Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Tilxat

Baland gʻishtin qoʻrgʻonning ikki tabaqali keng, qoʻngʻirtus darvozasi lang ochiq. Xizmatkorlar rango-rang bezatilgan otlarni yetaklab chiqishyapti. Maktabdan qaytayotgan Temurbek padari buzrukvorining qayoqqadir otlanayotganini darhol sezdi. “Otasining tashvishlari koʻp. Xon yoʻqlagan yoki biror bek toʻyga chaqirgan, balki biror choʻponning boshiga tashvish tushgandir. Padari buzrukvori yetib bormasa, ul bechora chorasiz qolib, gʻam-anduhga botadur”.

Muhammad Taragʻay hovlida edi. Egnida buxorocha oq shohi koʻylak, nim koʻkimtir jelak, oyogʻida yangi amiri kovush. “Mehmonlikka otlanibdurlar, – koʻnglidan oʻtkazdi Temurbek. – Har safar mehmonlikka shunday odmi kiyinib boradurlar”. U qoʻlini koʻksiga qoʻyib, taʼzim qilib, odob bilan salomlashdi.

Oʻgʻlining salomiga alik olgan Muhammad Taragʻay uni keng, issiq quchogʻiga bosdi:

– Uyga kirib, ust-boshingizni yangilab chiqing! Sizni fozil bir xeshingiz birlan tanishtirurmen. Boʻyingiz oʻsib qoldi. Bundan buyon yor-birodarlarni yoʻqlab turish vazifangiz erur, bolam!

Temurbekning oqish, nim pushti yuzida sarosimalik soyasi koʻrindi. Muhammad Taragʻay oʻgʻlida ikkilanish paydo boʻlganini sezdi.

– Borgingiz yoʻqmi?!

Temurbek koʻzlarini pirpiratib javob qildi:

– Sayfuddin ogʻaynim birla yilqimizni koʻrgani borishga vaʼdalashgan edik.

Muhammad Taragʻay jilmaydi:

– Vaʼdaga vafo qilmoq er yigitning nufuzini oshiradur, oʻgʻlim. Bu xislatingizdan gʻoyat mamnunmen.

Temurbekning tiniq, begʻubor koʻzlari pirpiradi:

– Ammo men uchun avvalo, Sizning amringiz vojibdur, buzrukvorim! Lozim topsangiz, yoʻlda Sayfuddin doʻstimnikiga kirib, uzrimni aytib chiqsam: yilqini koʻrishga ertaga borsak ham boʻladur.

Muhammad Taragʻay oʻgʻlining maʼnodor nigohiga sinchkov boqdi:

– Sayfuddinbek ogʻir olmaydurmu?

– Ul ham padari buzrukvori soʻzini amri vojib deb biladigan bola!

Muhammad Taragʻay oʻgʻlining aqlli javobidan suyunib bir gaz oʻsdi va qizchaning begʻubor shahlo koʻziday tip-tiniq, moviy osmonga, jilvagar quyoshga, ertalabki yomgʻir top-toza qilib yuvib qoʻygan daraxtlarning yam-yashil barglariga mamnun boqdi:

– Balli, oʻgʻlim! Qani, ketdik!

Keng bugʻdoyzor dalalar, bir necha qishloqlar ortda qoldi, daradan oʻtgach, bir arava sigʻadigan tosh yoʻldan oʻng tomonga burilishdi. Gʻishtin devorli hovli va baland, oppoq imorat koʻzga tashlanadi.

– Keldik! – dedi Muhammad Taragʻay.

Otlar dupurini eshitgan yoshgina yigit ichkaridan yugurib chiqib, salom berarkan, ikki tabaqali ogʻir darvozani ortga surib, zoʻrgʻa ochdi.

Qarindosh deganlari xoʻppa semiz, gʻundalakkina, bir oz soddaroq kishi ekan. Quchoq ochib, avval Muhammad Taragʻayni bagʻriga bosdi, hol-ahvol soʻrashgach, Temurbekka yuzlanib, uni dast koʻtarib, uch-toʻrt bor gir-gir aylantirdi.

– Alp yigit boʻpti, polvon jiyan! – dedi keyin uning yelkasiga yengil qoqib.

