Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Qoʻrqitib quvonib boʻlmaydi

Islombekka adasi koʻrinishi judayam xunuk – qop-qora yopishqoq oʻrgimchak oʻyinchoq sovgʻa qildi.

– Zoʻr ekan, ertaga maktabga olib borib, Muslimaning yelkasiga qoʻyib bir qoʻrqitay, – dedi u sovgʻani qoʻlida aylantirar ekan.

– Bolam, qiz bola qoʻrqib ketsa, yaxshimi? – soʻradi buvisi hayron boʻlib.

– Qoʻrqsa, boshqa maqtanmaydigan boʻladi, bolalar mazza qilib kulishadi.

– Yaxshi bolalar birovni yigʻlatib qoʻyib, ustidan kulmaydi.

– E, buvijon, mana koʻrasiz, Muslimani oʻzi ham kulib yuboradi, axir bu oʻyinchoq-ku.

– Uni oʻyinchoqligini bilmasa-chi... Oqibati yomon boʻlsa-chi. Oʻtir, senga bolaligimda sodir boʻlgan shunga oʻxshash bir voqeani aytib beraman. Firdavs, sen ham eshitib qoʻysang zarar qilmaydi, kel yonimga, – Islombekning qoʻlidagi oʻyinchoqqa qarab turgan katta nabirasini chaqirdi buvisi.

– Oʻsha paytda men senday edim, – Firdavsga qarab hikoyasini boshladi buvi. – Sinfimizda Qosim degan judayam toʻpolonchi bola bor edi. U na qurbaqa, na kalamushdan qoʻrqar, hatto ilonni bemalol ushlab oʻynab yurardi. Baʼzida, sinfga olib kelib bizni qoʻrqitardi.

U sinfimizdagi eng aʼlochi qiz Maxfirat bilan bir partada oʻtirardi. Maxfirat ancha nozik, birov qattiqroq baqirsa ham choʻchib ketadigan qiz edi. Oʻquv yili oxirlab qolgan may oyining soʻnggi kunlari edi. Hammamiz choragimizga yaxshi baho chiqishi uchun harakat qilardik. Papkamizni zarur kitob-daftarlarga toʻldirib olardik. Maxfirat esa darslarni yaxshi oʻzlashtirgani uchun bunday qilmasdi. Papkasi yengil, boʻsh boʻlardi. Oʻsha kuni u biz bilan maktab hovlisiga chiqdi.

Havo biram yaxshi, atrofda maysalarning, nastarinning xushboʻy ifori taralardi. Biz mazza qilib oʻynadik. Kirish qoʻngʻirogʻi chalingandan keyin istamaygina sinfga kirdik. Matematika darsi edi. Oʻqituvchimiz kitob-daftarlarimizni parta ustiga chiqarib qoʻyishimizni buyurdi. Sinfni papkalarning sharaq-shuruq tovushi tutdi. Biroq ana shu sharaq-shuruqlarni ham bosib shunday vahimali qichqiriq yangradi-ki, hammamiz oʻrnimizdan turib, ovoz kelgan tomonga qaradik. Ne koʻz bilan koʻraylikki, dugonamiz Maxfirat yerda hushsiz yotibdi. Partasi ustida ikkita qop-qora choʻtir qurbaqa uyoqdan bu yoqqa sakrab yuribdi. Rangi oʻchib ketgan Qosim ularni ushladi-yu yugurib tashqariga chiqib ketdi. Aytmoqchi, Firdavs, sen Maxfiratni taniysan, oʻrtogʻing Elnurning buvisi.

– Iye, Elnurning buvisi soqovga oʻxshab gapiradi-ku, oʻsha kampir aʼlochi boʻlganmi?! – hayron boʻldi Firdavs.

– Boyadan beri men shuni tushuntirmoqchiman-da. U kichkinaligida duduq boʻlmagan. Hammasiga Qosim sababchi boʻlgan. Qosim tanaffusda qurbaqalarni tutib kelib, Maxfiratning papkasiga solib qoʻygan ekan. Maxfirat daftar olmoqchi boʻlganida, qoʻli muzday bir narsaga tegib, qoʻrqib ketgan. U shifoxonada 15 kun davolandi. Keyinchalik ham dadasi koʻp doʻxtirlarga koʻrsatdi. Biroq unchalik foydasi boʻlmadi. Qosim har kuni shifoxonaga qatnadi, qayta-qayta kechirim soʻradi. Ammo boʻlar ish boʻlgandi. Shunday chiroyli qiz nogiron boʻlib qoldi. Oʻz aybini anglagan Qosim Maxfiratning koʻziga qarashga ham uyalardi. Shu sabab boshqa maktabga oʻtib ketdi. Maxfirat kechirsa ham biz uni kechirganimiz yoʻq, hali ham koʻcha-koʻyda koʻrib qolsak, tanimaganday oʻtib ketamiz. Chunki har gal dugonamiz bilan suhbatlashganda Qosimning oʻsha sovuq hazili yodimizga tushadi.

– Buvijon, mana, olib qoʻying. Menga bunaqa oʻyinchoq kerak emas. Oʻzi shunaqa xunuk oʻyinchoqni nega sotishadi-a?! – qoʻlidagi qora “oʻrgimchak”ni buvisiga tutqazdi Islombek. – Men oʻrtoqlarimni kasal boʻlishini xohlamayman...

 

Muhabbat Hamidova

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.