Mehr
(kichik badia)
Men tug‘ilganimda baxt yo‘rgaklab oldi. Ko‘zimni ochsam boshimda bir chiroyli, munis ayol parvona bo‘lyapti. U meni bag‘riga bosdi.
Farishtaday bir kampir meni beshikka belab alla aytdi:
– Buvisining erka bolasi,
Ko‘zining oqu-qorasi... – bu ovoz shu qadar yoqimli ediki ko‘zlarim yumilib uxlab qoldim.
Toy-toy qilib yurishga harakat qilganimda, buvijonim qo‘shni bolalarni chaqirib, oyoqlarim ostidan jajji kulchalar dumalatdilar. Bolalar kulchalarni talashib-tortishib olishdi. Ko‘p o‘tmay men ham ularga ergashib yugurib ko‘chaga chiqdim.
Xonadonimiz tinch, turmushimiz farovon. Maktabga keldim. Uni dadam, “bilimlar qasri”, unda a’lo bahoga o‘qisang, yaxshi o‘g‘il bo‘lasan, dedilar. Ustozlarim ham mehribon. Kitoblarim bir sirli dunyo, o‘qigan sarim o‘qigim keladi. Men baxtiyorman, mehr ko‘rib, mehrga suyanib katta bo‘lyapman. Shularni o‘ylaganimda dilimda bir istak tug‘ildi: menga faqat yaxshilik tilagan, peshonamni silagan ota-onamning, Vatanimning ishonchini oqlovchi, mehnatkash, mehribon farzand bo‘laman!
Ma’ruf ULASHEV,
Toshkent shahridagi 258-maktab 6-sinf