Aldovning azobi
Men oʻqiyotgan gimnaziyada ustozlar anchagina qattiqqoʻl edi. Ular bizga birorta darsni qoldirishimizga ruxsat berishmasdi. Gimnaziyada oʻquvchilar birdan beshgacha boʻlgan ball asosida baholanardi. Men gimnaziyaga kelganimda atigi yetti yoshda edim. U yerdagi tartib-qoidalarni, darslar qay tarzda oʻtilishini bilmas edim. Shuning uchun boʻlsa kerak gimzaniyada oʻtgan dastlabki uch oy men tuman ichida yurgandek edim.
Oʻsha “tumanli” kunlarning birida oʻqituvchimiz bir sheʼrni ifodali oʻqib berdi:
Oy qishloqning tepasida quvnoq porlaydi,
Oppoq qor koʻk chiroq bilan chaqnaydi...
Men bu sheʼrni oxirigacha eshita olmadim va uyga berilgan topshiriqni ham tushunmadim. Chunki orqa partada oʻtirgan bolalar menga doim xalaqit berishardi. Ular meni kitob bilan urishar, quloqlarimga siyoh surtishar, sochlarimni tortishar, jahlim chiqib oʻrnimdan sakrab tursam stulim ustiga qalam qadab qoʻyishardi. Shu sababli sinfda bemalol oʻtira olmasdim. Ularning bir-birlari bilan pichirlashlaridan yana qandaydir fitna uyushtirishayotganini koʻnglim sezib, xavotirlanar edim.
Ertasi kuni oʻqituvchimiz xuddi atayin qilganday sheʼrni aytib berishimni soʻradi. Ustoz qaysi sheʼrni soʻrayotganini ham bilmasdim. Uyalganimdan sheʼrni yod olmaganimni aytolmay, boshimni egib, jim turaverdim. Bolalar shivirlab sheʼrning soʻzlarini ayta boshlashdi. Men ham ularning soʻzlarini takrorlab, sheʼrni ayta boshladim. Afsuski, burnimda surunkali shamollashim borligi uchun bir qulogʻim yaxshi eshitmasdi. Sheʼrni bir amallab boshladim-u, ammo soʻzlarni ilgʻab ololmaganim bois misralarni eshitganimcha, amallab takrorladim... Shu payt sinfda gurr etib kulgi koʻtarildi. Hatto oʻqituvchimiz ham kuldi. Keyin kundaligimni soʻradi va unga katta qilib “1” baho qoʻyib berdi. Men xafa boʻlib, yigʻladim. Chunki kundaligimdagi birinchi bahoim “1” boʻlishini kutmagan edim.
Dars tugashi arafasida opam Lelya, uyga birga qaytamiz, deb sinfimga keldi. Yoʻlda ketayotganimizda sumkamdan kundaligimni olib, opamga koʻrsatdim.
– Qarang, bu bahoni oʻqituvchim sheʼrni aytib berolmaganim uchun qoʻydi, – dedim. Opam menga qarab kuldi.
– Minka, bu – juda yomon baho. Rus tilidan “1” baho olganingni dadam bilsa, jahli chiqadi. Endi tugʻilgan kuningga fotoapparat ham olib bermaydi, – dedi.
– Unda nima qilish kerak?! – hayron boʻlib soʻradim. Lelya biroz oʻylanib:
– Sinfdoshlarimdan biri “2” baho olgani uchun kundaligining oʻsha varaqlarini bir-biriga yopishtirib qoʻygan edi, dadasi umuman sezmabdi, – dedi.
Men oʻylanib qoldim. Soʻng:
Lelya opa, axir ota-onani aldash yaxshi emas-ku, – dedim.
Lelya opam uyimiz yaqinidagi bogʻ tomonga qayrildi. Men oʻrindiqda oʻtirib kundaligimdagi “1” ga moʻltirab termulardim. U koʻzimga shunday xunuk koʻrinar edi-ki... Opam esa kundalikning varaqlarini yopishtirish haqida tinmay gapirardi.
