Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kuchukcha va mushukcha

Ismim Bozorvoy. Berdaq bobomizning tavallud topganiga 175 yil to‘lgan vaqtda tug‘ilganman. Shu bois dadam ismimni Berdaq qo‘ysakmikan deb, buvimga va yaqin qarindosh-urug‘larimizga maslahat solishgan. Lekin aytishlaricha, ismim buvimning xohishi bilan tanlangan.

– Bolam, – debdi u dadamga. – Xudo xohlasa, Berdaq ham, Ajiniyaz ham tug‘ilar. Katta farzandimdan katta nabiram dunyoga keldi... Ilohim ko‘z tegmasin, umri bilan bergan bo‘lsin. Onasini qornidan yerga tushgan kuni bilan nomlay qolaylik, – debdi buvim ko‘zi yoshlanib. Mana o‘shandan buyon Bozorvoyman. Mendan kichiklarning ismi buvim va dadamning xohishiga ko‘ra Ajiniyaz, undan kichigi – Berdaq. Men sakkizinchi, Ajiniyaz yettinchi, Berdaq esa to‘rtinchi sinfda o‘qiydi. Aytmoqchi bo‘lganim bular haqida emas edi. Men yangi yil arafasida oilamizda sodir bo‘lgan g‘aroyib voqeada uchalamizning hissamiz borligini ta’kidlamoqchiman. Oila a’zolarimizdan bo‘lak, tashqaridan kirgandan devorga ilingan chambaraklar, har xil rang va turli o‘lchamdagi sharlar, o‘yinchoqlar bilan  bezatilgan archa... bari-barisi yangi yilni sog‘inib kutayotganlarning hayajonini bildirib turardi. Biz uydamiz, ta’tilda. Faqat oyim bilan dadam ishda – yilning yakuniy hisobotini tayyorlash bilan band. Ishlarini bugun bitirib kelsa kerak. Ertalab ishga ketayotib buvimga bugun hisobotni tugatishini va ishdan keyin yangi yil dasturxoniga zarur narsalarni olib kelishini aytayotgani qulog‘imga chalinuvdi. Ikkalasi yangi yil yarmarkasida uchrashishni ham kelishib olishdi. Buvim tushlikda uchalamiz sevib tanovul qiladigan o‘rik qoqi solingan shovla tayyorlab berdi. So‘ngra bir piyoladan choy ichdik-da, Ajiniyaz ikkalamiz shaxmat o‘ynadik. Keyin esa yaqinda matematika fanidan bo‘ladigan olimpiadaga tayyorgarlik ko‘radigan bo‘ldik. Endigina taxtaga shaxmat donalarini yig‘ayotganimizda Berdaq ko‘chadan yugurib keldi:

– Aka, sizga bir narsa aytmoqchiman...

– Gapir, nima bo‘ldi? – dedi Ajiniyaz Berdaqning hovliqib turganidan xavotirlanib.  

– Kuchukcha...

Ikkalamiz birdaniga kulib yubordik va ukamizning gapiga unchalik e’tibor qilmay, figuralarni tizishda davom etdik. Berdaq avvalgidan ko‘ra tezroq gapirib:

– Kuchuk deyapman-ku, – dedi.

– Xo‘sh, kuchuk. Nima bo‘pti shunga? – dedim unga qayrilib.

– Ketib qoldimi yoki turibdimi-a?

– Unaqa emas, aka, – dedi u biroz arazlagan bo‘lib. – Ikkalangiz ham meni tinglamayabsiz. Hatto eshitgingiz ham kelmayapti. Men sizlardan xafaman. Berdaq xuddi yig‘lab yuborgudek bo‘lib turardi. Men darrov o‘rnimdan turdim-da, uning yoniga kelib:

– O‘gil bola bunaqa yig‘loqi bo‘lmaydi... sabrli bo‘ladi, – dedim. U endi biroz o‘ziga kelib, gapini davom ettirdi:

– Aka, odatdagi kuchukni aytyapman sizlarga, u  “ichkarida”, – dedi.

 Tashqariga chiqar ekanman, hali ko‘zini ochib ulgurmagan olapar kuchukcha yonimga yaqinlashdi. U mungli ingragani sari butun badanim titrab ketardi. Ajiniyaz esa goh menga, goh kuchukchaga qarab angrayib qoldi. Aksincha, Berdaq Ajiniyaz ikkalamizdan kichikroq bo‘lsa ham bizga qaraganda ancha dadilroq gapirdi.

– Mana shu kuchuk hali aytmoqchi bo‘lganim.

Shu orada buvim yonimizga keldi. Kuni bilan ko‘ylak, kostyum-shimlarimizning yirtilgan joylarini mashinada tikib o‘tirgan bo‘lsa ham, shovqinimizdan xabardorga o‘xshaydi. Qo‘lida idish. Kechki ovqatning ta­raddudiga kirishmoqchi bo‘lib, omborxonaga sabzi-piyoz olgani qayrilganicha bizga ohistagina:

– Kuchukchani nima qilasizlar, tashqariga chiqarib yuborasizlarmi? – dedi.

– Yo‘q-yo‘q, aslo! –  dedik baravariga uchchalamiz.

