Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Kichik ustoz (hikoya)

Bahorgi o‘quv ta’tilida Anvar bilan Akbarlarnikiga olis Jaloyir qishlog‘idan Ozodbek mehmon bo‘lib keldi. U o‘zi o‘qiyotgan maktabda shaxmat to‘garagi borligini, to‘garakda faol qatnashib, allaqachon sinfdoshlari orasida chempion bo‘lganligini zavq bilan gapirib berdi. Hatto maktab direktori uni “Faxriy yorliq” bilan taqdirlabdi.

– Sizlarga ham shaxmat o‘ynashni o‘rgataymi? – so‘radi u Anvar bilan Akbarning ham shaxmatga qiziqib qolganlarini ko‘rib. Bu taklif aka-ukalarga ma’qul bo‘ldi. Uylarida bobosiga sovg‘a qilingan, lekin hali o‘ynalmagan yap-yangi shaxmat bor edi.

Ozodbek tengdosh do‘stlari – Anvar bilan Akbarga shaxmat o‘yinini astoydil o‘rgatishga kirishdi. U avval shaxmat donalarining qanday nomlanishini birma-bir ko‘rsatib, so‘ng donalarni shaxmat taxtasidagi kataklarga qay tartibda qo‘yishni o‘rgatdi. Yurish qoidalarini esa xuddi katta ustozlardek o‘ynab ko‘rsatdi.

Ikki-uch kunda Anvar bilan Akbar kichik ustozdan shaxmat o‘ynash qoidalarini ancha o‘rganib oldilar. Biroq ularning o‘yinlariga singillari xalaqit bera boshladi. Feruza akalari o‘ynayotgan shaxmat donalarini taxtadan shartta olib, to‘g‘ri kelgan katakka qo‘yardi. Agar uning qo‘lidan shaxmat donasini tortib olsangiz, “Men ham o‘ynayman,” – deb yig‘laydi.

– Feruza, tegma, – deb katta akasi urushgan bo‘ladi.

– Sen hali o‘yinni bilmaysan-ku, Feruza, – deb ikkinchi akasi tanbeh beradi.

– Yo‘q, o‘yinni men ham bilaman, – deydi qaysarlik bilan Feruza.

– Akalar o‘rgansin, keyin senga ham o‘rgataman, – dedi kichik ustoz ularni murosaga keltirmoqchi bo‘lib.

Feruza zing‘illab borib bobosiga yoki dadasiga ulardan shikoyat qiladi.

– Hozir akalar o‘ynab bo‘lsin, keyin ikkovimiz birga o‘ynaymiz. Akalarga bermaymiz, – deb bobosi uni ovutadi.

Keyin akalar o‘rtasidagi doimiy bahs boshlanadi.

– Sen noto‘g‘ri yurding, – deydi Anvar qizishib.

– O‘zing ham noto‘g‘ri yurding, – bo‘sh kelmaydi Akbar.

Bahs jiddiylashib, janjalga yetay deganda Ozodbek aralashib, ularni yana amallab tinchlantiradi.

Shunday qilib, aka-ukalar o‘rtasidagi shaxmat o‘yinlari qizg‘in tus oladi. Goh aka, goh uka bir-birini mot qilib zavqlanadilar. Buni ko‘rib kichik ustoz quvonadi. Bobosi xursand bo‘lib, yosh shaxmatchilarni mazali shirinliklar bilan siylaydi. O‘yin qizigandan qiziydi...

Ta’til tugashi bilan Ozodbek qishloqqa qaytib ketdi.

Farzandlarining shaxmatga mehr qo‘yib, astoydil qiziqib qolganlarini sezgan ota-onasi ularni maxsus shaxmat to‘garagiga berishdi.

– Shaxmat o‘ynashni bilasizlarmi? – deb so‘radi yangi ustoz.

– Ha, bilamiz, – deyishdi aka-ukalar.

Yangi ustoz ularga shaxmat o‘ynatib ko‘rdi. O‘yinlardan ko‘ngli to‘ldi shekilli:

– Sizlarga shaxmat o‘ynashni kim o‘rgatdi? – deb so‘radi.

– Ozodbek, – dedi Anvar bilan Akbar baravariga...

Endi aka-ukalar shaxmat mashg‘ulotlariga kanda qilmay qatnashadi. Ularning intilishlaridan ustoz xursand. Eng muhimi, akalar uyda singillariga shaxmat o‘ynashni o‘rgatyapti. Bundan Feruzaning quvonchi cheksiz. Uning niyati, o‘yinda akalarini mot qilish.

Anvar bilan Akbar kelajakda Rustam Qosimjonovdek mashhur shaxmatchi bo‘lishni astoydil niyat qilganlar. Ular orzulari ushalib mashhur shaxmatchi bo‘lganlarida ham kichik ustozlari Ozodbekni unutmasliklari aniq. Axir, ustozni unutib bo‘ladimi?!

 

Ashurali JO‘RAYEV

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.