Archa bayram
Ilya ILIN
(rus adibi)
Shahar madaniyat saroyida o‘tadigan archa bayramiga onam ikkita chipta sotib oldi. Qorbobo bilan qorqiz chanada uchib ketayotgan rasmli chiptalar juda chiroyli, yaltiroq.
– Yaqin o‘rtoqlaringdan birini bayram tomoshasiga taklif qil, – dedi onam. Mening yaqin do‘stlarim ikkita: Vitka bilan Jenka. Jenka bilan vaqtincha do‘st bo‘lmayapman. Chunki o‘qib turishga kitob bergan edim, burchaklari yirtiq, titilib ketgan holda qaytardi. “Men aybdor emasman, kuchugim g‘ajibdi”, deydi. Men esa onamdan dakki eshitdim. Shunday ekan Vitkani taklif qilaman. O‘rtog‘imga juda qiyin. Onasi uni hamma to‘garakka a’zo qilgan. Ashula ham aytadi, skripka ham chaladi, figurali uchishga ham qatnaydi, Pushkinning katta-katta she’rlarini yodlaydi. Bechoraning ko‘chaga chiqib o‘ynashga ham vaqti yo‘q. Men unga qo‘ng‘iroq qilib archa bayramiga taklif qilganimda shunday xursand bo‘ldi-ki, keyin xo‘rsinib, onam ruxsat bersalar, deb qo‘ydi. Onam uning onasiga qo‘ng‘iroq qilib ruxsat olib berdi. Vitka ikkimiz bayramni intizor bo‘lib kutdik. Va nihoyat 28-dekabr keldi. Ikki o‘rtoq qaroqchilarning kiyimini kiydik. Do‘konda bizga faqat shu kiyim to‘g‘ri keldi.
Onam bizni shahar madaniyat saroyiga olib bordi. Ichkariga kiritgach, o‘zimizni yaxshi tutishimizni, tomosha tugagach kelib olib ketishini aytdi.
Biz o‘zimizda yo‘q xursand edik. Zal nihoyatda chiroyli. O‘rtadagi o‘yinchoqlar, sharlar, yaltiroq qog‘ozlar bilan bezatilgan archa g‘oyatda katta va baland edi. Bolalar har xil ertak qahramonlari kiyimida. Masxarabozlar, o‘yin, kulgi. Atrofda quvnoq konkurslar, o‘yinlar. Hammasi juda chiroyli.
Bir mahal Qorqiz chiqdi. “Hamma bolalarni archa atrofiga yig‘ib Qorboboni chaqiramiz”, dedi. Bor ovozda: – Qor-bo-bo! – deb chaqirdik.
– Ehhe-he-hey! Kelyapman, bolajonlarim, kelyapman! – degan ovoz keldi va qalin po‘stin kiygan, burni qizil, Qorbobo kattakon qopini orqalab kirib keldi. Bizlar bilan salomlashib, archa chiroqlarini yondirdi. Hamma bolalar qo‘l ushlashib, qo‘shiq aytib, archa atrofida aylandik.
Nihoyat Qorbobo kursiga o‘tirdi va:
– Bolalar, kim mendan sovg‘a olishni istasa, ashula yoki she’r aytib berishi kerak, – dedi.
Bolalar biri she’r, biri ashula aytib, Qorbobodan sovg‘a ola boshlashdi.
– Men ham she’r aytay, – deb o‘rtaga chiqdi Vitka.
– Ayt, – dedi Qorbobo.
Vitka Pushkinning uzundan uzoq dostonini yoddan ayta boshladi. Hali beri to‘xtamasligini bilgan Qorbobo:
– Barakalla, bolakay, – deb sovg‘a qidirib qopini titishga tushdi.
– Men qolganini ham bilaman, – qichqirdi Vitka va baqirib she’rni davom ettirdi. Shu payt spektaklga chorlab qo‘ng‘iroq chalindi. Hamma o‘zini zalga urdi. Men Vitkani turtib, ketdik deganimga qaramay, she’rini aytaverdi.
Joy band qilay, deb ichkariga kirdim. O‘rindig‘imni topib o‘tirdim. Uchinchi qo‘ng‘iroq chalindi. Chiroqlar o‘chdi hamki Vitkadan darak yo‘q. Tomosha boshlandi. Men xavotir olib tashqariga chiqdim. Vitka hamon she’r aytardi.
Qorbobo zerikib ketganidan stulga suyangancha mudrardi.
– Vitka! – Qattiq pichirladim men. – Bo‘ldi qil! Spektakl boshlandi!