Mehmonxona keng, yorugʻ, derazalari baland, oynalari koʻkish edi. Oʻtirishdi. Omin qilishdi. Xizmatkor yigit oftobada iliq suv, mis dashnik koʻtarib chiqib, qoʻllarga suv quydi, artinish uchun yelkasidagi oppoq sochiqni odob va tavoze bilan tutdi.

– Koʻp yashang! – deya unga minnatdorlik bildirdi Muhammad Taragʻay.

Egnida yoʻrma yoqali oq shohi koʻylak kiygan chuvak yuz yigit qoʻlida katta sargʻish dasturxon koʻtarib kirdi. Muhammad Taragʻay muloyim jilmayib turgan bu yigitga qararkan, dedi:

– Imomuddin aka, ukalarga yolchigansiz! Bebaho yigitlar koʻrinadi bularning bari!

Qarindoshlari dasturxonni yozib, shirmoy nonni ushatar ekan, jilmayib boshini qimirlatdi:

– Toʻgʻri aytasiz, xeshim, yigitlarimiz, Xudoga shukr, juda odobli! Otalariga rahmat! – Yigit chiqib ketgach, qalin qora qoshlarini chimirib qoʻshimcha qildi: – Xudo menga mol-u davlat berdi, ammo ularni saqlashga ojizmen.

Muhammad Taragʻay unga sinchkov tikildi:

– Alloh deng, birodarim, davlatingizga baraka bersin!

– Shukr, xeshim, ming shukr! – Imomuddin aka uh tortdi. – Lekin farzandlarimda salohiyat, choʻponlarimizda sabr-toqat yoʻq. Shu sababdan mol-u dunyomga nuqson yetmasa, deb qoʻrqaman.

Bola Temurbekning xushbichim yuziga maʼnoli boqdi.

– Padari buzrukvor, ruxsat bersangiz, bir fikr aytsam! – dedi va tazim qildi.

Muhammad Taragʻay jilmaydi:

– Siz er yigitsiz, oʻgʻlim! Er yigitning kattalar bilan soʻzlashishga haqlari bor. Soʻzlang, qulogʻimiz Sizda?

– Amakimga aytadurgʻon soʻzlarim bor!

– Soʻzlang, bek yigit, soʻzlaringizni jon deb eshiturmen! – dedi Imomuddin samimiy ohangda.

– Bek aka, – dedi Temurbek biyron tilda, – farzandlaringizga mollaringizni boʻlib bering va ularni oʻz mollariga doxil qilingkim, ular oʻz-oʻzlari bilan ovora boʻlsinlar. Soʻng har uch xizmatkorni bir aqlli xizmatkorga topshiring! Ularning har birini yettitadan qulning amiri qiling. Keyin yetmish xizmatkorga bosh boʻlgan yettita xizmatkorni bir-biriga taʼzim va tashrifiga buyuring. Ularni koʻzdan qochirmang, chunki ular bir-birlari bilan koʻp suhbatlashadilar.

Imomuddinning dumaloq yuzida nur oʻynadi, Muhammad Taragʻayga qarab hayrat va hayajon ila:

– Xudo xohlasa, farzandingiz jahonga podshoh boʻladi, uning soʻzlarida podshohlik amri bor, – dedi va oʻrnidan turdi-da, tokchadan qalam va siyohdon olib, Temurbekning oldiga qoʻydi:

– Bek yigit, yozing! Menga tilxat yozib bering. Davlat qushi boshingizga qoʻngach, farzandlarim, zurriyodlarim va yaqinlarimdan xiroj olmasinlar, ularning gunohlaridan oʻtsinlar, qavmimga tarxon unvoni berilsin!

Bola Temurbek jilmaydi va chiroyli husnixatda unga tilxat yozib berdi. Imomuddin oʻrnidan turdi-da, qogʻozni oʻng tomonda, burchakda turgan charm sandiqqa solib, qulflab qoʻydi.

Oradan yillar oʻtdi.

Muarrix Davlatshoh Samarqandiy “Tazkirat ush-shuaro” asarida quyidagi soʻzni bitib qoʻydi: “Ul qavm (Imomuddinning ajdodlari) to shu zamongacha Turkiston diyorida tarxondirlar”.

 

Toʻlqin Hayit

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.