Yomgʻir bilan koʻz yoshi
Osmonda qora bulutlar suzardi. Birdan sharros yomgʻir quydi. Yoʻlda oqib ketayotgan yomgʻir inson koʻz yoshiga duch kelibdi.
Yomgʻir: – Ey inson koʻz yoshi, sen kuchlimi yoki men? – deb soʻrabdi.
Koʻz yoshi boʻlsa, Yomgʻirning oʻrinsiz savolidan ajablanib, indamabdi.
Yomgʻir: – Nega indamaysan! Mening kuchliligimni hamma biladi. Men yer-u koʻkni larzaga solib, sel boʻlib hamma yoqni olib ketishim mumkin, – deb maqtanibdi.
Koʻz yoshi bosiqlik bilan javob beribdi:
– Insonlarga ziyon yetkazishing, dov-u daraxtlarni, ekinzorlarni payhon qilishingni menga maqtanib aytishga uyalmaysanmi? Bu, hammasi – tabiatning ishi, borliqni yuvishingni hamma biladi. Insonlar qalbida quvonch, gʻam-alam boʻlganda, oʻpkasi toʻlib turganida koʻz yosh toʻkadi. Shunda uning koʻngli yumshab, gʻubori tarqab ketadi. Sen tabiatning gʻuborini yuvsang, men inson koʻnglini anduhlardan xalos qilaman. Koʻz yoshi inson qalbini tetiklashtiradi. Sen buning maʼnosini qayerdan ham tushunarding, insonning bir tomchi koʻz yoshiga teng kelolmaysan, – debdi.
Ularni kuzatib turgan Aql gapga aralashib, orani ochiq qilibdi: – Toʻgʻri, har bir tomchi koʻz yoshi odamning koʻnglini yumshatadi. Lekin sen kattalarning koʻz yoshlari haqida gapiryapsan. Bolalarning koʻz yoshlari esa har xil boʻladi. Goho ayyor, injiq, erkatoy bolalar ham uchrab turadi. Ular atrofidagilarga aytganini qildirish uchun yolgʻon koʻz yoshlarini ham toʻkadilar. Yomgʻirning ham yaxshi tomonlarini unutmasligimiz kerak.
Keling, yaxshisi bu haqida oʻylab koʻrishni oʻquvchilarga havola qilamiz. Ular yomgʻir va koʻz yoshi haqidagi mavzuga yana nimalarni qoʻshimcha qila olar ekanlar?
Valida Umarova