Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Yetti xazinaning biri

Bu safargi suhbatimiz “Kim bo‘lsam ekan” mavzusida bo‘ldi. Sinfimiz qizlari shifokor bo‘lishdan boshlab, dizaynerlik kasbini maqtagancha gaplarini tugatishdi. Ularning balandparvoz gaplaridan o‘ylanib qoldim. Hammasi shifokor bo‘lib ketsa, qishlog‘imizda yangi ochilayotgan konserva zavodi, sut mahsulotlarini qayta ishlash sexida kim ishlaydi?

Navbat o‘g‘il bolalarga keldi.

– Men uchuvchi bo‘lmoqchiman, – dedim navbat kutmay o‘rnimdan turib.

– Avval karrajadvalni yodlab ol, – dedi yonimda o‘tirgan Nuriya va ko‘ylagimning yengidan tortib joyimga o‘tqazdi.

Sinfda yengil kulgi ko‘tarildi. O‘rtoqlarim birin-ketin o‘z orzularini ayta boshlashdi. Navbat sinf sardori Sardorga keldi. U negadir gap boshlagisi kelmay jim turib qoldi.

– Sardorning eshagi bor. Shuni boqib yuraveradi, – dedim o‘rtadagi sukutni buzib.

Negadir, bu gapimga hech kim kulmadi.

– Men, – dedi Sardor kattalarga xos vazminlik bilan, – bu haqida ko‘p o‘yladim va aniq qarorga keldim. Dehqonchilik – yetti xazinaning biri. Men dehqon bo‘lmoqchiman. Chunki yer insonni boqadi.

– Dehqon so‘zi ingliz tilida fermer degani. Qishlog‘imizga tajribali, yer tilini biladigan fermerlar juda kerak, – dedi o‘qituvchimiz Sardorning gapini ma’qullab.

– Men o‘z yerim, traktorim bo‘lishini orzu qilaman. Kelajakda yerdan yaxshi daromad olib, maktab, bog‘chalarni ta’mirlashda homiylik qilmoqchiman. Hosildorlikdan tushgan daromaddan qishlog‘imizni obod qilishga hissa qo‘shishni istayman. Yangi ish o‘rinlari ochish uchun bizga zarur bo‘lgan korxonalar qurmoqchiman. Mahsulotlarni yaxshi saqlash uchun sovitish ombori qursam deyman.

O‘rtog‘imning bu gapiga hamma qarsak chalib yubordi. Sardor o‘zi yaxshi bola. Faqat “5” bahoga o‘qiydi. Sinfda ham to‘rt yildan beri sardorlik qiladi. Sinfdoshlar uning gapini ikki qilishmaydi.

Oradan bir oy o‘tib, Sardor eshagini chiroyli to‘riq otga almashdi. Otasining aytishicha, qish bo‘yi boqilgan novvosning puliga olishibdi. Biram chiroyli ot ekan. Aqlliligini aytmaysizmi? Bir vaqtlar eshagini masxara qilganimdan uyalib ketdim. Boshida qashqasi, oyog‘ida taqasi bor, yollari uzun otga juda havasim keldi.

Bug‘doy o‘rimi boshlandi. O‘sha kuni otam o‘rtog‘imning ot aravasida ellik bog‘lam somonni uyga tashib qo‘yishimni aytib ishga ketdi.

– Bu aravam biron-bir shartni bajarganga xizmat qiladi, – dedi Sardor kutilmaganda. – Agar sen karrajadvalni yodlab bersang, somoningni tashib beraman.

Kutilmagan shartdan shoshib qoldim. O‘sha kuni uning “imtihoni”dan o‘tolmay somonni uyga tashib kelolmadim. Otamdan dakki eshitmaslik uchun tuni bilan karrajadvalni yod olib chiqdim. Ertasi kuni Sardor “imtihon” natijasiga qarab atigi to‘rt bog‘lam somonni uyga olib kelib berdi. Xullas, besh kun deganda somonni tashib tugatdik.

– Otasiga rahmat, – dedi otam bir kuni, – bugun kombayn buzilib qolgan edi, allaqayoqdan kerakli ehtiyot qismini topib keldi va birga tuzatishdi. Kallasi butun bola ekan, – deya otam Sardorni maqtab qoldi.

Uning otini minish uchun ancha-muncha misol, masalalar yechishimga to‘g‘ri keldi. Maktab boshlanganda matematikadan baholarim ancha yaxshilana boshlaganini sezdim.

Hozir Sardor bilan bir kollejda o‘qiyapmiz. U qishloq xo‘jalik mashinalari mexanizatsiyasi, men hisobchi-buxgalter yo‘nalishidaman. Kelgusida kreditga traktor olar emish. Yana oliygohga o‘qishga ham kirar ekan. Har safar menga:

– Yaxshilab o‘qi, mening “Ravnaq” fermer xo‘jaligimning hisobchisi sen bo‘lasan. Dehqonchilik – yetti xazinaning biri. Bu xazinaning kalitini faqat senga ishonaman, – deydi.

Hozir ta’til vaqtida bir fermerning hisobchisiga shogird tushganman. Kasbimning sir-asrorlarini o‘rganyapman. Do‘stim esa erta tongdan dalada javlon uryapti, yer bilan tillashyapti. Kechqurunlari kelgusi yil oliygohga kirish uchun kitoblar o‘qiyapti. “Yetti xazinaning birini zabt etmaguncha qo‘ymayman”, deydi. Menga karrajadvalni o‘rgatib kasb tanlashimga ko‘maklashgan shunday mehnatkash, to‘g‘ri so‘z, dangalchi do‘stim borligidan faxrlanaman. Siz bu fikrimga nima deysiz, aziz o‘quvchi!

 

Hilola HAMDAMOVA

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.