Yushka
Davomi. Boshlanishi bu yerda: Yushka.
– Ha, ular seni yurakdan yaxshi koʻrib, oʻz hisob-kitoblari boʻyicha doʻpposlaydilar, – dedi Dasha.
– Bu toʻgʻri. Ular meni koʻchada yurishga ham qoʻymaydilar, menga ozor beradilar, shikast yetkazadilar.
– E-e, Yushka, Yushka, axir sen otasan-ku, shunday emasmi? Unchalik qari ham emassan.
– Hecham qari emasman. Faqat bolaligimdan mana shu yerim ogʻriydi, – koʻkragi atrofini koʻrsatdi Yushka, – ana shu ogʻriqlar meni qaritib yubordi, yuzlarimga ham taʼsir qildi.
Xuddi shu kasalligi tufayli Yushka har yili yozda bir oy xoʻjayinidan javob soʻrab uzoq qishloqqa ehtimol qarindoshlarini koʻrgani borar, bu haqda hech kim bilmasdi. Hatto Yushkaning oʻzi ham aniq gapirmasdi. Bir safar yoʻlga otlanganida qishloqda beva opasi borligini aytdi. Keyingi safar esa: jiyanimni koʻrgani ketyapman, – dedi. Yana bir yozda: Moskva shahriga ketyapman, – dedi. Odamlar esa Yushka boradigan uzoq qishloqda uning sevimli qizi bor, u ham xuddi otasidek beozor, hech kimga kerakmas, deb oʻylashardi. Iyun yoki avgust oylarida Yushka yelkasiga yoʻlxaltasini osib shahrimizdan chiqib ketardi. Yoʻlda u yam-yashil oʻrmonning xushboʻy hididan toʻyib-toʻyib nafas olar, koʻkdagi oppoq bulutlarni tomosha qilar, toshlarga urilib-urilib oqayotgan daryo suvining oʻzgacha ohangidan mast boʻlib koʻkragidagi ogʻriqni, xastaligi, yoʻtalini ham unutardi. Uzoq safarda, kimsasiz yoʻllarda Yushka tabiatga boʻlgan mehrini hecham yashirmasdi. U ona yeriga taʼzim qilib, oʻrmon chechaklarini oʻpardi. Shunday lahzalarda u nafas olmaslikka, aksa urib yoʻtalib yubormaslikka harakat qilardi. Negaki, yoʻtalib gullarga ziyon yetkazib qoʻyishidan qoʻrqardi. Yushka daraxt poʻstlogʻini qoʻllari bilan siypalar, yerda yotgan jonsiz kapalak yoki qoʻngʻizchalarni qoʻliga olib ularga uzoq tikilar, ularsiz oʻzini juda yolgʻiz his qilardi. Shu onning oʻzida qulogʻiga chalingan qushlarning qoʻshigʻi, chigirtka, ninachilarning quvnoq ovozini eshitib yengil tortardi. Yuziga yoqimli namlik aralash gullarning isi, iliq shamol va quyosh tafti urilib, koʻkragini siqib turgan noxush ogʻriq oʻrnini koʻtarinki kayfiyat egallardi. Yushka yoʻl-yoʻlakay daraxt soyasida oʻtirib biroz dam olardi va mudom koʻkragini gʻijimlab turadigan kasalini ham unutar, musaffo havodan toʻyib-toʻyib nafas olar, xuddi soppa-sogʻ odamdek xirgoyi qilib yoʻlida davom etardi. Yushka 40 yoshda edi. Lekin oʻpkasidagi dard, doimiy ogʻriqlar tufayli u tashqaridan munkillagan choldek koʻrinardi. Ha, hayot zarbalari uni juda erta qaritgan edi. Shu tufayli u atrofdagilar uchun qarimsiq Yushka edi.
Shunday qilib Yushka har yili yozda qayerligi noaniq, atrofdagilar uchun sirli manzilga borib kelardi. Qaytgach, yana ertadan kechgacha ustaxonada ishini davom ettirardi. Odamlar ham uni mazax qilish, jigʻiga tegishni qoʻymasdilar. Yushka esa kelasi yil yozgacha yashashda jimgina davom etardi. Yozning oʻrtasida yoʻlxaltasini yelkasiga ilib, yil boʻyi tiyinlab yiqqan pullarini kichik qopchiq-katmonga joylab koʻkrak choʻntagiga solgancha yana qayoqqadir, kimningdir yoniga ketardi. Biroq u yildan yilga holsizlanib, madorsizlanib borardi. Chunki koʻkragidagi ogʻriq uning tinkasini quritmoqda edi.
Ana shunday yoz kunlarining birida, yana uzoq yoʻlga otlanishi kerak boʻlgan bir pallada u hech qayerga ketmadi. Har doimgidek ustaxonadagi yumushlarini bajarib kechqurun xoʻjayinining uyiga qaytar ekan, yoʻlda koʻpincha roʻpara kelib turadigan odamni uchratdi.
– Hey qoʻriqchi, sen nimaga bu yerda yuribsan. Balki oʻlib ketsang, hayot sensiz qiziqroq boʻlarmidi? Yoʻqsa bu dunyoda zerikib, siqilib ketyapman, – dedi haligi odam istehzoli tirjayib.
Shu payt Yushkaning ilk bor jahli chiqdi va unga qarab:
– Nima, senga xalaqit beryapmanmi? Men ham bu dunyoga yashash uchun kelganman, ota-onamdan qonuniy tugʻilganman. Sen bu hayotda yashashga qancha haqli boʻlsang, mening ham shuncha haqqim bor.
