Sen bilan siz
Bir kuni Sen bilan Siz bahslashib qolishibdi.
Sen debdi: – Men shunday bir kuchli soʻzmanki, ogʻzimdan chiqqan har bir “sen” odamlarga buyruq maʼnosini bildiradi. “Sen shuni bajarasan, vassalom”, – deyishadi.
Buni eshitgan Siz esa: – Yoʻq, siz mana bu gapga quloq soling, deb, bir suhbatni tinglashni taklif etibdi. U yerda ikki kishi shunday shirin suhbat qurishardiki, tillaridan “Siz” degan soʻz tushmasdi. Sen yana, takabburlik bilan: “baribir “Sen” degan ibora yaxshi, – debdi.
Siz: – “Suhbatga tushunmabsiz, ular bir narsani kelisholmay turishganda ham tillaridan “Siz” degan soʻz tushmadi. “Sen” degan soʻz ishlatilganda, u suhbat boshqa maʼnoga – hurmatsizlikka, bepisandlik va manmanlikka aylanib, yaxshilik bilan tugamas edi. “Siz” deb aytilgan soʻz har qanday noqulaylikning oldini oladi, koʻngillarni yumshatadi. Bu soʻz insonning odobidan, goʻzal tabiatliligidan, shirinsuxanligidan dalolat beradi. Qolaversa, “Sen ham siz ham bir ogʻizdan”, degan maqol bor-ku, shunga amal qilganimiz yaxshi, – deb “Sen”ni toʻgʻri yoʻlga boshlabdi.
Valida Umarova