Tabiat qo‘riqchilari
Mo‘min amaki keksalik nafaqasiga chiqishi bilanoq baliq ovlashni o‘ziga odat qilib oldi. U har safar yirik baliqlarni oshxona yonidagi sirli idishga tashlab, maydalarini tovuqlariga berardi va ularning talashib-tortishib xo‘rak cho‘qishlarini zavq-shavq bilan tomosha qilishni juda xush ko‘rardi. O‘ng yon qo‘shnilari Mo‘min amakining bu ishi tabiatga zarar ekanligini Alijon to‘satdan bilib qoldi. O‘sha kuni kechki payt teshasini so‘rab uning hovlisiga kirganida, amaki molxonasi ortida, tomorqasi chetida joylashgan, girdi simto‘r bilan o‘ralgan tovuqxonasi biqinida Ulash muallim bilan tortishib turgan ekan. Mo‘min amakining qo‘lida mayda baliqchalarga to‘la kichikroq yelim idish, qaysarlik bilan o‘z gapini ma’qullashga urinardi. Ular yoniga borishga istihola qilib, beriroqda to‘xtagan Alijonning dastlab qulog‘iga chalingani shu bo‘ldiki, har kuni baliqqa to‘yingan tovuqlarning tuxumi va eti foydali vitaminlarga juda boy bo‘larkan. Bu gapdan Ulash muallimning ensasi qotib, baliqchi amaki o‘zining nojo‘ya xatti-harakatlari bilan ona tabiatga o‘ta jiddiy zarar yetkazayotganini aytib, bunaqada kattalashib, o‘z-o‘zidan ko‘payishi lozim bo‘lgan baliqchalar borgan sari kamayib, erta bir kun anhorda baliqlardan asar ham qolmasligini jon kuydirib anglatishga urindi. Bu gapdan Alijonning yuragi shuvillab, tabiatga ichi tuz sepganday achishdi, Mo‘min amaki deganlari esa pinagini ham buzmadi.
– Ona tabiating bilan necha pullik ishim bor, – dedi charslanib. – Menga desa eskirgan to‘n singari chok-chokidan so‘kilib ketmaydimi. Men buguni bilan yashaydigan odamman!
O‘sha lahzadan boshlab Alijon ona tabiatning chinakam jonkuyariga aylandi. Tovuqlarga yem bo‘layotgan baliqchalar joniga ora kirish yo‘llarini qidira ketdi. Biladiki, bu haqda Mo‘min amakiga gapirishdan biron naf yo‘q, Ulash muallimning gapini qulog‘iga olmagan odam, bu yil kuzakda uchinchi sinfga boradigan Alijonning so‘zini tinglarmidi. Xayriyatki bola yolg‘iz emasdi, qavatida ikki do‘sti – Akbar va O‘lmas bor. Alijon o‘sha kuni kechdayoq bo‘lgan voqeani do‘stlariga aytib, ular yuragiga o‘t yoqishga ulgurgandi. Bolalar amakidan ko‘ra, go‘yo bariga parrandalari aybdorday, yeb to‘ymas tovuqlarini yomon ko‘rib qolishgandi. Ertasiyoq ushbu qarorga kelishdi: “Tovuqlarni yo‘qotish kerak!” Lekin qanday qilib? Bir chetida xom g‘ishtdan ko‘tarilgan katta katak qo‘nqayib turgan simto‘r tovuqxonada parrandalar bitta yoki ikkita bo‘lsa ekan, shartta so‘yib tashlashsa. Boz ustiga, bu ishga hali juda yoshlik qilishadi.
Xo‘sh, unda nima qilish kerak?
Savoldan boshlari qotgan do‘stlar ovul chetidagi do‘ngda tizzalarini quchib, o‘yga cho‘mib o‘tirishardi. Bir payt Alijon kunbotishdagi enli soylikka tikilgancha, xuddi o‘ta murakkab masalaning yechimini topgandek, bexosdan tanglayini taqillatib qoldi. U ko‘z tikkan soylik o‘zani ovuldan uch yuz metrcha naridan boshlanib, seryantoq yalanglikni tik kesgancha, bir yarim chaqirimcha uzoqlikdagi ulkan jarlikka borib tutashar edi. Jarlik esa goh kengayib, goh torayib, ilang-bilang qilgancha ufqqa tutash qirlar bag‘riga singib ketgandi. Bu xil manzaralarni kunda ko‘rib yurgan bolalar uchun ularning hech bir qiziq joyi yo‘q edi. Shuning uchun jo‘ralari Alijonga ajablanib qarab qo‘yishdi. Bu orada u tag‘in tanglay taqillatdi, bir emas, ikki marta. Bejizga emas, sababi, Mo‘min amakining tomorqasi yantoqzor yalanglikka tutashligi hamda soylikka yaqinligiga avvalgidek bo‘lakcha e’tibor bilan nazar tashlar ekan, to‘satdan miyasiga tovuqlarni soylikka haydab, jar tomonga tirqiratib quvish fikri kelgandi. Amakining uy-joyi ovuldagi barcha uylar kabi devor bilan o‘ralmaganligi uchun bu ishni uddalash qiyin emasdi. Albatta, bu masalaning yaxshi tomoni, chatoq jihati shundaki, xatti-harakatlari qo‘shnilar ko‘ziga chalinmasdan qolmasdi. Ammo do‘stlar bolaligiga borib, masalaning boshqa tomonini o‘ylab o‘tirishmadi. O‘y-xayollari tabiat hamda uning jonzotlarini asrash bilan band bo‘lgani uchun qilayotgan ishidan hayiqmas edilar, axir ular anhorning baliqsiz qolishini istashmasdi-da. Shuning uchun bu fikr har uchalasiga ham birdek ma’qul keldi. Jarlikda nima ko‘p, tulki-yu shoqol ko‘p. Ular ovchi amakining baliqxo‘r tovuqlarini bir kundayoq bitta qo‘ymay yeb ketishadi, deya ich-ichlaridan sevinishdi.
