Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Cho‘ntakdagi “do‘st”

Hammasi Jamshid chorakni faqat a’lo baholarga yakunlagan kundan boshlandi. Otasi shaxsiy kompyuterida elektron jurnalga o‘zining login va paroli bilan kirib o‘g‘lining  fanlarni faqat a’loga yopganidan juda sevindi. Qolaversa, onasi ham ota-onalar majlisidan og‘zi qulog‘ida bo‘lib  qaytdi. Axir ko‘pchilik orasida  farzandi haqida yaxshi gap eshitgan qaysi ota-ona sevinmaydi?!

– Dadajon, endi va’dangizni bajarasizmi? – dedi Jamshid kechki ovqatdan so‘ng.

– Qanaqa va’da? – dedi otasi hayron bo‘lib.

– O‘zingiz “a’lochi bo‘lsang, aytgan  narsangni olib beraman” degan edingiz. Menga telefon olib bering. Internet orqali test ishlayman, ma’lumot olaman, til o‘rganaman.  Ko‘proq bilim olishga harakat qilaman. Hamma o‘rtoqlarimda telefon bor, – dedi biroz xijolat bo‘lib.

– Mayli, faqat maktabga olib bormaysan, chunki uyimiz yaqin. O‘yinlarga kirib, darslaring susayib ketsa, bilib qo‘y, olib qo‘yaman, – dedi otasi avvaldan ogohlantirib.

Oradan bir hafta o‘tib, Jamshid orzu qilgan quticha qo‘liga tegdi. G‘iloflari ham chiroyli ekan, xuddi o‘zi orzu qilgandek. U telefoniga “Janob” deb nom qo‘ydi. Shunday do‘stlashib ketdiki, bir haftada qaysi a’zosi qayerda joylashganligini darrov topa oladigan bo‘ldi. Dadasi  unga kuniga ko‘pi bilan ikki soat foydalanishga ruxsat bergandi.

–   Ota-onang ishda, nima qilasan futbolga borib? Menda zo‘r o‘yin bor, uyga vazifalaringning ham javobi tayyor. Qiynalib boshingni qotirishga hojat yo‘q, – dedi dars tayyorlab o‘tirganini ko‘rgan Janob. 

Jamshid  yarim soat o‘tar-o‘tmas hamma topshiriqlarni bajarib bo‘ldi. Maktabdagi darslari soat 13:15 da boshlanadi. Ungacha ancha vaqti bor. Jamshid do‘sti Janobning aytganini qilib, o‘yinlar fayliga kirdi. Bir-ikki yutganidan keyin  shu darajada qiziqib ketdiki, oshxonani yig‘ishtirishni ham, tushlik qilishni ham unutdi. Yangi do‘sti – Janobdan  ayrilgisi kelmasdi.

Shunday kunlarning birida Janobning maktabga borgisi kelib qoldi.

– Dadam ruxsat bermaganlar, olib borolmayman, – dedi  Jamshid.

– Sumkangda yoki partaning ostida odobli bo‘lib o‘tiraman, darslarda yordam beraman, bolalarga ham meni  maqtaysan, – dedi u yalingan bo‘lib. 

O‘sha kuni fizikadan yozma ish edi. Janob Jamshidning issiqqina cho‘ntagida maktabga yo‘l oldi. Bolalar bir zumda uni qo‘lma-qo‘l qilib tomosha qilishdi. Janobga ham, Jamshidga ham  o‘rtoqlarining havasi keldi. Birozdan keyin dars boshlandi. O‘qituvchi  partalarga oq qog‘ozga yozilgan topshiriqlarni tarqatib chiqdi. Janobning yordamida qahramonimiz hammadan avval vazifalarni bajarib bo‘ldi. Hatto yonidagi do‘stlariga ham yordamlashib yubordi. 

– Bugungi yutug‘ing bilan tabriklayman.  Meni o‘rtoqlaring bilan tanishtirganing uchun senga yangi o‘yin sovg‘a qilaman, – dedi Janob uyga qaytgach.

– Dadam bilib qolsalar, jahllari chiqadi, seni maktabga doim olib borolmayman. Uy yumushlarini bajarmayotganim sabab oyim dadamga shikoyat qilmoqchilar, chunki ko‘p vaqtimni senga sarflayapman, – dedi Jamshid.

