Antiqa bitim
Bugun yig‘ilish cho‘zilib ishdan kechroq kelsam, o‘n yashar o‘g‘lim mollarga yem beribdi, sug‘oribdi. Bu gal tayinlamasam ham o‘yinga chalg‘imay o‘zidan bilib ish qilganiga quvondim. Maqtab qo‘ydim. Har kuni ayta-ayta zo‘rg‘a qildiradigan ishlarimni, sekin-sekin o‘zidan bilib qilsa yaxshi-ku. Peshinga yaqin kungura pechning kulini olib tashqariga chiqarib keldi. Saksovul, ko‘mir kiritib o‘t yoqa boshladi.
– Aylanay, dastyor o‘g‘limdan. Baraka top. Qanday ovqat qilib beray? – dedim mehrim iyib.
– Manti. O‘zim qarashaman.
Aytganiday, mantini ham tugishdi. Ovqatni yeb ham bo‘ldik. Bir payt xonadan chiqsam qo‘lida supurgi bilan mehmonxonaga kirib ketayotgan ekan.
– Nima qilyapsan? – dedim hayron qolib. Chunki u hech qachon bunday ish qilmas, odatda bu vaqtda yo televizor ko‘rar, yo kitob o‘qir, yo rasm chizib o‘tirardi.
– Boya qog‘oz-qaychi bilan ishlagandim. O‘zim yig‘ishtirib qo‘yay deyapman, – deb kirib ketdi.
Ha, ko‘zim tushgandi. Kitoblari, rasm daftari yonida har xil qalamlar, qog‘oz qiyqimlari tartibsiz sochilgan, portfeli qiyshayib, o‘quv qurollari to‘zg‘ib yotgandi. Odatda ijodkorlikka moyil o‘g‘il bolalar o‘ta intizomli bo‘lishmaydi. Har kuni tayinlasam ham “xo‘p”, deydi-yu, naridan beri yig‘ishtirgan bo‘lib ketaverardi. Mana bugun esa... Katta bo‘lyapti, shekilli. Biroz vaqt o‘tdi. Undan darak yo‘q.
Bir-ikki chaqirsam kelmadi. Izlab chiqsam terlab-pishib hammomni tozalab yuvyapti.
– Eshitmabman chaqirganingizni. Ishlarimni tugatay, boraman.
Tavba, bu bolaga nimalar bo‘lyapti? Kunduzi maqtab qo‘yganimga shunchalar ruhlandimikan?
– Charchab qolasan, o‘g‘lim, damingni ol.
– Xo‘p, hozir.
Yana bir aylanib chiqsam, ikkita ko‘ylagini ko‘tarib kelib qoldi.
– Ertaga maktab. Oq ko‘ylaklarimni yuvdim, oyi.
– Opangga aytsang yuvardi-ku! Sen bola bugun meni juda hayron qoldiryapsan-da! Kutilmaganda qaydan shuncha g‘ayrat endi?!
– Ey, opam bilan shartlashganmiz, – dedi sirli ohangda.
– Qanaqa shart?
– U menga kechqurun beshta ish buyurdi. Shundan uchtasini qildim. Yana ikkitasi qoldi.
– Xo‘sh?
– Shu ikkita ishni ham qilsam, opam menga ingliz tilidan bir soat dars o‘tib beradilar.
– Ana xolos! Gap bu yoqda ekan-da!
Mug‘ombir opajoni ukasining ingliz tiliga qiziqishini bilib o‘zining zimmasidagi yumushlarni ham bunga yuklagan ekan-da! Qoyil! Bir o‘q bilan ikkita, e yo‘q, undan ham ko‘p quyon otibdi bu qiz. Ham o‘z zimmasidagi yumushlarni bajartirib olyapti, ham ukasini mehnatga o‘rgatyapti. Yana ukasiga bilim berish asnosida ingliz tili kursida o‘rganganlarini mustahkamlab olyapti. Ana, ukasining jon-jahdi bilan berilib ish qilayotganini ko‘ring! Chunki eng qiziqqan, eng xohlagan, eng yaxshi ko‘rgan fanidan dars olish uning uchun juda maroqli tuyiladi. Opasining esa mashg‘ulotni shunchaki tekin o‘tgisi yo‘q. O‘rgansa arziydigan usul ekanmi? Nega shu paytgacha mening xayolimga kelmagan ekan-a, bunaqa samarali metod, – deb o‘yladim-u savolimga darrov javob topdim.
Onalar farzandini shartsiz sevadi.
Onalar farzandiga tamasiz g‘amxo‘rlik, fidoyilik qiladi. Onalar farzandiga xolis, beminnat xizmat qiladi. Shuning uchun ham bu kabi antiqa bitimlar xayoliga kelmaydi. Lekin nima bo‘lganda ham, qizim ukasini ishga solibdi.
Salomat ESHIMBETOVA,
Beruniy tumani, 47-maktab o‘qituvchisi