Saboq
Anvar 7-sinfda o‘qisa ham juda yaxshi insho yoza oladi. U boshqa fanlarda ham o‘zini ko‘rsata olgan. Ustozlari doim uni maqtashadi. Do‘stlaridan yordamini ayamaydigan saxovatli bola. Uning ezgu fazilatlari insholarida ham jonlanganday, go‘yo. So‘zlarni, jumlalarni juda o‘rnida ishlatadi. Hayotiy voqealar bilan yozilgan ijodiy inshosini esa odam hech qo‘lidan qo‘ygisi kelmaydi. Bugun darsda muallim o‘tgan hafta yozilgan insho baholarini e’lon qildi.
– Anvar, bahoying besh. Juda yaxshi yozibsan. Bundan keyin ham bizni lol qoldiradigan insholar yozishda davom etasan, degan umiddaman.
– Rahmat, ustoz.
– Ha, aytgancha, insholaringni ikki-uchta o‘qituvchilarga ko‘rsatgan edim. Ularga ham ma’qul keldi. Endi seni tuman, viloyatda bo‘ladigan insholar tanloviga yubormoqchimiz. Senga qo‘shimcha vazifa – ertaga “Ota-onam – oilamiz ustuni” mavzusida insho yozib kel. Onalarimizning hayotimizda tutgan o‘rni, otalarimizning farzandlari uchun qanday ishlar qilayotganlari haqida yozasan.
– Xo‘p, bo‘ladi, ustoz. Har safargidan ham yaxshiroq yozishga harakat qilaman.
– Barakalla, senga ishonaman.
Muallim boshqa o‘quvchilarning baholarini aytib ularni ham yozgan ishlariga yarasha maqtovlar bilan rag‘batlantirdi.
Anvar juda xursand edi. Ayniqsa, ustozining tanlovlarda qatnashishi haqidagi xabari uni quvontirgandi. Darsdan so‘ng u uyga keldi-da, insho yozishga o‘tirdi. Shu payt birdan do‘stlari chaqirib qoldi.
– Anvar, yur, futbol o‘ynaymiz.
– Insho yozishim kerak, vaqtim yo‘q.
– Yozasan o‘sha inshoni. Endi dars deb biz bilan o‘ynamay qo‘yasanmi? – achchiqlandi do‘stlari. Anvar yo‘q deya olmadi.
– Xo‘p, mayli, hozir chiqaman.
O‘yin shu qadar qizidiki, bolalar kech tushganini ham sezmay qolishdi. Anvar uyga charchab keldi. Ovqatini yedi-yu, xonasiga kirib ketdi. Xayriyatki, do‘stlari kelmasidan oldin uy vazifalarini bajarib qo‘ygani. Lekin insho yozish uning xayolidan butkul ko‘tarilgan edi. Ertalab uyg‘onib, maktabga chopdi. Ustozi bergan vazifa maktab darvozasi oldiga kelganida birdan esiga tushdi.
– Voy, inshoni yozmabman-ku. Ustozga nima deyman? Endi meni tanlovga olishmaydi. Bu haqida oyimga ham aytib qo‘ygandim. Endi nima qilaman... Nega bordim-a shu futbolga? Shu payt xayoliga bir fikr keldi va chopgancha sinf xonasiga kirdi. Sal o‘tmay muallim ham keldi. Darsni boshlashdan avval Anvardan kechagi topshiriqni so‘radi.
– Ustoz, haligi, kecha maktabda darsdan so‘ng hashar bo‘lgan edi. Shunga uyga kech borgandim. Inshoni yozishga ulgurmadim. Hamma bolalar unga bir-bir qarashdi. Ayrimlar yelkasini qisib hayron bo‘lishdi. Muallim ham “Mayli, o‘tiraqol”, – dedi.
Darsdan so‘ng muallim Anvarni yoniga chaqirdi.
– Senga yolg‘on gapirish yarashmas ekan. Men kecha maktabda navbatchi edim. Hech qanday hashar uyushtirilmadi-ku?
Anvar uyalganidan hech narsa deyolmay boshini egdi.
– Sendan juda xafaman. Inshoni yozmaganingga emas, yolg‘on gapirganingga.
– Ustoz, kechiring. Kecha do‘stlarim bilan futbol o‘ynagandik. Uyga kech qaytib, insho yozish yodimdan chiqibdi.
– Nega to‘g‘risini ayta qolmading? Agar rost gapirganingda sendan xafa bo‘lmasdim, aksincha inshoni yozishga yana bir bor imkon berardim. Bilib qo‘y, yolg‘on gapirish eng yomon odat. Agar yolg‘on gapirganingni sinfdoshlaring oldida aytganimda, ularning senga bo‘lgan fikri o‘zgarar edi. Yolg‘on so‘zlash – insonni yaqinlaridan, do‘stlaridan judo qiladi. Yolg‘onchi odamga hech kim ishonmaydi, yordam bermaydi. Yaxshi inson bo‘lishni, ota-onangga rahmatlar olib kelishni istasang, hech qachon yolg‘on gapirma.
– Xo‘p, ustoz, kechiring, boshqa unday qilmayman.
– Xatoyingni tushunganingdan xursandman.
Asila HAYDARALIYEVA,
O‘zbekiston Milliy universiteti
Xorijiy filologiya fakulteti
2-bosqich talabasi