Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Aka-uka siri

Zoir rasm chizishni juda yaxshi ko‘radi. Bo‘sh qoldi deguncha duch kelgan joyga – devorgami, kitobgami chizib tashlayveradi. Biroq negadir uni qadrlashmaydi, aksincha, koyishgani-koyishgan.

Ana shu “rassom” Zoirning o‘zidan bir sinf pastda o‘qiydigan ukasi Zokir maktabdan yig‘lab keldi.

– Nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan? Birortasi xafa qilgan bo‘lsa ayt,  borib bir ta’zirini berib qo‘yay! – mushtini tugdi Zoir o‘rnidan irg‘ib turarkan.

– Siz xafa qildingiz. Hammasi sizni deb bo‘lyapti. Mana, mana bu darslikni qarang, – Zokir portfelidan muqovasidan qanday darslik ekanligini bilib bo‘lmaydigan kitobni chiqarib stolga tashladi. – Shu “makulatura” dagi 21-mashqni bajarishim kerak. Bu kitobni olmayman, uni qanday qilib o‘qiyman desam, bunisini akangdan so‘raysan, deyishdi. Shu darslikni o‘tgan yili siz tutgan ekansiz, – qattiqroq hiqilladi Zokir. – Shundan keyin nima qilishim kerak, yig‘lamasdan. Tag‘in opamiz “Ertaga sendan so‘rayman” deb qoldilar.

Zoir “Ona tili” kitobini qo‘liga oldi-yu, qizarib ketdi.

– Kitoblarni maktab fondiga o‘tkazishni kim o‘ylab chiqardi o‘zi! Sen landovur bo‘shashmay boshqasiga almashtirib olsang-ku...

– Maktabda sizdaqalar bittami?! Bu yil bizga berishgan juda ko‘p darsliklarning ahvoli shu. O‘zingizdan boshqani o‘ylamagansiz-da. Yanagi yil bu darsliklardan hech kim foydalana olmaydi. Makulaturaga o‘tkazib yuborishadi. Darsliklar besh emas, ikki yilga arang yaragan bo‘ladi shunda.

– Senga nima? Namuncha kuyib-pishasan, yangisini olib kelishadi.

– Agar shu kitob besh yil umr ko‘rsa, uning puliga kutubxonaga yangi badiiy kitoblarni ko‘proq keltirishgan bo‘larkan, sinf rahbarimiz shunday dedilar. Yana, Zoirdaqalarni boplab jazolash kerak, deb ham deb qo‘ydilar.

– Ovozingni o‘chir­­ma­sang, kal­­tak ye­y­san. In­da­ma­sam aql o‘r­­ga­tadi-ya, un­dan ko‘ra chi­qib choyingni ich!

Zoir uka­sini chi­qa­rib yu­bor­gach, o‘y­­la­­nib qol­di. Ke­yin bir qa­­­ror­­­ga kel­­di she­kil­­li, sto­­li tort­masi­­dan ye­­­lim, o‘­chir­­g‘ich, kar­­­ton qo­­­­g‘­oz, qay­­­­­chi oldi-yu ish­­­­ga tu­­­­tin­­di. U yarim kechagacha o‘ti­rib, darslikdagi rasmlarni o‘chirib chiqdi. Ustiga karton qog‘oz yopishtirib, yirtilgan joylarini yamadi. Kitobni sal epga keltirgach, bir oz yengil tortib, “fizika” kitobini qo‘lga oldi. Uni varaqlarkan, yana ta’bi xira bo‘ldi. 49-paragraf ustiga maymun bilan bo‘taloqning suratini o‘xshatib chizib qo‘ygan ekan. Nazarida o‘zi zavq bilan chizgan maymuni endi uni mazax qilayotganday ko‘rindi-yu, kitobni shartta yopti. Ko‘z oldiga yana ukasining yig‘lab turgan qiyofasi keldi. Quloqlari ostida maktab sardori Nodir Qurbonovning tanbehli ovozi eshitildi. U ko‘zlarini chirt yumib, quloqlarini qo‘llari bilan berkitdi...

Zoir ertalab maktabga otlanayotganda ukasi Zokir jimgina kelib, uni quchoqlab oldi. Zoir yayrab ketdi.       

 

Muhabbat HAMIDOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.