Bayram libosi
Yangi yil munosabati bilan maktabda bayram tadbiri o‘tkaziladigan bo‘ldi-yu, ayrim qizlarning fikr-u xayoli o‘sha kuni nima kiyib kelish haqida bo‘lib qoldi.
– Menga yaqinda oyim binafsharang, etaklari parparak ko‘ylak olib berdilar, shuni kiyib kelaman, – dedi Muxlisa ko‘zlari porlab. – Yelkamga zarli girlyand tashlab kelsam, yana ham chiroyli bo‘ladi.
– Men esa... o‘sha kuni sizlarga syurpriz tayyorlayman, hozir aytmayman, – dedi Iroda.
Sinfdagi boshqa qizlar ham ko‘tarinki kayfiyatda bayramga taraddud haqida chug‘urlashib ketishdi. Bir chetda o‘ylanib qolgan Feruzadan sinfdoshlari:
– Sen nega jim bo‘lib qolding? – deb so‘rashdi.
– Ko‘ylak masalasi bir gap bo‘lar, tadbir ssenariysi haqida o‘ylaylik, – dedi Feruza, – axir bu juda muhim-ku.
– E-e, qanaqa ssenariy, archa yasatilgan zalda o‘yin-kulgi, yaxshi qo‘shiqlar, shu bayram-da, – dedi qizlardan biri.
– Yo‘q, bayramni qiziqarli savol-javoblar, topishmoqli o‘yinlar, hajviy sahna ko‘rinishlari bilan boyitish kerak. Kimning uyida o‘qib bo‘lgan kitobi, o‘ynab bo‘lgan o‘yinchog‘i, xullas, sovg‘aga arziydigan buyumlar bo‘lsa, olib kelsin. Ularni chiroyli qilib o‘raymiz, lentalar bilan bezatamiz. Yaxshi savollarni topib kelganlarga ham sovg‘alar beramiz. Ana shunda bayram qiziqarli va esda qoladigan bo‘ladi. Hali bularni musiqa ustozimiz bilan ham maslahatlashamiz.
Feruza tashkiliy ishlarga kirishib ketdi-yu, lekin xayolining bir chekkasini “Bayramga nima kiyaman?” degan savol band qilgandi. Dadasi kasal, oyisining maoshi ro‘zg‘orga arang yetib turibdi. Shunday sharoitda oyisiga yangi ko‘ylak haqida qanday aytadi. Shularni o‘ylagancha biroz kalta bo‘lib qolgan ko‘chalik ko‘ylagini shkafdan olib kiyib ko‘rdi. Yuqori qismi yaxshi, yengi bilan etagiga mos to‘r topib, ulab tikib chiqsa, uni zarlar bilan bezatsa eski ko‘ylak ekanini hech kim bilmaydi. Feruza oyisining igna-ip turadigan qutisini olib ishga kirishib ketdi. Kechqurun ancha paytgacha o‘tirib tikuv mashinasida ishni oxiriga yetkazdi. Qog‘oz kartonning ustiga oq doka yopishtirib, unga zardan yasalgan tayyor qorparchalarni yelimladi. Yaxshiki, oyisining zahira xaltasida ko‘p narsalar topiladi, naq xazina. Ana, tillaqosh ham tayyor bo‘ldi. U ko‘ylakni kiyib, tillaqoshni taqqach ko‘zguga qaradi. Chehrasi yorishib, yuziga tabassum yugurdi. Oyisi to‘g‘ri aytadilar-da “Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir” deb. Qunt qilgan edi, yo‘qdan bor bo‘ldi.
– Bayram libosi tayyor, endi ssenariyni boyitish kerak, – dedi Feruza o‘ziga o‘zi va kitob javonidan zarur kitobni izlay boshladi.
Nihoyat, bayram kuni keldi. Ko‘chalar qor bilan qoplangan, qish izg‘irini hukm surayotgan bo‘lishiga qaramay, odamlarning yelib-yugurishida, bolalarning yuz-ko‘zlarida bayram kayfiyati sezilar, atrofda yangi yil manzarasini aks ettiruvchi ko‘rinish mujassam edi. Ayniqsa, maktab o‘quvchilarining og‘zi qulog‘ida. Shu kuni maktabning tadbirlar zali bolalar bilan liq to‘ldi. Tadbirni musiqa o‘qituvchisi boshlab berdi. Kuy qo‘shiqqa, qo‘shiqlar esa raqsga ulandi. Ajoyib savol-javoblar boshlanganda bolalar yana ham faollashib ketishdi. Tadbir so‘ngida musiqa o‘qituvchisi savollarni tuzishda astoydil harakat qilgan Feruzaga homiylar taqdim etgan sovg‘a – kitoblar jamlanmasini topshirdi. Sahnaga chiqib o‘z sovg‘asini olayotgan Feruzaning ko‘ylagi va tillaqoshi o‘ziga juda yarashib turardi. Unga hammaning havasi keldi.
Zahro HASANOVA