Hayrat olami
“Gulxan” jurnali bosib oʻtgan 90 yillik yoʻliga nazar tashlasak, unga mashhur yozuvchi va shoirlar, bolalarga mehr qoʻygan ijodkorlar bosh muharrir boʻlib ishlaganlariga guvoh boʻlamiz. Ular haqida ilgari ham koʻp marotaba eslab oʻtganmiz. Ana shu betakror bosh muharrirlar safidan – Oʻzbekiston xalq shoiri Jumaniyoz JABBOROV ham oʻrin olgan. Shoirning tarjimai holi va ijodi haqidagi maʼlumotlar bilan jurnalning 32-sahifasida tanishasiz. Quyida esa shoir hayotlik davrida bolaligi haqida “Gulxan”ga taqdim etgan xotira-hikoyasidan ayrim lavhalarni eʼtiboringizga havola etmoqdamiz.
Yulduzlar charaqlagan osmonga termulib yotib, ajib oʻylarga choʻmasan kishi. Xayollaring ufqi birdan kengayib ketib, koinot bagʻriga singiysan. Somon yoʻlida xayolan suzasan. Yetti ogʻayni, Temir qoziq, Tarozi, Zuhro-yu Zuhal, yana qanchadan-qancha sobit-u sayyoradan maʼnolar qidirasan. Bir zamonlar al-Fargʻoniy, Mirzo Ulugʻbek kabi bobolarimiz samovotni oʻrganib, qanday ilmiy jasoratlar kashf etganini faxrlanib eslaysan. Men tikilib yotgan bu yulduziston olis bolalik sari yetakladi. Qishloq kechalari ayniqsa fusunkor boʻladi. Yulduzlar shu qadar ravshan porlab koʻrinadiki, qoʻlingni uzatsang goʻyo kaftingga qoʻnadiganday, ular bamisoli gulxanlar kabi lovullab, yuragingga nur boʻlib oqib kiradi Aslini olganda osmon oʻsha-oʻsha, yulduzlar ham. Faqat vaqt degan buyuk tushuncha uzluksiz harakatda.
Bolalik – umrning musaffo tong pallasi, bir olam moʻjiza. Barcha hayratlari, hayajonlari, oʻyinqaroqligi, zehniy tiniqligi bilan har bir insonga bir “qoʻnib” oʻtadigan ajoyib fasl. Kelgusida tabiatdan, hayotdan qanday ehsonlar oladigan boʻlsang – hammasining ildizi shu davrga borib taqaladi. Bolaliging qanday sharoitda, qanday zamonda oʻtgan boʻlmasin, baribir uni shirin bir entikish bilan eslaysan. Tushlaringga ham koʻpincha oʻsha davr, oʻsha hovli-yu koʻcha, oʻsha mahalla, oʻsha paytdagi oʻrtoqlaring kirib chiqadi. Odam sogʻinadi oʻsha yillarni. Tuproq koʻchalar, oydin kechalar zavqini qoʻmsaysan. Ariqlardagi girdob urib oqqan boʻtana suvlar, polizlardan taralgan qovun xushboʻyi, quduqning yaxday suvidan tayyorlangan chalob taʼmi, bedazorlardan potillab uchgan tustovuqlar, Alpomish-u Goʻroʻgʻliga sirdosh boʻlganing olis tunlar, oʻt oʻrish, somon jamgʻarish, adirda qoʻylarni oʻtlatish, varrak va chillakdan olingan charchoq va safo... ularni sanab ado qilib boʻlmaydi. Qashqadaryoning Poʻloti degan qishlogʻida kechdi bolaligim. Men shu qishloqda pishiqchilik faslida tugʻilgan ekanman. Uyimiz maktabning shundoqqina biqinida boʻlganidan erta-yu kech vaqtim maktabda oʻtar edi. Oʻqish joyimiz, oʻyin joyimiz, koʻzni ochib oq yuguradigan manzilimiz ham maktab edi. Koʻzimni yumib xayolga tolsam, bilqillagan tuproq koʻchalarni his etaman. Elektr chiroq yoʻq, yagona umidimiz oydin kechadan. Toʻlin oy koʻtarilib, hammayoqni sutdek ravshan qiladi.
