Allomaning kashf etilishi
(tarixiy hikoya)
Vaqt peshindan og‘gan, madrasada talabalar suhbati qaynaydi. Biri fiqhdan munozara etsa, biri riyozatdan misol keltiradi. Barchasi bu hayot qonunlarini ikki nuqtayi nazardan – dunyoviy va diniy jihatdan tadqiq etishga harakat qiladi. Talabalar ichida bu munozarani jim tinglayotgan mulla Mahmud ularning suhbat va bahsiga xayolan javob izlaydi. Haqiqatan, oyoqlarimiz ostidagi bepoyon yerimiz qayerda boshlanib, qayerda tugaydi? Bu zaminning boshi va oxiri bormi? Shu kabi xayollar og‘ushida qolgan yosh ilmi tolib atrofda bo‘layotgan suhbatga quloq soladi. Yoshi yigirma beshlarda, sallasini hafsala bilan o‘ragan mulla Said jon kuydirib, o‘z qarashlarini bayon etardi:
– Yerimiz tekis emas, bu bizning, xususan, kaminaning tadqiqotlaridan anglanishi mumkin. Chunki ilmi nujum taraqqiy etgani sari shu paytgacha yo‘l qo‘ygan xato fikrlarimiz oydinlashib, ilm xazinamiz boyiydi. Jamiki mavjudotlar gultoji sanalmish inson aql-zakovatining imkoniyatlari kengayadi, – deya o‘z fikrini tugatdi. Shunda ulamolarga xos kiyingan mavlono Sahobiddin:
– Ko‘p ham shirk amallarga berilmang, mulla Said, siz so‘zlayotgan ma’lumotlarning barchasi Allohga ishonmaslikdandir. Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, dumaloq zaminda yashab bo‘larkanmi? Nega siz kabilar o‘z kuzatishlarining aqlga sig‘masligini tan olmaydilar?! – deya o‘zicha xulosa yasadi.
– Sahobiddin ustoz! Fiqhda naqadar ilmi jahon ekanligingiz bizga ma’lum. Ammo Alloh taolo o‘z bandalariga ilm o‘rganishni sunnat qilmaganmi? Uzoq vaqt davomida shu sohalarda ilm-u kamolotga erishib, shariatimizni tadqiq etib, buni shirk deya ta’kidlashingiz noo‘rindir.
Bu kabi doimo takrorlanadigan bahslardan Mahmud zerikdi. Toza havoga chiqishni bahona qilib, hujrasi tomon yo‘l oldi.
Hujraning holatidan bu yerda o‘ziga to‘q oilaning arzandasi yashashini taxmin qilish mumkin. Xona ozoda va keng, burchakda o‘n besh yoshlardagi, burni xiyol uzun, ko‘zlari favqulodda chaqnab turgan bolakay kitob mutolaa qilardi. Bu holat Mahmudning g‘ashini keltirdi, unga rahmi kelib o‘qish va yozishni o‘rgatgan edi. Endi bo‘lsa bu yalangoyoq bola uning qimmatbaho kitoblariga qiziqish bildira boshlabdi. Bu kitoblarni Mahmudning otasi tanishlari orqali Shomdan zo‘rg‘a keltirgan edi. Emishki, hukmdorga qarindosh sanalmish mashhur olim Qobus Abu Nasr ibn Iroq talabalarni imtihon qilib, o‘ziga shogird tanlaydi. Mahmudning otasi o‘g‘lining olim bilan yaqinlashib, uning shogirdiga aylanishini chin dildan istar, bu orqali o‘zining mamlakatdagi nufuzini oshirish asosiy maqsadi edi.
Mahmud bolaga qattiq tanbeh berdi, uni jazolamasligini, agar yana shunday xatoga yo‘l qo‘ysa, madrasadan haydashini ma’lum qildi. Bu gap bolaga og‘ir botdi.
Yosh bo‘lishiga qaramay ko‘p qiyinchiliklar ko‘rgan bu bolakay dunyoni anglashni, olamning sinoatlarini ochishni xohlardi. Uning eng sevimli mashg‘uloti ochiq samo ostida yulduzlarni sanash edi. Yulduzlar go‘yo bu olamda yolg‘iz emasligini isbotlovchi, og‘ir damlarida unga yordam berguvchi tilsiz do‘stlari bo‘lib, ularga qarasa muammolari yechilganday yoki arzimasdek tuyulardi.
U qachondir madrasaga borishini bilar, ammo bu kun bunchalik tez kelishini tasavvur qilolmasdi. Xojasi Qobus farzandi Mahmud ko‘proq vaqtini ilmga bag‘ishlashi uchun xizmatkor bolani ham o‘g‘liga qo‘shib jo‘natdi. O‘sha kuni bolaning qalbida quvonchi cheksiz edi. Chunki bu muhtasham imoratning ostonasidan hatlab o‘tish har kimga ham nasib etmas, loyiq ko‘rilganlar esa umrlarini ilm atalmish yo‘lda baxshida qilishlari lozim edi. U saharda tolibi ilmlarga choy qaynatar, hujrani supurib, asboblarni tartibga keltirardi. Ba’zi talabalar saxiylik qilib, ovqatlaridan unga ilinishardi. Madrasa hayoti gavjum, kunlar shu tarzda o‘tardi.