Alijon quvonchini ichiga sig‘dirolmasdi.
– Biz shu yo‘l bilan tabiatni asrab qolamiz! – dedi dikonglab sakragancha, g‘urur bilan.
Akbar qachon va kimdandir eshitgan, yodida muhrlanib qolgan quyidagi gapni tarorladi:
– Chunki tabiat bizning onamiz!
– Biz uni qo‘riqlaymiz! – dedi O‘lmas ulardan ortda qolmaslik uchun.
Bolalar jahd bilan Mo‘min amakining hovlisi tomonga qarashdi. Hovlida amaki ko‘rinmadi. Aftidan u ov anjomlarini yelkalab, ertalabdanoq baliq oviga ketgan, tinib-tinchimas kampiri esa qo‘shni ayollar bilan supada jun titib, gurunglashib o‘tirardi. Bugun rejani amalga oshirishning aslo iloji yo‘q edi. Ammo bundan do‘stlarning kayfiyati tushmadi, chunki tovuqlarni qanday yo‘qotishni endi yaxshi bilishar edi-da.
Ular ko‘p kutishmadi, ertasi Mo‘min amaki baliq oviga, uyidagilari esa qandaydir yumush bilan tuman markaziga ketib, hovlida hech kim qolmadi. Do‘stlar tovuqxona eshigini lang ochib, qo‘llaridagi xivichni silkishgancha, tovuqlarni sekin-asta yantoqzor dashtga haydashdi. Ba’zi tovuqlar yantoq oralab nari-beriga qochishga urindi. Ammo do‘stlar qochoqlarni e’tibordan chetda qoldirishmadi, barcha tovuqlarni soy bo‘ylab, jarlik tomonga haydashdi...
Shomga yaqin yelim idishni mayda baliqlarga to‘ldirib qaytgan Mo‘min amaki tovuqxonani bo‘m-bo‘sh ko‘rgach, misli ayiqday bo‘kirib yubordi. Ayni shu paytda tugun qo‘ltiqlab, yo‘lovchi mashinada uyga qaytgan kampiri ham hayratdan bir-ikki ovoz chiqargan bo‘ldi. Shovqinni eshitgan qo‘ni-qo‘shnilar, nima bo‘ldi, degancha tovuqxona oldida haykalday qotib turgan Mo‘min amaki yoniga yetib kelishdi. Ular orasida Ulash muallim ham bor edi. Tovuqxonaning qanday bo‘shab qolganiga guvoh bo‘lgan uch uy naridagi yoshgina kelinchak voqeani bayon etgach, yigitlar birpasda uch do‘stni tutib kelishdi. Ammo bolalar haqliklariga ishongani bois, dovdirashmadi. Avval Alijon, so‘ng Akbar nechun bu ishga qo‘l urishganini izohlab berishdi, O‘lmasga esa gapirishga hojat qolmadi. Shundan keyin ko‘pchilik bolalarni yoqlab, Mo‘min amakini zararkunandalikda ayblashdi. U bo‘y bergisi kelmay, ovoziga zo‘r berdi. Ulash muallim, bas, degancha uning oldiga quyidagi shartni qo‘ydi.
– Bundan keyin ushoq baliqlarni ovlamaslikka so‘z bersangiz, hoziroq yigitlar bilan jarga enib, tovuqlaringizni joyiga qaytarib kelamiz. Aks holda, o‘zingizdan ko‘ring, tunda ular yovvoyi jonivorlarga yem bo‘ladi!
Mo‘min amaki darhol rozi bo‘ldi.
Ulash muallim boshliq yoshlar jar tomonga zing‘illashdi.
Kun botib-botmay tovuqlarni topib kelishdi. Ammo hammasini emas... G‘azab va alamdan qorayib ketgan Mo‘min amakining zumda chehrasi ochilib, shunisiga ham shukr, dedi va bundan keyin mayda baliqlarni ovlamaslikka ikki qayta va’da berdi.
Alijon va uning do‘stlariga “Tabiat qo‘riqchilari” degan nom berildi va kechga tomon Ulash muallim tomonidan shirin holva bilan siylandi.
Normurod NORQOBILOV