Yoʻlovchi esa Yushkaning gaplarini oxirigacha eshitmay gʻazabdan pishqirdi:
– Iye, tiling chiqib qopdimi? Sen besoʻnaqay yaramas, oʻzingni menga tenglashtiryapsanmi!
– Men tenglashtirayotganim yoʻq, aslida hammamiz bu yorugʻ olamga yashash uchun kelganmiz, – dedi Yushka.
– Bilagʻonlik qilma. Men bu dunyoda nima uchun yurganimni sendan koʻra yaxshiroq bilaman. Buni qara-ya, senga qanday gaplashishni oʻrgatib qoʻyaman, – yoʻlovchi kuch bilan Yushkaning koʻkragidan qattiq itarib yerga yiqitdi-da, – damingni ol, – degancha uyiga joʻnadi.
Ancha payt yerda yotgan Yushka bir agʻdarilib yuztuban yiqildi-yu, qaytib oʻrnidan turmadi. Birozdan soʻng shu yerdan oʻtib ketayotgan duradgor Yushkani oʻnglab yotqizar ekan, uning koʻzlari ochiq qolganini koʻrdi, ogʻzi esa qop-qora edi. Duradgor Yushka yotgan yerni qoʻllari bilan paypaslab tushundi, bu qon edi.
– Joni uzilibdi, alvido Yushka, bizlarni kechir, – pichirladi duradgor. – Odamlar seni chiqitga chiqarishdi. Lekin senga kim qozilik qiladi.
Ustaxona xoʻjayini Yushkani oʻz uyida dafn marosimiga tayyorladi. Yushkani soʻnggi yoʻlga kuzatish, u bilan xayrlashish, rozi-rizolik qilish uchun atrofda uni tanigan, bilgan, tirikligida unga azob bergan katta-kichik odamlar kelishdi. Shunday qilib jasadni qabrga qoʻyishdi-yu, uni unutishdi. Biroq odamlarga Yushkasiz yashash qiyinlashdi. Endi ular jahllarini bir-birlariga socha boshladilar. Chunki endi ularning alamzadaligini, gʻazabini koʻtaradigan Yushka yoʻq edi.
Kuzning oʻrtalariga kelib oʻsha odamlar Yushkani yana eslab qolishdi. Sababi, kunlarning birida temirchining uyiga yoshgina bir qiz kelib, Yefim Dmitriyevichni qayerdan topishni soʻradi.
– Qaysi Yefim Dmitriyevich? – ajablandi temirchi. – Bizda unday odam yoʻq, boʻlmagan ham.
Qiz esa bir muddat nimanidir kutgandek, joyidan jilmay indamaygina temirchiga qarab qoldi. Temirchi ham unga tikilgancha bemavrid kelgan mehmondan hayron edi. Oʻrta boʻyli bu qiz juda horgʻin edi. Uning oppoq, xushsurat yuzi, katta-katta kulrang koʻzlari shunday maʼyus boqardiki, xuddi hozir yigʻlab yuboradigandek. Temirchi buni yurakdan his qildi va mehmonga qarab:
– Sen soʻrayotgan odam Yushka emasmi, ha esladim, pasportida Dmitriyevich deb yozilgan edi, – dedi.
– Yushka, ha Yushka, – deb pichirladi qiz.
Temirchi turgan joyida bir zum qotib qoldi va:
– Siz unga kim boʻlasiz? – deb soʻradi.
– Qarindoshiman, desam ham boʻladi. – Men, men yetimcha edim. Yefim Dmitriyevich Moskvada meni kichik oilasiga aʼzo qilib oldi. Soʻngra maktabga – pansionga oʻqishga berdi. Har yili kelib meni koʻrib, oʻqishimning yillik pulini toʻlab ketardi. Endi esa katta boʻldim, universitetni tamomladim. Yefim Dmitriyevich negadir bu yil yozda meni koʻrgani kelmadi. Tezroq gapiring, u qayerda? Uning aytishicha, sizning qoʻlingizda 25 yil ishlagan ekan.
– Ha, chorak asr oʻtibdi, birga mehnat qildik, keksaydik, – dedi temirchi ustaxonani yopar ekan mahzun bir ahvolda. Soʻng u qizni qabriston tomon yetakladi. Qiz Yushkaning qabri tepasida choʻkka tushgancha yum-yum yigʻladi. U bilardi, Yushka kasal edi. Bu qabrda oʻzi yemay yedirgan, oʻqitgan, tarbiyalagan odam, otasidek qadrdon inson yotardi. Qiz oʻtgan yillar davomida oʻqib shifokor boʻldi. Yushkani davolash uchun bu yerga kelgan edi. Ha, bu qabrda qizni hammadan koʻp yaxshi koʻrgan, topganini unga tashigan, bor mehrini unga bagʻishlagan inson yotardi. Qiz ham uni chin qalbdan yaxshi koʻrardi!.. Bu qanday koʻrgulik!..
Oradan yillar oʻtdi. Shifokor qiz bizning shaharda qoldi. U sil kasallarni davolaydigan shifoxonada ishladi, uyma-uy yurib shu dard bilan ogʻrigan bemorlarni davolar, lekin hech biridan qilgan xizmati uchun haq olmasdi. Aksincha, ularni davolabgina qolmay, yaxshi gapirib kayfiyatini koʻtarardi. Dardi bedavolarni esa bu dunyodan qiynalmay koʻz yumushiga, jism-u jonidagi ogʻriqlarni kamaytirishga, dardini yengillatishga harakat qilardi. Bu qiz mehribon va rahmdil Yushkaning qizi ekanligini hamma bilardi.
Rus tilidan Zahro HASANOVA tarjimasi.