Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Umid

Nozima 4-sinfda o‘qiydi. Uning baholari a’lo, o‘zi ziyrak, aqlli, mehribon odobli qiz.  Negadir boshqa sinfdoshlaridan doimo ajralib yuradi va  biroz ma’yusroq ko‘rinadi. Balki oddiyroq ust-boshi uchundir.

Bir kuni maktabda kelasi haftada 4-sinf otalari o‘rtasida futbol musobaqasi o‘tkazilishi  haqida e’lon berishdi. Butun sinf bolalarining ko‘zlari chaqnab ketdi. O‘g‘il-u qizga bu birdek yoqdi. Faqatgina Nozimaning ko‘zlari ma’yus tortdi. Hatto, qo‘ng‘iroq qilsa zo‘rg‘a gaplashadigan dadasi u uchun bu musobaqaga kelarmikan? Ha, ular dadasi bilan birga yashashmaydi. Aqlini taniganidan beri dadasini onda-sonda ko‘radi. Uning ota-onasi ajrashishgan. Otasining boshqa oilasi, farzandlari bor.

Shu bir haftaning o‘tishi Nozima uchun juda cho‘zilib ketganday bo‘ldi. Sinfdoshlari uning faqatgina mehribon oyisi borligidan, dadasining deyarli yo‘qligidan bexabar. Agar sir ochilib qolsa-chi, shundoq ham uni xushlashmaydi. Butun sinf oldida kulgi bo‘lgan ahvoli ko‘z oldiga kelib, xavotirlana boshladi. Dadasiga tinimsiz qo‘ng‘iroq qildi, behisob qo‘ng‘iroqlardan keyin bazo‘r go‘shakni olgan dadasidan qo‘pol muomaladan boshqa hech qanday javob ololmadi. Oyisi esa yig‘lab, uni mahkam bag‘riga bosdi.

Musobaqa kuni birinchi soatdayoq ustoz hammadan dadasi kelish-kelmasligini so‘rab chiqdi. Kutilganidek, barcha o‘quvchilarning dadasi kelishi ma’lum bo‘ldi. Navbat Nozimaga keldi. U esa sukut qildi. Ustoz ham ortiqcha so‘roq qilmay sinf xonasidan chiqib ketdi. Birozdan so‘ng sinfga maktab direktori, direktor o‘rinbosari va bir necha fan ustozlari birga kirib kelishdi. Ular Nozimaning dadasi muhim xizmat safarida ekanligi uchun kela olmasligini, lekin Nozima qay birlarini tanlasa, dadasining o‘rniga musobaqada qat­nashishlari mumkinligini, mak­tab­dagi eng a’lochi, namunali qizning otasi o‘rnida qatnashish ular uchun faxrligini aytishdi. No­zimaning ko‘zlari yoshga to‘ldi. Quloqlariga ishonmadi.

Shaxsan direktor uning dadasi o‘rnida musobaqada qatnashganiga qaramay, No­zi­maning ko‘zlari darvozada bo‘ldi. Dadasining kelishini umid bilan kutdi...

 

Fotima HASANOVA,

Toshkent Yuksalish maktabi “Jomiy” sinfi o‘quvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.