Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Jo‘ravoy va qorbobo

Yanvar  oyida  qor mo‘l  yog‘di. Jo‘ravoy akasi bilan hovlida  Qorbola yasadi. Unga sabzidan burun, ko‘mir bo‘laklaridan og‘iz qildi. Boshiga eski chelakni kiygizdi. Hovlida biroz yurgach, sovqota boshladi. Burni, yuzi sovuqdan  qizardi. Oyisi  qancha tayinlamasin, panaga o‘tib qor yedi. Tarnovdan osilgan sumalak – muzni olib yaladi. Qarsillatib tishladi. Keyin uyga yugurdi. Kechqurun  darslarini bajarmoqchi edi, erindi. Televizor tomosha qildi-da, uxlab qoldi.

Hovlida buni ko‘rib turgan Qorbola boshlarini sarak-sarak qildi:

–   Eh, Jo‘ravoy! Issiqqina uyda maza qilib darslaringni  tayyorlamaysanmi?

Kechasi  Jo‘ravoyning issig‘i oshdi, yo‘tala boshladi, boshi qizib, alahladi. Qancha yotdi, bilmaydi ...

Bir mahal eshik ochilib, xonaga  Qorbola kirib keldi.

–   Xo‘sh-xo‘sh, – dedi u boshidagi chelakni olib. – Siz bolalarga qor, muz yeyish mumkin emas-da.  Oying buni tayinlamaganmi?

–  Aytuvdilar, – zo‘rg‘a ming‘irladi  Jo‘ravoy.

–   Kattalarning  aytganini qilish kerak, – ta’kidladi  Qorbola.  – Mana bizga ham  Ayoz bobo  qattiq tayinlagan “olovga yaqin borma, oqar suvga  yaqinlashma” deb.

 Jo‘ravoyning issig‘i oshib, boshi og‘riy  boshlabdi.

–   Men sening o‘rningda bo‘lsam, – dedi Qorbola, – matematikadan  masalalarni yechib, maktabda birinchi o‘rinni olar edim. Adabiyotdan she’rlarni  sharillatib yodlab olardim. Oyingning aytganini qilmading-a? Mana endi kasal bo‘lib o‘tiribsan. Hammaga  tashvish keltirasan. Quloqsiz bola ekansan!

–   Eh, sen bilmaysan-da, – dedi  Jo‘ravoy. – Maktabdagi darslar  rosa jonga teggan-da!

–   Kel bo‘lmasa bunday qilamiz,  – qo‘llarini ishqaladi Qorbola. – Ikkalamiz o‘rin almashamiz. Menga ham  hovlida bir o‘zim turishim yoqmayabdi.

–   Qanday qilib?! – boshini ko‘tardi  Jo‘ravoy.

–   Men sening o‘rningga maktabga  boraman. Sen mening o‘rnimga hovlida turasan, – debdi  Qorbola.

 Jo‘ravoy biroz o‘ylanib qoldi, keyin  rozi bo‘ldi. Dars qilmasa, maktabga  bormasa bo‘ldi-da.

–   Bo‘pti, roziman.

Ikkalasi qo‘l  tashlashdi.

–   Lekin bilib qo‘y, – ogohlantirdi  Qorbola. – Joyingdan qimirlamaysan, uyga kirmaysan. Agar shartni  buzsang, Ayoz bobo qattiq jazolaydi. Muzga aylantirib qo‘yadi.

–   Bo‘pti-bo‘pti, – qo‘l silkidi Jo‘ravoy.  – Dars qilmasam bo‘lgani. Ayniqsa,  o‘qi­tuvchilarning dashnomi shunchalik jonga tegganki ...

Xullas, ikkalasi o‘rin almashishibdi. Jo‘ravoy ertalab hovliga chiqib Qorbolaning joyiga turibdi.  Qorbola  bo‘lsa Jo‘ravoyning kiyimlarini kiyib, sumkasini ko‘tarib maktabga yo‘l olibdi. Bir o‘zi turaverib bezor bo‘lgan,  Qorbola darslarda astoydil harakat  qilib, o‘zini  ko‘rsatibdi. Matematikadan masalalarni yechibdi, adabiyotdan  she’rlar  yodlabdi. Uyga berilgan  vazifalarni bajarib, charchab uxlab qolibdi.

Jo‘ravoy bo‘lsa hovlida bir soat turibdi, ikki soat turibdi. Oxiri   tik turish joniga tegibdi.  Qimirlasa bo‘lmaydi, va’da bergan.  Tik turganicha uxlabdi. Eng yomoni  kechqurun bo‘libdi.  Oyisi  oshxonada shirin palov  damlab, uyga olib kirayotganida qorni ochqab yig‘lab yuboribdi. Ko‘z yoshlari dumalab-dumalab, muz tomchilar bo‘lib yerga tushibdi. Uyga kirmoqchi bo‘libdi-yu, Ayoz bobodan qo‘rqibdi. Axir so‘z bergan-da... Yon-atrofidan ozroq qor olib yebdi.  Ertalabgacha shu holida turibdi. Oyoqlari  uvushib, hammayog‘i muz qotibdi.

“Ertalab Qorbola kelsin, joyimni almashaman”, – deb o‘ylabdi.

Tong payti Qorbola hovliga chiqqan ekan, uni Jo‘ravoy imlab chaqiribdi:

– Hoy Qorbola, buyoqqa kel!

– Ha, nima gap? – debdi Qorbola.

– Bo‘lmas ekan, kel joy-joyimizga qaytamiz, – tishlari takillab zo‘rg‘a gapiribdi Jo‘ravoy.

 – E yo‘q, – boshini silkitibdi  Qorbola. – Maktabga borish maza ekan. Bolalar bilan  o‘ynaysan, qiziqarli kitoblarni o‘qiysan. Bilasanmi, meni sinfda maqtashyabdi. Sinf rahbari menga maqtov yorlig‘i yozmoqchi.

 – To‘xta-to‘xta, – qichqiribdi Jo‘ravoy. – Nima desang aytganingni qilaman. Faqat o‘z joyimizga qaytaylik, iltimos.

 – Unda darslarni o‘z vaqtida qilishing kerak bo‘ladi, – debdi Qorbola ortiga burilib. – Oyingning aytganini ham  bajarishing  kerak.

 – Ha-a-ammasini qilaman, – qichqiribdi Jo‘ravoy.

 – Yo‘q, sen o‘z gapida turmaydigan quloqsiz bolasan, – deb  Qorbola iziga qaytibdi.

– Hammasini qilaman, qilaman, – yig‘labdi  Jo‘ravoy.

 ... Uning ko‘z oldida tumanlar paydo bo‘la boshlabdi.

–   U alahsirayabdi, – debdi kimdir.

Jo‘ravoy  ko‘zini ochsa, boshida  oq qalpog‘i bor doktor amaki uning peshonasini ushlab turganmish.

–   Uy vazifalarni ham, oyimning aytganini ham qilaman, – debdi Jo‘ravoy.

–   Bu yaxshi, – debdi doktor. – Kattalarning aytganini bajarish – bu  yaxshi fazilat. Mana bu dorilarni ichsang, tuzalib maktabga  borasan.

  Jo‘ravoy boshini  ko‘tarib, derazadan tashqariga  qarasa, hovlida  Qorbola unga qo‘l silkib turganmish.

“Issiqqina uyda yotish qanday maza-ya, – debdi u. – Endi sira ham dars qoldirmayman!”.

 

Boborahmat MUHAMMADIYEV,

Samarqand viloyati

Nurobod tumanidagi

57-maktab o‘qituvchisi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.