Oʻzgarish
Avvallari boʻlar-boʻlmasga xarxasha qiladigan Sodiqjon bogʻchaning katta guruhiga oʻtdi-yu, oʻzgardi-qoldi. Yurish-turishida ham, gap-soʻzida ham bosiq, muloyim bolaga aylandi. Uydagi hamma ishda – hovlilarni supurib-sidirishda, idish-tovoqlarni yuvib qoʻyishda oyisining yaqin yordamchisi boʻldi. Kecha boʻlsa qilgan ishi bilan hatto dadasini ham quvontirib yubordi. Bu kichkina bola kattalarni quvontiradigan qanday ish qilibdi deysizmi? U hovlidagi kichkina tomorqalarni agʻdarib chiqdi. Agʻdarganda ham koʻrgan koʻzni quvnatadigan qilib biram tekis agʻdardi...
– Yerni kim agʻdardi, onasi? – Ishdan horib-charchab qaytgan dadasining birinchi gapi shu boʻldi.
– Kim boʻlardi, oʻgʻlingiz Sodiqjon-da!..
– Qani oʻzi?
– Hozirgina belkuragini koʻtarib yurgandi, hovlimiz etagiga oʻtgandir-da...
Dadasi asta yurib hovli etagiga oʻtdi. Qarasa oʻgʻli Sodiqjon yer etagidagi ariqni tozalab chiqayotgan ekan. Oʻgʻlining ishidan dadasi juda xursand boʻlib ketdi.
– Horma, oʻgʻlim, nima harakat?
– Ariqlarni tozalab qoʻyay dedim-da, dada!
– Yaxshi, yaxshi, – dedi dadasi uning ishini kuzatib. – Qani, belkurakni menga ber-chi, oʻgʻlim, men ham...
– Yoʻq, dada, oʻzim qilaman. Siz ishdan charchab kelgansiz, dam olavering...
Dadasining yuzida tabassum paydo boʻldi.
– Dada, arigʻimiz chetiga terak eksam boʻladimi?
– Boʻladi, oʻgʻlim, boʻladi...
Dadasi uyga kirib yechinib, ish kiyimlarini kiydi-da, qoʻliga tok qaychi olib chiqdi. Yer-qoʻralariga tutash ekilgan teraklardan qalamchalar kesib ekishga tayyorladi. Ota-bola ikkovlashib ariq yoqalariga terak qalamchalarini qadab chiqishdi. Koʻp oʻtmay, ular barg chiqardi.
– Mana, oʻgʻlim, bu qalamchalarni sen ekkansan, oʻzingday barg yozib oʻsishni boshladi. Hademay mirzateraklarga aylanadi... – dedi dadasi oʻgʻlining yelkasiga qoʻlini qoʻyib.
Hamidulla MURODOV