Opam bilan bogʻda uzoq oʻtirdik, birga oʻynadik, soʻng uyga qaytdik. Sumkamni ochib qarasam, kundaligim yoʻq. Bogʻda oʻynayotganimda kundaligimni oʻrindiqda qoldirganim butunlay esimdan chiqibdi. Shoshib bogʻga yugurdim. Oʻtirgan oʻrindigʻimni, opam bilan oʻynagan joylarimizni yaxshilab qaradim. Lekin, kundalikni topa olmadim. Avvaliga kundaligimni yoʻqotganimdan qoʻrqqan boʻlsam, keyin ichidagi xunuk “1” ni dadam koʻrmasligi haqida oʻylab rosa, quvondim.
Kechki payt dadamga kundaligimni yoʻqotib qoʻyganimni aytdim. Dadam menga hech nima demadi. Ammo opam Lelya menga qarab jilmaydi-da, bir koʻzini qisib qoʻydi.
Ertasi kuni ustozim yoʻqolgan kundaligim oʻrniga yangisini berdi. Men ich-ichimdan: “Endi yangi kundaligimda faqat yaxshi baholar boʻladi”, degan xayolda ochdim. Ochdim-u kundalikning boshlanishida oʻsha xunuk “1” bahoga koʻzim tushdi. Farqi, oldingisidan-da kattaroq va yoʻgʻonroq. Ustozning bunday qilishini kutmaganim uchun ranjidim va yangi kundaligimni jahl bilan sinfimizdagi javonning tagiga qaratib otdim...
Keyingi kuni ham kundaligim yoʻqligini bilgan oʻqituvchim menga yangi, yaʼni uchinchi kundalikni berdi va dadamga koʻrsatishim kerakligini aytib, tanbeh yozib berdi. Maktabdan qaytishda boʻlgan voqeani opam Lelyaga aytgandim, u menga yana:
– Kundalik varaqlarini vaqtincha yopishtirib qoʻysak hech narsa qilmaydi. Fotoapparatni olganingdan keyin dadamga rostini aytib, koʻrsatamiz.
Men fotoapparatim boʻlishini judayam xohlardim va bu istagimga yetish uchun tugʻilgan kunimni kutayotgandim. Shuning uchun opam Lelyaning aytganlariga koʻndim va “1” baho qoʻyilgan, tanbeh yozilgan varaqlarning burchak tomonlarini ehtiyotlik bilan yopishtirdik.
Kechqurun ishdan qaytgan dadam:
– Qani, bolalar, kundaligingizni koʻrsating-chi! – dedi.
Dadam avval opamni, keyin esa mening kundaligimni koʻrib chiqdi. Lekin u hech nimani payqamadi. Shu payt eshik qoʻngʻirogʻi jiringlab qoldi. Dadam eshikni ochdi va qarshisida notanish ayolni koʻrdi. Ayol qoʻlidagini dadamga uzatar ekan:
– Kuni kecha men shahar bogʻida sayr qilgan edim. U yerdagi oʻrindiqdan mana bu kundalikni topib oldim. Ichida yozilgan ism-sharif va manzilni koʻrib, shular orqali uyingizni topib keldim. Menimcha bu oʻgʻlingizni kundaligi boʻlsa kerak, deb olib kelaverdim, – dedi.
Dadam kundalikni ochib qaradi va hammasini tushundi. Lekin qoʻrqqanimdek menga baqirib, urishmadi. U shunchaki sekingina shunday dedi:
– Yolgʻon gapiradigan, atrofdagilarni aldaydigan odamning ahvoli hamisha kulgili va achinarlidir. Chunki ertami-kechmi uning yolgʻonlari oshkor boʻladi. Bu dunyoda birorta yolgʻon fosh boʻlmay qolmagan...
