardi. Oyim ham bu manzarani kuzatib turdi, lekin hech nima demadi. Aravachadagi odamni ko‘rib g‘alati bo‘lib ketdim. Balki, bu odam men va boshqalar kabi yurishni va yugurishni juda xohlayotgandir. Shularni o‘ylab turgandim, oyim turtdi: “Yetib keldik. Tushamiz”. Xayol bilan manzilga qanday yetib qolganimizni sezmabman. Mahallaga kirib borarkanmiz onam: “Ko‘p yurdik. Sen ham charchagandirsan”, – dedi.
– Yo‘q, charchamadim, – dedim beixtiyor va so‘radim. – Oyi, yurolmaslik yomonmi?
– Ha, judayam yomon, – dedi oyim. – Masalan, chanqading, suv ichmoqchisan, lekin oshxonaga borolmaysan. Birovning yordamisiz hech nima qilolmaysan. Hatto, o‘rtoqlaring bilan futbol ham o‘ynolmaysan. Xullas, oyoqlaring ishlamasa, hech nima qilolmaysan. Haligi nogironlar aravachasidagi odamni ko‘rdingmi?
– Ha, ko‘rdim, – boshimni egib javob berdim.
– Sen o‘sha odamdan ko‘ra ancha baxtli ekaningni bilasanmi? U sen va mendek yurishni, bozor aylanib xarid qilishni, ko‘chada piyoda sayr etishni qanchalik xohlashini bilasanmi?
– Endi injiqlik qilmayman. Qancha piyoda yurish kerak bo‘lsa, nolimasdan yuraman, – dedim oyimga. Oyim menga ma’noli qarab qo‘ydilar.
“Yaxshiyam mening oyoqlarim soppa-sog‘”, – dedim eshitilar-eshitilmas.
Asilbek JALOLOV,
O‘zJOKU talabasi