Ota-onamning yolgʻiz farzandi edim, shuning uchun biroz erkatoyligim ham boʻlgan. Men jannatiy ayol Chinni momoning bagʻrida oʻsdim. Juda yaxshi koʻrardi, rahmatlik. Meni ergashtirib hali u, hali bu qarindoshlarinikiga olib borardi. Turmush qiyinchiligini shundan bilsa boʻladiki, quruq choy yoʻqligidan behi, olma shoxlarini damlab ichiladi. Atala-ku eng tansiq taomlardan. Umar Imomov degan rais toʻy qilganda, odamlar palov taʼmi qanaqa boʻlishini yana bir bor bilib qolishgan. Bolaligim urush yillariga toʻgʻri kelib, ancha ogʻir kechdi. Hamma yigitlar, ishga yaroqli kishilar urush maydoniga joʻnatilgan. Qayerdadir qiyomat qoyim janglar, bu yerda bir burda non azobi, ayollar, qariyalar, bolalar yelkasiga tushgan ogʻir, zahmatli mehnat. Janggohdan qora xatlar yogʻiladi. Yarador boʻlib qaytganlar ham ancha. Qishloqdagi barcha yangalarimiz tirik beva. Biz, maktab oʻquvchilari choʻlga chiqib toshbaqa teramiz. Oʻsha yillari negadir shu jonivorlar juda koʻpayib ketgan edi. Qop-qop toshbaqa. Qabul punktiga topshiramiz. Selpo – matlubot hovlisida ular soʻyilib, front uchun konserva qilinadi. Yana koʻp odamlar Oqquduq, Toshli choʻllariga chiqib ketib, yantoqda hosil boʻluvchi shakarni qoqib, qop toʻldirib uyga keltiradi. Juda shirin narsa, undan har xil holvalar tayyorlanadi. Erta bahor kelishi bilan dalalarda tak-tak degan boshoqli oʻt oʻsadi. Uni yovvoyi arpa deyish mumkin. Ismaloq chiqadi, yeryongʻoq kovlaymiz, tirikchilik biroz yengil tortgandek boʻladi... Mana shu ogʻir kunlarga dosh bergan qishloqdoshlarimga tahsinlar aytaman. Urush yillari qishlogʻimizga Rossiyadan koʻchirib keltirilgan oilalar ham bir talay edi. Ular xonadonlarga joylashtirilgan, bizga qoʻshni boʻlib, sherik boʻlib yashashgan. Ularga xalqimiz bagʻridan issiq joy berib, borini birga baham koʻrdi. Ular bor hunarlarini ishga solib, biri sartaroshxona ochdi, biri oʻqituvchilik qildi, yana biri poyabzal tikuvchi usta boʻlib ishladi. Bronya degan yosh ayol bizga nemis tilidan dars berdi. Luksik va Aron degan bolalar bilan oʻrtoq boʻldik. Roʻziqul degan ogʻaynim bilan uyni qop-qorongʻi qilib bekitib, qoʻlbola kino qoʻyishni oʻrgandik. 3–4 ta bolaga bilet ham sotganmiz oʻshanda. Maktabda dramtoʻgaragimiz ham boʻlardi, unga qatnashardik... Gapiraversang gap koʻp. Men bu yillardagi tuygʻularimni “Gulshan” va “Qishloqdagi haykal” degan dostonlarimda, “Bolalikka qaytish” degan sheʼrimda ifoda etishga intilganman...
Dunyoni “kashf” etish ufqlarimiz tobora kengayib, otam meni Buxoro-yu Samarqandga ham olib bordi. Bu shaharlardagi salobat-u goʻzallik meni tamomila rom etdi. Azamat binolar, madrasa-yu minoralar moʻjiza edi. Savollarim koʻpayib, hayratlarim oshdi. Otam alohida bir faxr va bilimdonlik bilan, 500 yil avval Amir Temur degan poshsho davrida qurilgan, deb tushuntirishdan zerikmasdi.
Men uchun muhimi – Qarshidagi teatr edi. Chinakam ajoyibot. “Yoriltosh”, “Farhod va Shirin”, “Oftobxon” kabi tomoshalarni koʻrib, hayratlarga shoʻngʻib yurardim. Sahnada jonli odamlarmi yoki kinoga oʻxshash narsami? – deya otamga tinchlik bermasdim. “Farhod va Shirin”dagi Yosumanning yovuz qiliqlarini koʻrib “dod” deb baqirib yuborganim esimda. Meni tashqariga olib chiqib ketishgan, xalaqit bermasin deb. Taqdirning taqozosini koʻringki, keyinchalik – oʻninchi sinfni tugatayotganda viloyat olimpiadasida shu sahnada turib, “Qashqadaryomsan mening” degan sheʼrimni oʻqiganman va shu yerdan “Oq yoʻl” olib, Toshkentga – respublika olimpiadasiga kelganman. Unda esa ikkinchi oʻrinni olishga muvaffaq boʻlganman. Keyinchalik ushbu teatr sahnasida men yozgan pyesalar qoʻyildi. Bu jonajon teatr men uchun eng moʻtabar ustozlarimdan biriga aylandi.
Qarshidagi kitob magazinlarida timirskilanib yurishni yaxshi koʻrardim. Albatta, nimalarnidir sotib olaman, imkon qadar. Asosan sheʼriy kitoblar boʻlardi ular. Sheʼrlardagi qofiya jarangi, musiqiy jilo, maʼno tovlanishlari, ravonlik meni maftun etardi. Bu qanday moʻjiza? Qanday sehr bor sheʼrda? Shularni tinmay oʻylardim. Qarshida koʻrgan-bilganlarimni tengdoshlarimga xuddi Oyga borib qaytgan odamday hikoya qilib berardim. Bular endi 10–12 yoshimdagi gaplar...
Qishloqdagi toʻliqsiz oʻrta maktabning 9-sinfini tugatgach, tuman markazi – Kosondagi maktabda 10-sinfni oʻqidim. Bu davr men uchun eng qimmatli, unutilmas davr. Adabiyotga boʻlgan havasim yanada kuchaydi. 1947-yili maktabni tamomlab, Toshkent dorilfununiga oʻqishga kirdim. Talabalik yillarim turli gazeta va jurnallarda sheʼrlarim chiqa boshladi. 50 yillik ijodiy faoliyatim davomida 30 ta toʻplamim nashr boʻldi. Qator pyesalar yozdim, ular sahnalashtirildi, muvaffaqiyatli qoʻyildi. Dunyoning bir necha mamlakatlarini koʻrdim. Sayohatlardan olgan taassurotlarimni sheʼrlar, dostonlarim va “20 kun daftari” degan nasriy kitobimda aks ettirganman.
Alqissa, qishlogʻimning yulduzli osmonlari meni katta adabiyot maydoniga yetakladi...