Dadamning gaplarini eshitib, uyatdan yuzlarim qizarib ketdi. Keyin esa zoʻrgʻa:
– Maktabda – sinfimizdagi kitob javonining tagida yana bir kundaligim bor. Uni jahlim chiqqanidan otib yuborgandim. Men bu bahoni sizga koʻrsatishni ismagan edim, – dedim. Dadam bu soʻzlarimdan battar gʻazablanish oʻrniga menga jilmayib qaradi. Uning yuzlaridan goʻyoki nur porlayotgandek edi. Dadam meni mahkam quchoqlab, oʻpib qoʻydi va shunday dedi:
– Oʻz aybingni tan olganing meni xursand qildi. Sababi, sen yolgʻonning ortidan paydo boʻladigan yana bir yolgʻonning oldini olding. Bu esa koʻnlimga, bundan keyin mening oʻgʻlim boshqa yolgʻon gapirmaydi, hech kimni aldamaydi, degan umidni beryapti. Shu rostgoʻyliging uchun men senga fotoapparat sovgʻa qilaman...
Lelya opam dadamning bu gaplarini eshitib, judayam ajablandi. Axir u dadamning qattiq jahli chiqadi, deb oʻylagan edi-da. “1” baho olgan ukasining rostgoʻyligi unga fotoapparat sovgʻa qilgan boʻlsa, u ham dadasiga oʻzi haqidagi rost soʻzni aytib, maqtov eshitmoqchi boʻldi shekilli:
– Dada, men ham fizikadan “2” baho olgandim. Chunki darsga umuman tayyorlanmay borgandim, – dedi.
Ammo Lelya opamning kutganlari amalga oshmadi. Dadam unga jahl bilan tezda xonasiga kirib, uyga berilgan topshiriqlarni bajarishini, koʻproq kitob oʻqishi kerakligini aytdi.
Kech tushib, yotishga taraddudlanayotganimizda toʻsatdan eshik qoʻngʻirogʻi chalindi. Qarasam – oʻqituvchim! U dadam bilan men haqimda gaplashgani kelgan ekan.
– Bugun darsdan soʻng sinfni tozalayotganimizda kitob javonining tagidan oʻgʻlingizning kundaligini topib oldik. Menimcha, kundaligini sizlarga koʻrsatmaslik uchun berkitgan. U sizni va meni aldayotgan yolgʻonchi, – dedi oʻqituvchim.
– Oʻgʻlim menga bu kundaligi haqida ham, qilgan ishlari haqida ham gapirib berdi. Shuning uchun uni yolgʻonchi deb ayblashga shoshilmang. U qilgan ishlari notoʻgʻri ekanligini tushundi va buni oʻzi tan oldi... – dedi oʻqituvchimning gaplarini eshitgan dadam bamaylixotir.
– Shundaymi?! Men sizni bulardan bexabarsiz deb oʻylabman. Tushunmovchilik uchun uzr soʻrayman. Xayrli tun, – dedi ustozim biroz xijolatli ovozda.
Bu payitda men xonamda dadam bilan ustozimning suhbatini jimgina tinglab yotardim. Ayniqsa, dadamning oxirgi soʻzlarini eshitib, yum-yum yigʻladim. Oʻsha voqea menga katta saboq boʻldi va bundan keyin hech qachon yolgʻon gapirmayman, deb oʻzimga vaʼda berdim.
Oʻtgan yillar davomida men shu vaʼdamga sodiq boʻlib yashadim. Bu qanchalik qiyin va mushkul ish boʻlmasin, hozirgacha shu ahdimda sobitman. Zero, hech kimga yolgʻon gapirmay, rostgoʻy boʻlib yashash inson koʻngliga qanchalik yorugʻlik va xotirjamlik baxsh eta olishiga amin boʻldim...
Rus tilidan Shahrizoda SANAQULOVA tarjimasi