“Ajoyib” fikrning azobi
– Bobojon, sinfdoshim Jasur katta bolalarga qoʻshilib nos chekar ekan. Shu haqida oʻqituvchimizga aytsam, chaqmachaqar boʻlib qolmaymanmi? Oʻzi odamlar sigaret, nosvoyni nega chekishadi? Axir turgan-bitgani sogʻliqqa ziyon boʻlsa. Mana, siz balki nos chekmaganingiz uchun ham sogʻlom, tetikdirsiz, – dedi Nazokat supada choy ichib oʻtirgan bobosiga kuyib-pishib. Bobosi unga qarab jilmayib qoʻydi-da, piyoladagi choyni ohista hoʻplab, hikoyasini boshladi:
– Bahor kunlarining biri edi, maktabdan uyga qaytdim. Onam hovlida katta oʻgʻirda oqshoqdan talqon qilayotgan ekan. Oʻgʻirning dastasi ancha ogʻir. Nozik qoʻllari bilan dastani gurs-gurs uradi. Talqon tayyor boʻlgach, uni saryogʻga qorib, shakar qoʻshdi. Ertasi kuni oʻsha talqondan olib, bobom bilan buvimni koʻrgani bordim. Havo iliq. Mayin esayotgan shabboda yuzimni silab, goʻyoki meni allalayotgandek. Hovlidagi kattakon oʻrik tagidagi loy supaga joy toʻshalgan. Buvim hovliga suv sepib, supurib, dasturxon ham yozgan ekan. Ammo negadir bobom kun chiqar, buvim esa kun botar tomonga qarab oʻtiribdi. Avvaliga bir-biri bilan qattiq urishib qolishibdi, deb oʻyladim. Kirib kelganimni koʻrgan Ibodat buvim: “Kel, oʻgʻlim. Yaxshi keldingmi?” – deya bagʻriga bosib, peshonamdan oʻpib qoʻydi. Bobom ham asta hol soʻragan boʻldi. “Ha, buva, erta tongdan xafalashib qoldinglarmi?” – dedim. Buvim: “Bobongni nos qovogʻi boʻshab qolibdi, hamma gap shunda”, – dedi. “E, shunga shuncha gʻavgʻomi?!” dedim-da bobomdan pul olib, Nosir nosvoychinikiga ketdim.
Nosqovoqni toʻldirgach, xursand boʻlib ortga qaytdim. Yoʻlda ketarkanman xayolimga gʻalati, lekin “ajoyib” fikr keldi. Nos degani yaxshi narsa boʻlsa kerak. Chunki bobom doim nosqovogʻini yonlaridan qoʻymaydi. Soʻraganlarga: “Oʻzi oz qoldi”, – deb qizgʻangani qizgʻangan. Qani men ham bir taʼmini koʻray-chi, deb avval atrofga qaradim. Hammayoq jimjit. Hech kim koʻrinmaydi. Kaftimga oʻn donagina nosni toʻkib ogʻzimga solishim bilan koʻprikdan oʻtib kelayotgan Yunusboy amakiga koʻzim tushdi. Qoʻrqqanimdan nima qilishni bilmay qoldim. Tupurib tashlay desam, yaqin kelib qoldi. Agar ogʻzimda nos borligini bilib qolsa: “Saksonga chiqib men chekmagan, hali sen chekadigan boʻldingmi?!” deb hassasi bilan boplab savalaydi. Shu payt “Oʻgʻlim, bozordan kelyapsanmi?” – degancha hassasini doʻqillatib, Yunusboy amaki yonimda paydo boʻldi. Ogʻzim toʻla nos. Qanday gapiraman? “Ha” degandek boshimni silkitdim. “Durust. Uydagilar yaxshi yurishibdimi?”. Men yana boshimni silkitdim. “Otang bugun nahor oshda koʻrinmadi. Tinchmi? Salomatligi joyidami oʻzi?” Yana bosh irgʻadim. “Hoy bola, nima, ogʻzingga talqon solganmisan? Yo, hassamni sogʻindingmi?” – baqirdi bobo. Qoʻrqqanimdan yana boshimni silkitib yuboribman-da. Osmonda oʻynayotgan hassani boshimga kelib tushishini oʻylab, lunjimni shishirib turgan, koʻzlarimni olaytirib, behush qilayotgan, har yutinganimda ichimga tushib behuzur qilayotgan nosni yutib yubordim.
Koʻzlarim piyoladay-piyoladay boʻlib ketdi. Namuncha taʼmi yomon buni! Voy-yey! Yunusboy amakining qoshlari chimirilib, koʻzlari bilan teshib yuborgudek tikilib turibdi. Shunda talmovsirab “Ha”, deb qutildim. U Umar bobonikida toʻy, yana kimnikidadir nahorgi osh borligi haqida ayta ketdi. Koʻprikning oʻrtasiga yetganimda oshqozonim ogʻrib, boshim aylandi. Atrofimdagi odamlar koʻzimga toʻrtta boʻlib koʻrina boshladi. Kalishimni qoʻlimga olib, ariqqa tushdim. Uyimizga yetgach, suvdan chiqib, kalishimni kiydim. Darvozadan kirib, hovli oʻrtasiga yetganimda hushimni yoʻqotib, yiqilibman...
Keyin nima boʻlganini eslolmayman. Buvim yuzimga suv sepibdi. Bobom supaga yotqizibdi. Qattiq oʻqchiqdan soʻng sal oʻzimga kelibman. Buvim darrov qatiq, keyin rayhon solingan mastava ichirdi. Bobom buvimni koyib, meni bozorga yuborganidan afsuslandi. Shu voqea sabab haligacha nosni koʻrsam koʻnglim behuzur boʻladi.
Bobo hikoyasini tugatgach, boshini koʻtarib nabirasiga qaradi:
– Mana shu gaplarimni sinfdoshingga yetkaz. Oʻzi xulosa chiqarib oladi. Yana bir gap, doʻstingni yomon yoʻldan qaytarish uchun kattalardan yordam soʻrash chaqmachaqarlik emas, kuyinchaklik deyiladi. Uning kamchiligidan koʻz yumib, “Menga nima?!” – desang, doʻstga xiyonat boʻladi. Ana shunisi juda yomon.
Nazokat OʻRINBOYEVA,
OʻzMU filologiya fakulteti
2-kurs talabasi