Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Urushning asorati

Yangi o‘quv yili boshlandi. Birinchi dars – fizika. Sinfga o‘quvchilarga notanish yangi o‘qituvchi kirib keldi. O‘qituvchi to‘lachadan kelgan, sochlari jingalak, qora kostyum-shimda edi. U oqsoqlangancha o‘rindiqqa kelib o‘tirdi. O‘quvchilar bilan salomlashdi. Sinfdan sas-sado chiqmadi. Ustoz “uh” tortib qo‘ydi. Ko‘ngli o‘ksidi. U sana va mavzuni yozish uchun doska yoniga bordi. O‘qituvchi nafaqat oqsoq, balki, o‘ng qo‘li ham yo‘q edi. Qo‘lidagi soatga o‘xshash moslamaga bo‘rni joylashtirdi va sanani yozdi. Bolalar unga umuman e’tibor berishmadi. Ustoz o‘quvchilar bilan tanishish maqsadida savol-javob qila boshladi. Ammo bu negadir o‘quvchilarga yoqmadi. O‘qituvchining bundan ko‘ngli o‘ksigan bo‘lsa-da, bildirmadi. Va nihoyat, dars vaqti tugadi. Ustoz o‘quvchilar bilan xayrlashdi. Boyagi holat yana takrorlandi. O‘qituvchi oqsoqlangancha chiqib ketdi. Ustoz chiqib ketishi bilanoq sinfni shovqin-suron qopladi. Bolalar ustozga taqlid qilib uning ustidan kulishardi.

Shu tariqa haftalar o‘tdi. Biroq o‘quv­chilarning o‘qituvchiga bo‘lgan muoma­lasi o‘zgarmadi. Ustozning sabr kosasi to‘ldi. Birinchi partada o‘tirgan Akmalning qog‘oz  samolyotchasini tortib oldi. Akmal esa o‘rnidan sakrab turdi:

– Bering, “samolyot”imni, – jahl aralash baqirdi Akmal.

– Avval salom berish kerak, betarbiya, – dedi-yu asta yelkasini qoqib qo‘ydi. Shu payt Akmal baqirib ketdi:

– Meni urishishga haqqingiz yo‘q. Biz, hatto, ismingizni ham bilmaymiz. Biz uchun “oqsoq”siz, – deb masxara qildi.

O‘qituvchining rangi o‘zgardi, biroq “joyingga o‘tir”, dedi-yu, indamadi.

Baxtga qarshi maktab direktori ham shu yaqin atrofda edi. Akmalning ovozi shu qadar baland edi-ki, u maktab yo‘lagiga ham eshitildi. Direktor “oqsoq” so‘zini eshitishi bilanoq, janjal bo‘layotgan sinfxonaga chopdi. Qarasa, u qo‘rqqan hodisa sodir bo‘lgan ekan: butun sinf o‘qituvchining ustidan kulayotgan edi.

– Bu nima ahvol? – baland ovozda so‘radi direktor. Sinf jim, hech kimdan  sado chiqmasdi. Direktor o‘qituvchiga yuzlandi:

– Rahmatov, siz boravering, bu tarbiya­sizlar bilan o‘zim gaplashaman, – dedi u o‘quvchilar va tik turgan Akmalga qaratib.

– Lekin...(O‘qituvchi gapirmoqchi bo‘ldi)

– Rahmatov, iltimos, atigi 10 daqiqa, – dedi mayin ovozda. Ustoz ma’yusgina sinfdan chiqib ketdi. Direktor gap boshladi:

– Siz ustidan kulayotgan bu inson kim­ligini bilasizmi?

Bolalar bir-biriga qarab qo‘yishdi.

– Bilmasangiz, bilib qo‘ying, bu insonning yoshligi siznikidek rohat-farog‘atda, to‘qchilikda o‘tmagan.  Uning yoshligi ikkinchi jahon urishidan keyingi qora kunlarga to‘g‘ri kelgan. Yozda-ku eplab yashasa bo‘lardi, ammo, qish chillasida jon saqlashning o‘zi bir muammo edi.  Ustozingiz esa shu qahraton qishda, oyog‘ida kalish bilan odam bo‘yi keladigan qorda o‘tin uchun o‘rmonga ketgan. U o‘tin ham faqat o‘zi uchungina emas, uyda sovqotayotgan onasiga edi. Ustozingizning qo‘liga hech e’tibor berdingizmi, uning o‘ng qo‘li yo‘q. Sababi esa o‘sha o‘tin edi. Qor tagidan o‘tin topish oson ish deb o‘ylaysizmi?! O‘qituvchingiz qo‘li va oyog‘i evaziga shu o‘tinlarni topgan. Havo sovuqligidan qo‘li muzlab qolgan bo‘lsa-da, baribir harakat qiladi. U bir  quchoq o‘tin bilan uyiga qaytadi. O‘tinni yoqishadi, uy isigan, ammo, o‘qituvchingizning qo‘l-oyog‘i hech nimani sezmasdi. Uning bir qo‘li va oyog‘ini kesishadi. Endi o‘ylab ko‘ring, sizlar o‘qituvchingizning ko‘nglini og‘ritmadingizmikan? Endi xulosa o‘zingizdan, bir mulohaza qilib ko‘ringlar-chi, – deb xonadan chiqib ketdi direktor. Shunda Sardor degan bola o‘rnidan turib:

– Hoy, Akmal, hammasi seni deb bo‘ldi, ustozning ko‘nglini sen og‘ritding, – deya Akmalga do‘q qildi.

– Bu nima deganing? Bunda seni ham, boshqalarning ham hissasi bor. Nima senlar kulmadinglarmi? – javob qildi Akmal.

Jamshid o‘rnidan turib, doska yoniga bordi va baland ovozda:

– Hammang jim bo‘l! Akmal to‘g‘ri aytadi. Bu ishda barchamiz aybdormiz. Keling, hech bo‘lmaganda hozir aybimizni yuvish uchun birlashaylik. O‘qituvchimiz kelsa, uzr so‘raylik, kelishdikmi? – dedi. Hamma uning gapiga rozi bo‘ldi.

Oradan ikki daqiqalarcha vaqt o‘tdi. O‘qituvchi sinfga oqsoqlangancha kirib keldi. Bolalar eng avval o‘qituvchining qo‘liga qarashdi, rostdan ham uning bir qo‘li yo‘q edi. Ular shuncha payt qanday payqashmaganliklariga hayron qolishdi. Yugurib borib hammalari o‘qituvchisini quchoqlab olishdi. Baravariga kechirim so‘rashdi. Ustozning ko‘zi namlandi va bolalarga qarab shunday dedi:

 – Men sizlarni allaqachon kechirib bo‘lganman.

Oradan ancha vaqt o‘tdi. Bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin hamma fizika o‘qi­tuvchisini hurmat qila bosh­ladi. Yo‘lda ko‘rib qolishsa ham o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salom beradigan bo‘lishdi. Bolalarning sevimli fani fizika, sevimli o‘qituvchisi esa “oqsoq Rahmatov” bo‘lib qoldi.

 

 

Sayyora YAQUBOVA,

Urganch tumani 45-IMI o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.