Kunlarning birida, tong oqara boshlagan vaqtda bolakay Ptolemeyning “Jo‘g‘rofiya” kitobini qo‘liga oldi. Kitobni Mahmudning kutubxonasidan yashirincha olgan, xojasi uyg‘ongunicha o‘qib, joyiga qo‘yishi lozim. Shu maqsadda kitobni choyshablar orasiga yashirgancha qo‘ltiqlab oldi. Shoshib yurar ekan, tor yo‘lakda bir kishiga urilib ketdi va qo‘ltig‘idagi choyshablar tushib ketdi. Taxminan o‘ttiz yoshlardagi notanish kishi bolaga narsalarini olib bermoqchi bo‘lib egildi. Kutilmaganda choyshablar orasidagi kitob uning diqqatini tortdi:
– Ptolemeyning asarini mutolaa qilyapsanmi? – dedi kitobni qo‘liga olar ekan.
– Iltimos, uni qaytaring.
– Uni o‘g‘irladingmi?
– Yo‘q, buni faqat o‘qish uchun oldim. Faqatgina qiziqqanim uchun.
Notanish odam bolaga asar bo‘yicha savollarni qalashtirib tashladi. U barchasiga og‘ir-vazminlik bilan javob qaytardi. Shundagina begona kishi kitobni berdi:
– Kitobni qayerdan olding?
– Xojamniki, u uyg‘ongunicha asarni joyiga qo‘yishim lozim.
– Xojang kim?
– Mulla Mahmud.
Ertasi kuni bir gap tarqaldi. Abu Nasr ibn Iroq madrasaga kelganmish. Shuning uchun olimi zamon eng bilimdon talabalar bilan suhbat o‘tkazganmish. Bugun o‘ziga tanlagan va olib ketadigan shogirdlarini e’lon qilarmish.
Fozillar ahli asosiy maydonga yig‘ildilar. G‘ala-g‘ovur boshlandi. Qimmatbaho kiyimlar kiygan, hukmdor sulolasi belgisini taqqan, xushsurat Abu Nasr ibn Iroq mudarrislar qurshovida ko‘rindi. Yoshi ulug‘ mudarrislar natijalarni e’lon qildi. G‘oliblar safida mulla Mahmudning ham nomi bor edi. Butun madrasa g‘oliblarni tinmay ulkan sharafga musharraf bo‘lgani bilan qutlardi. Shu daqiqada Abu Nasr ibn Iroq so‘zlay boshladi:
– Ahli madrasa! Men sizning ilm yo‘lida sarf etgan umringizni qadrlayman. Barchangiz o‘z iste’dodingiz bilan ilm yo‘lini yoritishingizga imonim komil. Endilikda men shogirdlarim bilan yer kurrasining uzunligini o‘lchamoqchimiz. Bu yo‘lda menga yaxshi shogirdlar kerak. Kecha men uzoq qidirgan iste’dodimni topdim. U o‘zining ulkan zakovati ila Ptolemeyning asarlarini anglab yetgan. U sizning orangizda – mulla Mahmudning xizmatini qilishini bilaman.
Bolani topib kelish biroz vaqt talab qildi. Chunki u yaqin atrofdagi yaylovdan talabalar uchun dorivor giyohlar olib kelishga ketgandi. Bola boshini eggancha ichkari kirdi. U nima bo‘lganini tushunmay hayajonlanar, yerdan ko‘zini uzmas edi. Shu damda tanish ovoz:
– Isming nima “kitob o‘g‘risi?”, – dedi.
Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, xojasining oldidagi hukmdor sulolasi belgisini taqqan kishi – yo‘lakda uchratgan notanish odam edi. “U bu yerda nima qilyapti? Nega keldi? Albatta, barchasini xojasiga aytish uchun”.
Uning qulog‘iga atrofdan shivir-shivir ovoz eshitila boshladi: “Bir yetimcha edi, boshiga baxt qushi qo‘ndi, “O‘zi zehni o‘tkir edi”. Bola go‘yo hukmini kutayotgan jinoyatchiga o‘xshardi.
Abu Nasr unga sinchkovlik bilan qaradi. Bolaning eskirgan kiyimlari-yu o‘sib yelkasiga tushgan sochlaridan nigohini olib, favqulodda iste’dodidan darak berguvchi ko‘zlariga tikilgancha so‘zladi:
– Senda hech kimda uchratmagan noyob zehnni ko‘rdim. Isming nima? Ota-onang kim?
Bu kutilmagan suhbatdan hayajonlangan yigitchaning tili zo‘rg‘a kalimaga keldi:
– Ismim Muhammad. Asli naslimni bilmayman. Qari enam boqib, katta qilgan. Aytishicha, uning o‘zi ham menga rahmi kelganidan tarbiyasiga olgan ekan. Otam kim, onam kim bilmayman.
– Bundan so‘ng hech g‘am yema, sening otang ham, onang ham menman. Senga o‘zim yordam beraman. Endi kimningdir xizmatini qilishingga hojat yo‘q. Sening nodir iste’doding hayotingni o‘zgartirdi, Muhammad!
Yosh Muhammad ustodi Abu Nasr ibn Iroq qaramog‘ida matematika, astronomiya, ilmi hikmat, nabotot bilan shug‘ullandi, yerning diametrini o‘lchadi, uning kurra shaklida ekanligini isbotladi. Ilk globusni yaratdi va tarixda Abu Rayhon Beruniy nomi bilan mashhur bo‘ldi. Keyinchalik u yaratgan “Hindiston” asari fan olamida katta yangilik edi. Uning ilm-fan borasidagi yutuqlari shu qadar ulkan ediki, Abu Rayhon Beruniy – Geodeziyaning otasi, deyishardi.
Bahora AVAZBERDIYEVA,
Navoiy davlat pedagogika instituti
O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti 1-kurs talabasi.