– Buvi, uyda qolsin, – dedi Berdaq dadil gapirib. Itimiz yo‘q edi. Endi bizda ham bo‘ladi. Buvim o‘ylanib:

 – Aytganlaringiz to‘g‘ri. Bilmadim, qani ko‘ringchi, – dedi. Berdaq darrov kuchukchaga qulay joy qidirib ketdi. Kechqurun dadam, oyim ishdan kelgach, Berdaq ularga kuchuk haqida gapirib berdi. Dadam hech qanaqa gap qo‘shmadi. Bu esa unga yoqmaganligining belgisi edi. Kechki ovqatdan so‘ng dadam:

– It boqmaslikka qaror qilgandim. Bilasiz-ku, o‘n yil ichida uch marta har xil it saqladim. Ularning biri kasal bo‘lib o‘ldi, yana biri yo‘qolib qoldi. Tag‘in bu kuchukchaning ham uvoliga qolmaylik, deyman-da. Buvim og‘ir, vazmin holda gapirdi:

– O‘glim, uyga kelgan it zotiga ziyon yetkazib bo‘lmaydi. Boshqa xonadonga emas, biznikiga kelgan baraka, nasibadir balki. Qolaversa, jonli maxluq-ku u.

Dadam birdaniga rozilik bermadi.

– Nima endi, sizga qolsa ko‘chadagi daydi itlarni saqlashimiz kerakmi?

– Menga qara, bolam – dedi buvim. – Daydi bo‘lmay nima qiladi, bechora kuchuk onasidan ayrilgan bo‘lsa. Kuchuk ham mayli, inson bolasi ham... Dadam yana:

– Oyi, odamlar kuchuklarini shunday qo‘yib yuboraversa, bizlarning...

Buvim dadamning gaplarini bo‘lib yubordi:

– O‘g‘lim, yana takrorlayman. Oddiy kuchuk emas, uyga o‘zi kelgan. Uni saqlamasang bo‘lmaydi. Agar yo‘qolib qolsa, unda mayli, ilojimiz yo‘q. Izlab ko‘ramiz. Kuchukcha tirik bo‘lsa, o‘zi qaytib keladi, uyini topadi.  Biroz sukunatdan so‘ng: – Itlarning sang‘ib yurgani ham yaxshi emas. Egasi yo‘q itlar uchun ham qo‘riqxona bo‘larmikan?

Buvim yana ozroq o‘ylanib, “it – vafo”, dedi. U kishining gaplari juda ta’sirli edi. Oyim ham buni ma’qulladi:

– Darhaqiqat, o‘zi kelgan bo‘­lsa saq­lashimiz kerak. Bu­ning ustiga bola­la­rimiz juda xohlayapti. Tarozi pallasining biz turgan tara­fi og‘ir­roq bo‘l­gan­dan so‘ng, dadam hech narsa demasdan narigi xonaga televizor ko‘rgani kirib ketdilar. Yangi yilni yaxshi kutib oldik. Oradan bir necha kun o‘tgach, daydi mushukcha uyimizga kelib qoldi. Bu safar ham buvimning bir og‘iz so‘zi bilan uni asrab oldik.

– Bolalarim, – dedi biroz o‘ylanib, – kuchukcha va mushukcha bizni, ayniqsa, sizlarni izlab kelgani bejiz emas, Xudo xohlasa, rizq-u nasibangiz mo‘l, baxtli-saodatli far­zandlar bo‘­lib voyaga ye­tasiz.

Qisqa vaqtda kuchukcha va mushukchali bo‘ldik. Vaqt o‘tishi bilan kuchugimizning yunglari yaltillagan, quloqlari katta it bo‘ldi. Mushukchamiz esa muloyim, epchilgina mushukka aylandi. U ko‘proq buvimning tizzasida o‘tirar, buvim esa “Mushuk tizzamga o‘tirgandan buyon oyoqlarimning qaqshagani qoldi”, deya boshidan silardilar. Eng muhimi, uyimizdagi sichqonlardan qutulganimiz bo‘ldi. Dastlab kuchukcha va mushukcha bir-birini yoqtirishmadi, keyinchalik o‘rganib ketishdi. Hozir o‘sha kuchuk va mushuksiz uyimizni tasavvur qila olmaymiz. Dadam ertalablari itimiz bilan birga sayr qilib keladi. Hattoki, unga suv, ovqat berganimizni nazorat qiladigan bo‘ldi. Mushukcha ham uning yuziga qarab, ora-orada tizzasiga o‘tirib oladi. Dadam esa o‘zi turib ketmaguncha mushukchaga tegmaydi. Mana shularni o‘ylab, xayol surib qolaman: “Odamzot bilan tabiat bir-biriga doimo muhtoj. O‘zgacha bo‘lishi ham shundan menimcha. O‘rnimdan turib tashqariga chiqaman, atrofga, so‘ngra kichkina bog‘imizga qarayman. U yerda ko‘milgan uzumlar, nok va yana bitta meva bor. U – anjir. Yil davomida meva beradi. Qo‘rg‘onning tashqarisida turgan ikki tup archani hisoblamaganda, 10-15 tup sarvi bo‘yli oqterak, ikki-uch tup o‘rik... barisi allaqachon yaproqlaridan ayrilgan. Lekin havo iligudek bo‘lsa, gullab ketayotgandek tuyuladi. Shuning uchun ularga qayta-qayta qarayveraman. Ularning go‘zalligidan zavqlanib kuchga kirganday bo‘laman. Balki, tabiat jonli va jonsiz bo‘lgani bois odam bilan bir-biriga muhtoj bo‘lar. Shu holatda o‘zim bilan o‘zim xayol surib turganimda, itimiz yugurib kelganicha bizdan ishora kutib erkalanadi. Mushuk esa  yonimda, “bizga nima xizmat” deya so‘rayotgandek bo‘ladi. Gohida kuchuk va mushukning sadoqatini ko‘rib, ularning borligidan behad zavqlaman.

 

Yusupbay ALIMBETOV - O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston yozuvchilar uyushmalari a’zosi

 

Qoraqalpoq tilidan Qoraqalpoq davlat universiteti tayanch doktoranti

Altinay TILEGENOVA tarjima qilgan

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.