Ko‘mak istagi
Bolakay bu voqeani sira unutolmadi.
Otasining o‘n-o‘n besh quti asalarisi bo‘lib, yiliga uch-to‘rt marta asal yig‘ib olishardi. Har gal hosil ko‘tarilganda, qo‘ni-qo‘shnilarga ham ilinishardi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Onasi kattagina kosaga to‘lg‘azib asal quydi-da, o‘g‘liga:
– Hanifa momongnikiga eltib ber, – dedi, – Bo‘laqol, nonushtada tatib ko‘rishsin.
Hanifa buvi choli Sulton bobo bilan qishloqning chekkasidagi nuray-nuray deb turgan hovlida yashardi. Ular endigina choyga o‘tirishgan ekan. O‘rtada surp dasturxon, unda ariqdagi suvga hozirgina bo‘ktirib olingan kattagina non.
– Asal olib kelgandim, – bolakay salom berib kosani momoga uzatdi. Momo suyunib ketdi. Sulton bobo og‘ir xo‘rsindi. So‘ng izillab yig‘lab yubordi.
– Ey, xudoyim-ey, – cholning ko‘z yoshlari oppoq soqoliga tushdi. – Bizni yo‘qlaydigan odamlar ham bor ekan, o‘zingga shukr.
Uyiga qaytayotib bolaning ko‘ngli buzildi. Ko‘z o‘ngidan nochorgina hovli, qariyalarning g‘aribgina dasturxoni, o‘ksib yig‘lagan boboning g‘amgin yuzi o‘taverdi. O‘zini allanechuk aybdorday sezdi. Onasi qistasa-da, hech narsa yegisi kelmadi, mung‘ayib qoldi. Abdurahmon aka tashvishlanib so‘radi.
– Senga nima bo‘ldi, biror yering og‘riyaptimi?
– Yo‘q, – bolaning ovozi bo‘g‘iq eshitildi. – Dada, Sulton bobolar kambag‘almi?
Er-xotin bir-birlariga hayrat bilan qarashdi. “Nima degani bo‘ldi bu?”
– Nega so‘rayapsan? – Abdurahmon aka xijolat chekkancha so‘radi. – Kim aytdi buni senga?
– Ular quruq non bilan choy ichishar ekan, uylari ham juda eski, – kichkintoyning so‘zlarida shafqat ohangi bor edi. – Judayam rahmim keldi. Yig‘lab yuboray dedim.
Abdurahmon aka allanechuk qizardi. Yeguliklar to‘la dasturxonga g‘alati qarab qo‘ydi. O‘g‘lidan ko‘zlarini olib qochdi.
– Unday emas, – dedi otasi o‘ksigan ovozda, – senga shunday ko‘ringandir, bolam. Qo‘y siqilma. Bunday narsalarni o‘ylashga hali yoshlik qilasan.
– Choy ichmasang, o‘ynab kelaqol, – onasi o‘g‘lini chalg‘itishga urindi. Sal turib sut pishirib beraman.
Bolakay koptogini quchoqlab ko‘chaga chiqdi-yu, tezda qaytib kirdi. Ayvondagi divanga yotib oldi. Ochiq derazadan otasining ovozi qulog‘iga chalindi.
– Shu ishni o‘g‘lingga buyurib chatoq qilding-da, ko‘ngli bo‘shligini bilasan-ku!
– Bunday bo‘lar deb o‘ylamabman-da. Aslida, o‘zim eltib bersam bo‘larkan. Salgina narsani ham o‘ziga olaveradi. Og‘rib-netib qolmasa bo‘ldi.
Bolaning xayolida yana keksalar jonlandi. Birdaniga o‘rtog‘i Nodirning aytgan gapini esladi. “Sizlar boy yashar emishsizlar”, – degandi u bir kuni maktabdan qaytishayotganida havas bilan. – Hamma narsangiz bor, qishloqdagilar shunday deyishadi.
U birdan suyunib ketdi. Ko‘zlari «yarq» etib ochilganday bo‘ldi. “Biz boy ekanmiz, demak pulimiz ko‘p. Dadamga yalinsam, Sulton buva bilan Hanifa momoga yangi uy qurib beradi. Keyin hammamiz ularnikiga mehmon bo‘lib boramiz”.
Shirin xayollar og‘ushida o‘ylanib yotdi. O‘rnidan turib bu gapni dadasiga aytmoqchi bo‘lgandi, biroq uyqu bosdi. Tezgina tush ham ko‘rdi. Dadasi keksalarga juda chiroyli, ertaklardagiga o‘xshaydigan uy qurib bergan emish. Uchovlashib mehmonga borishsa, chol-kampir baland chorpoyadagi dasturxon atrofida kulishib choy ichib o‘tirishgan ekan. Ularni uzoqdan ko‘rgan Sulton bobo qo‘lini silkitarmish: “Kel bolam, asal yeymiz, asal”.
Sodiqjon Inoyatov