Zanjir
Qoqio‘t erinibgina ko‘zini ochib, olamga shodlanib boqdi. Uning tabassumidan olam ham yorishib ketgandek bo‘ldi, zaminga quvonch va hayrat ko‘zini tikdi. U o‘zini bag‘riga olgan zamin qanday ekan deb, undagi har xil narsani alohida sinchkovlik bilan kuzatdi. So‘ng chor-atrofni, ko‘zi ilg‘ay olgan barcha narsani diqqat ila nigohidan o‘tkaza boshladi. Oradan kunlar o‘tdi. Qoqio‘t bu olamdagi narsalarni ko‘rib bo‘lgach (u shunday deb o‘ylar edi) zerika boshladi. Kunlar bir-biridan uncha farq qilmayotgandek tuyuldi unga. Shunday odatiy kunlarning birida u bir narsani ko‘rdi. Qoqio‘t uning nimaligini yonidagilardan so‘radi. Ular buni “qush” dedilar. Qush deb atalgan jonzotda qoqio‘t hali hech bir hayvonda ko‘rmagan narsa – qanot bor edi (buning ham nima ekanligini yonidagilaridan so‘radi). Ammo, qanot deb ataluvchi bu a’zoning qushga nega kerakligini tushunmadi. Qoqio‘t yangi tanishiga o‘zini zerikishdan asrovchi bir vosita deb, uni alohida qiziqish bilan kuzatdi. Qush yerdan nimadir oldi-yu, pir etib uchib ketdi, zum o‘tmay osmonga ko‘tarildi. Qush bilan birga uning ham nigohlari osmonga ko‘tarildi. Qoqio‘t poyonsiz osmonga boqib hayratdan lol qoldi. Tepasida shunday bepoyon kenglik borligini bilmagan edi. Biror narsani ko‘rmagan yoki u haqida bilmagan bo‘lsangiz, u yo‘q degani emas-ku! Faqat u sizning bilim doirangizdan chetda, xolos. Qoqio‘t osmonga qarar ekan, hozir ko‘rgan qushiga o‘xshash qushlardan ko‘pi bu cheksiz kenglikda erkin parvoz qilib yurganini ko‘rdi. Ularga havas bilan boqib turdi. Hozir shu kengliklar bag‘rida qushlardek parvoz qilib yurishni shu qadar istar ediki, ammo qanday qilib yuksaklikka ko‘tarila olishim mumkin, degan savolga javob topa olmay qiynalardi. Shu payt uning oldiga shamol keldi. Qoqio‘tning osmonga tikilib turganini ko‘rgan shamol uning orzularini oson anglab oldi. Shamol uning atrofida aylanib o‘ziga ergashtirish uchun avray boshladi. “Men seni osmonga olib chiqaman, qo‘llarimda ko‘tarib yuraman”, – dedi. Qoqio‘tni bir zum o‘zi tug‘ilgan zaminni tashlab ketib, noma’lum manzilga borish qo‘rquvi egalladi. Ammo bu sirli manzil uni imlab chaqirayotgandek bo‘ldi. Bu esa unga o‘z xavotirlarini yaxshiroq o‘ylashga imkon bermadi. Qoqio‘t bandidan uzilib, o‘zini shamol ixtiyoriga topshirdi. Shamol uni yuksaklikka ko‘tarib, so‘ng o‘ynab-o‘ynab olislarga uloqtirdi. U o‘zga, notanish manzilga borib tushdi. Bu yerlarni go‘zal atirgullar manzil etgan edi. Mana shu atirgullar esa uning holidan kulishardi.
– Bular doim shamolning so‘zlariga uchishadi. Shamol birpaslik aldovlari bilan ularni ishontiradi. Shunda ular o‘z ixtiyorlarini shamolga berib qo‘yganlarini ham bilmay qoladilar. Shamol esa ularni ko‘kka olib chiqib, so‘ng bir chekkaga uloqtiradi. Qoqio‘t atirgullarning so‘zini tinglab, kulib qo‘ydi. Ular qayerdan ham bilardi yuksaklikka ko‘tarilish quvonchini, baxtini, deb xayolidan o‘tkazdi u.
– Meni shamol uloqtirmadi. O‘zim zaminga tushishni istadim. Chunki men osmonda turib, zaminga bo‘lgan muhabbatim samoda qolish istagidan balandligini anglab yetdim. Balandda turib, kimman, degan savolimga javob topdim, qayerdan keldim va qayerga ketaman, bu mening taqdirim. Yuksaklikka ko‘tarilishim o‘zimni tushunishimga sabab bo‘ldi. Dunyoda ko‘p narsalar bor ekan. Tashqaridan nazar tashlar ekanmiz, ularning anchasi bu hayot uchun nega kerakligini va nimaga yaratilganini tushunmaymiz. Ammo, ularning har biri o‘zaro zanjirdek bog‘langan va har biri bir-biriga juda keraklidir. Men ham shu zanjirning bir halqasi ekanligimni tushunib yetdim. Men zamindan ko‘tarilar ekanman, qachonlardir qaytishim aniq edi. Suv bug‘ bo‘lib ko‘tarilar ekan, yomg‘ir tomchisi bo‘lib, o‘z o‘rniga qaytadi. Suv qancha ko‘p yuqorilasa, o‘z vaznini yo‘qotib, shamol qo‘lida ermakka aylanadi. Suv haqiqiy qudratga yerda erishadi. U zaminga hayot bag‘ishlaydi va o‘zgarishlarga olib keladi. Shamol hech nimani ermak qila olmaydi. Chunki o‘zi hayotning qo‘lida xizmatchi, taqdir sari yetaklovchi bir yo‘lboshchi. Bulutni uchirib ketgan shamol yog‘ishi kerak bo‘lgan joyga eltadi. Suv o‘sha joyda bulutdan yomg‘ir holatiga o‘tib, o‘z o‘rni – zaminga qaytadi va yana bir yangi hayot tug‘ilishiga vosita bo‘ladi. Men osmonga ko‘tarilib yana qaytishim, dunyoga nega kelganimni anglash uchun bir qadam bo‘ldi. Shu qadamni bosishim uchun shamol bir sabab edi, xolos. Taqdirimga o‘z tug‘ilgan joyimdan uzoqroq ketib, o‘sha yerda avlodimni davom ettirish, hayot halqasi uzilib ketmasligini ta’minlash bitilgan.
Unga ikki nuqtani ko‘rsatdilar. Shu sening chegarang. Shunda chegara tushunchasi paydo bo‘ldi. Xuddi uni qamab qo‘yishgandek, o‘zini mahbusdek his eta boshladi. Go‘yo borliqda undan boshqa narsa yo‘qdek. So‘ng “yolg‘izlik” paydo bo‘ldi. Natijada u zerika boshladi. Nega shu chegara bor-a? Meni hamma narsadan ajratib qo‘ydi, yolg‘izlanib qoldim. Birdan “isyon” degan tuyg‘u paydo bo‘ldi. Vaqtlar o‘tdi. Shu chegarada yuraverib soat kunlarga, kunlar esa yillarga aylanib bordi. U esa o‘z chegarasiga ko‘nika boshladi. Shunchalik o‘rgandiki, endi chegara unga bilinmay qo‘ydi. Yo u chegara va muhitga singdi, yoki o‘sha chegara va muhitni o‘ziga singdirdi. Shunda “sabr” paydo bo‘ldi. U sabr bilan kutdi, umid ruhi va aqli barcha chegaralardan-da mukammallashdi.
Rayhonabonu OBLOQULOVA,
Qashqadaryo viloyati Koson tumani 3-maktab 11-sinf