Danakdagi bogʻ
Laziz 4-sinfda oʻqiydi. Odobnoma darsida oʻqituvchi “Bir danakda butun bir bogʻ uxlab yotadi” mavzusini oʻtgach, bolalarga yuzlanib:
– Siz ham avval kichik edingiz. Ota-onangiz sizlarni tarbiyalab oʻstirganlaridan soʻng qoʻlingizdan ish kelib, dastyor boʻlib qoldingiz. Xuddi shunday, bir dona danak ham yerga tushgandan keyin ona tabiat uni yomgʻir suvlari va oftobning issiq tafti bilan oʻstirib, daraxtga aylantiradi, – dedi. Ustoz odamlar meva danaklarini yerga koʻmib, sugʻorib tursa, butun bir bogʻ paydo boʻlishi mumkinligini ham tushuntirdi.
Laziz uyga kelgach, bu haqda bobosiga aytib:
– Qanday qilib kichkinagina danakda katta bir bogʻ uxlashi mumkin? – deb soʻradi. Shunda bobosi bir hikoyani soʻzlab berdi.
– Bir bola boʻlgan ekan. Kunlarning birida choʻntagidagi yongʻoqni hovlisida tushurib qoʻyibdi. Yillar oʻtib, hovlida yongʻoq daraxti oʻsib chiqib, bola bilan barobar ulgʻayibdi. Yigit daraxt shoxlaridagi yongʻoqlarga qarab turib, bu oʻsha – oʻzi yoʻqotib qoʻygan yongʻoq ekanini tushunibdi.
Bobosi hikoyasini tugatgach, Lazizga yuzlanib:
– Maqolning maʼnosini endi tushungandirsan? – deb soʻradi.
– Demak, bir dona yongʻoq mevasi (urugʻi)dan bitta daraxt oʻsib chiqsa, bu daraxtning yerga toʻkilgan hosilidan yana koʻplab daraxtlar oʻsib chiqishi mumkin ekan-da? – dedi Laziz.
– Shunday desa ham boʻladi, – jilmaydi bobosi.
Shu kundan boshlab Laziz bobosiga bogʻdagi daraxtlarni parvarishlashda koʻmak bera boshladi.
Iqbolxon MUHAMMEDOVA,
Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 144-maktab oʻquvchisi