Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Parvozni istagan baliq

Bir uyda baliq bilan to‘ti boqilar ekan. Xonadon bekasi jonivorlarni juda yaxshi ko‘rar, bolalari esa to‘tiga gapirishni o‘rgatib, akvarium yonida kun bo‘yi baliqni tomosha qilishdan zerikishmas ekan. Kunlarning birida baliq qafasdagi to‘tiga debdi:

–To‘ti, hoy to‘ti!

–Nima deysan, do‘stim?

–Qara, senda ham, menda ham qanot bor. Faqat sen uchasan, men suzaman. Bitta iltimosim bor edi...

–Nima ekan u?

–Meni ham bir marta uchir. Axir sen doim qafasda yashamaysan-ku! Bekamiz va bolalar ham juda yaxshi bo‘lishsa. Kunduzlari qafasing ochiq turadi, uchib yurishingni ko‘rib, senga havasim keladi! – dedi his-hayajon bilan.

–Mayli, ammo sen suvsiz bir on ham yashay olmaysan-ku!

–To‘g‘ri, lekin bir ilojini top... – iltijo qildi baliq.

Ikki do‘st baliq­ning parvozi haqida o‘yga cho‘mdilar.

– Hoy, menga qara! – gap boshladi to‘ti, – gazli ichimliklarning idishiga sig‘asanmi?

–Ha, sig‘aman... Og‘­zidan kira olmayman-da...

Ikkovlon miriqib kuldilar.

Shu payt to‘ti­ning xayo­liga bir fikr keldi. Ancha qidirib, xona burchagidan ye­lim xalta topdi va uni suvga to‘ldirdi. Do‘stining buyrug‘idan so‘ng baliq suv to‘la paket ichiga  sakradi. To‘ti pan­jalari bi­lan paketni mahkam tutgancha xona bo‘ylab parvoz qildi...

Parvoz zavqidan hayrati ortgan baliq do‘stidan moviy osmon ostida sayohat qilishni istayotganini bildirdi.

To‘ti ham do‘stining ko‘nglidan o‘tolmadi. Ular keng samo uzra parvoz qila boshlashdi. Ular qanchalar tepaga ko‘tarilgani  sayin to‘ti xaltani mahkamroq ushlashga tirishardi. Shu dam to‘tining tirnoqlari yelim xaltani teshdi va suv xuddi yomg‘ir singari yog‘a boshladi...

Suvsiz xaltada qolgan baliqning nafasi qaytdi va og‘zini katta-katta ocha boshladi. Nochor ahvolda qolgan do‘stini ko‘rgan to‘ti uning jonini saqlab qolish uchun pastga ucha boshladi. Hovli chetidagi ko‘lmak ularning joniga oro kirdi...

To‘ti qanotlari bilan suvni shaloplatar, quvonchi ichiga sig‘magan baliq esa ko‘lmakda tinmay suzardi...

To‘satdan paydo bo‘lgan mushuk ikkala jonivorni ko‘rgach, xursandligidan ko‘zlari yondi. Tayyor tushlik umidida ular tomon pisib kela boshladi...

To‘ti va baliqning zavqlanishini derazadan kuzatib turgan uy bekasi vaziyatni tushunib yetdi va ularni xavfdan qutqarishga oshiqdi...

Tong otdi. Beka jonivorlarni oziqlantirish uchun xonaga kirdi. Bu vaqtda qafasdagi to‘ti bir nimalar deb sayrar, akvariumdagi baliq esa boshini qimirlatib do‘stining gapini tasdiqlayotgandek edi...

 

Naima ANVAROVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.