U jim bo‘ldi. Qorbobodan sovg‘a so‘radi. Qorbobo qopidan rangli qalam qutisini chiqardi va biz zalga yugurdik. Eshik oldida nazoratchi xola turardi.
– Qayoqqa? – so‘radi xola.
– Spektaklga, – javob berdim men.
– Sizlar kech qoldinglar, hammaga xalaqit berasiz, kirgizmayman!
Bu xola bilan bahslashib bo‘lmasligiga ko‘zimiz yetdi va boshimizni egib yana archa oldiga keldik.
– Hammasi sening uzundan uzoq she’ring deb bo‘ldi.
– Bu mening emas, Pushkinning she’ri, – o‘zini oqladi Vitka.
– Qisqaroq qilsang, bir nima bo‘larmidi? – jahlim chiqib ovozim ko‘tarildi.
– Bu yerda shovqin ko‘tarmay, uyingizga jo‘nang, – deb pichirladi Qorbobo.
– Sovg‘a-chi? – baravariga so‘radik ikkimiz.
– Sovg‘a tomosha oxirida beriladi!
– Biz sovg‘a olmasdan ketmaymiz.
– Ha, to‘polonchilar, sizlarga hozir ko‘rsatib qo‘yaman! – suhbatni eshitib qolgan xola bizni quvlay ketdi. Katta archa atrofida ikki marta aylangach, uning tagiga kirib oldik. Sichqonlardek jim o‘tirdik. Hatto nafasimiz ham eshitilmasdi. Nazoratchi xola u yoq, bu yoqqa alanglab, bizlarni topa olmagach:
– Shumtakalar qochib ketishibdi, shekilli, – dedi. Uning qadam tovushidan nari ketganini bildik va erkin nafas oldik. Archaning tagi qorong‘i va dim edi.
– Ilyushka, qayerdasan? – Vitkaning pichirlagani eshitildi.
– Shu yerdaman, qayoqda bo‘lardim.
– Endi nima qilamiz?
– Spektakl tugashini kutamiz. Keyin chiqamiz.
– Mening negadir qo‘lim va yuzim yopishib qolyapti.
Qarasam, mening ham qo‘llarim, yuzim, hatto burnim ham yopishqoq.
– Bu archaning yelimi. Archani kesishganda u yig‘laydi va undan yopishqoq modda chiqadi, – dedim men. – Hech narsaga tegma, bo‘lmasa, yopishib qolasan.
Ichkaridan sho‘x musiqa, ertak qahramonlarining ovozlari kelardi. Bizlar esa shu ahvolda o‘tiribmiz.
– Ilyushka, men bu yerdan paxta topdim. Shu bilan yelimni artsak bo‘larkan.
– Bo‘pti, urinib ko‘ramiz, – dedim men.
Archaning tagiga qorga o‘xshatish uchun paxta uyub qo‘yishadi. Biz qo‘limizni cho‘zib paxtani olib yuzimiz, qo‘llarimizni arta boshladik. Paxta artgan joyimizga yopishib qolaverdi. Shu payt zalning katta eshigi ochildi va u yerdan chiqqan bolalar sovg‘alar turgan stol yoniga yopirilishdi. Biz ham archa tagidan chiqdik. Haqiqiy tomosha endi boshlandi! Bolalar baqirib har tomonga qochishdi. Boya bizni quvlagan nazoratcni xola yuragini ushlab o‘zini stul ustiga tashladi. Qorbobo ustun orqasiga yashirindi. Hamma-yoq suv quygandek jim-jit bo‘lib qoldi. Men Vitkaga qaradim, Vitka esa menga. Ikkimiz baravariga baqirib yubordik. Oldimda qo‘rqinchli mahluq turardi. Basharasiga paxta bo‘laklari yopishib qolgan, kiyimlari ham, boshi ham qop-qora, faqatgina ko‘zi yaltirab turardi. Qop-qora yuziga yopishgan oppoq paxta bo‘laklari uni juda qo‘rqinchli ko‘rsatardi. Demak men ham shunaqa badbashara bo‘lsam kerak, deb o‘yladim. Archa bayram tomoshasini ko‘ramiz deb kelib, o‘zimiz hammaga tomosha bo‘ldik.
Bu bolaligimdagi eng unutilmas yangi yil bayrami bo‘lgan. O‘shanda Qorbobodan sovg‘a ololmagan bo‘lsam ham, baribir yangi yilni yaxshi ko‘raman.
Rus tilidan Barno LUTFULLAYEVA tarjimasi