– Ular uyda vaqtida sen menga e’tiborsiz bo‘l, ishga ketishganida, uxlashganida birga bo‘lamiz, kravatingda yotib o‘ynayverasan,  – deb taklif qildi Janob.

Jamshid matematika, ingliz tili,  geografiya fanlaridan olingan yozma ishlarni ham a’loga yozdi. Hamma ishlar yaxshi ketayotgan edi. O‘sha kuni fizika ustozi Qosim aka:

– Orangizda bitta o‘quvchigina berilgan topshiriqning hammasini to‘g‘ri va aniq bajargan. Masalaning javobini biz hali o‘rganmagan usulda topibdi. Men unga summativ baholash bo‘yicha 50 ball qo‘ydim. Qani, Jamshid,  yozuv taxtasida masalaning javobini qanday topganingni tushuntirib ber, - deya ustoz uni o‘rnidan turg‘azdi.

Negadir Jamshidning oyoqlari qaltirab ketdi. Yozuv taxtasi oldida nima yozishni bilmay turar ekan, ustozining qo‘lida parta ostidan olingan Janobni ko‘rdi.

–   Seni iqtidorli o‘quvchi deb o‘ylagandim, adashibman. Bu chorak  yaxshi o‘qimading. Yozma ish javoblarini internetdan ko‘chirib berganingni aniqladim. Telefoningni sinf rahbaringdan olasan, – dedi ustoz Janobni tortmasiga solar ekan.

Bu gaplarni eshitgan Jamshidning yuziga qizillik yugurdi, biroq gapirishga so‘z topolmadi.

Keyingi dars jismoniy tarbiya fani edi. Bu fanda chalg‘ib, biroz kayfiyatini ko‘tarmoqchi  edi, aksi bo‘ldi.

–   Futbol to‘garagiga qatnashayotgan o‘quvchilardan eng kuchlilari ta’tilda bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda ishtirok etadilar.  Jamshid, keyingi paytlarda to‘garakka kelmay qo‘yganing uchun seni yozmadim, – dedi ustoz  ishtirokchilar ro‘yxati bilan tanishtirgach. Musobaqada qatnashmaslik Jamshid uchun juda katta muvaffaqiyatsizlik edi.

Biologiya darsidagi voqea hammasidan o‘tib tushdi. O‘quvchilar  bo‘ylariga qarab vaznlari qancha bo‘lishini aniqlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulot o‘tkazdilar. Jamshidning vazni bo‘yiga nisbatan og‘irroq chiqdi, chunki qahramonimiz Janob bilan do‘stlashgach, ancha kamharakat bo‘lib qolgandi. 

–   Jamshid tunda ham ovqat yeyapti, og‘irlik bo‘yicha rekord o‘rnatmoqchi, – dedi bolalardan biri. Sinfda yengilgina kulgu ko‘tarildi. Bu uning bugungi uchinchi zarbasi edi.

Darsdan so‘ng sinf rahbarining oldiga kirganida onasining telefonda aytgan gaplarini eshitdi:

– Ustozi, bizni kechiring, o‘g‘limizga e’tiborsiz bo‘libmiz. Telefondan kerakli maqsad­larda foydalanish uchun olib bergandik, afsus. O‘g‘lim bugundan boshlab uni tutmaydi, sizga so‘z beraman. Ko‘zining qizarib yurishini telefondan emas, ko‘p kitob o‘qiyotganidan deb o‘ylabman.  Albatta, ko‘z shifokoriga ko‘rsataman.

U onasining qolgan gaplarini eshitmadi.

–   Senga ishongan edim. Meni uyaltirding. Qachongacha o‘zing­ni yolg‘on biliming bilan al­dab yurmoqchi­san? Sen hali undan foydala­nishga ruhan tayyor emas ekansan, kim senga sovg‘a qilgan bo‘lsa, shu odamga  qaytarib ber,  – deya ustozi unga Janobni tutqazdi.

Jamshid uyga ketib borar ekan, bo‘lgan ishlarni otasiga  qanday tushuntirish haqida o‘ylardi.  Cho‘ntagidagi “do‘sti” Janob uning qalbida kechayotgan iztiroblarni umuman his qilmasdi.     

 

            Gulchehra SHERMATOVA 

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.