Yigʻlayotgan tuflilar
Firdavsga adasi chiroyli loklangan qora tufli olib berdi. Firdavs tuflini uyoq-buyogʻiga qarab, rosa suyindi. Yomgʻir tinishi bilan yangi tuflini kiyib koʻchaga otlandi.
– Firdavs, qayoqqa? – soʻradi buvisi.
– Oʻrtoqlarimga tuflimni koʻrsatib kelay.
– Loklangan tuflini nam havoda koʻchaga kiyib chiqma. Hali oftob chiqqach, borasan.
– Nega? – hayron boʻldi Firdavs.
– Chunki bunday yomon havoda tuflingni nafaqat tagiga balki ustiga ham suv, loy sachraydi. Oqibatda tuflining yuzi ajin tushgandek yorilib-yorilib ketadi.
– Buvi, unda bu tuflini qachon kiyaman, suvni yomon koʻrsa, kir boʻlganda qanday tozalayman?
– Ha barakalla, endi toʻgʻri gapirding, anchadan buyon kuzataman. Koʻchadan kelasan-u oyoq kiyimingni ostonaga apil-tapil yechib, uyga kirasan. Shundan keyin u bilan ishing boʻlmaydi. Oying yoki men tozalab qoʻyamiz. Aslida bunday ishlarni oʻzing qilishing kerak. Shunga hafsala qilgan boʻlsang, men poyabzallarni qanday asrash kerakligini oʻrgataman, – chiroyi ochildi buvisining. – Loklangan tufli odatda toza, nam latta bilan artiladi. Umuman, lakli tuflini piyoz boʻlaklari bilan artsa, xuddi yangiday yaltiraydi.
– Etigimni kiya qolay, u loy boʻlsa, yuvib qoʻyaveraman.
– E, hadeb yuvaverib shoʻrlikni xafa qilib, rangini oʻchirvoribsan. Kecha ancha vaqtim etigingni tozalashga ketdi.
Poyabzal ham eʼtiborni, parvarishni xohlaydi. Vaqtida moylab, kremlab, keragida quruq, keragida hoʻl latta bilan artib tursang u senga ancha vaqt xizmat qiladi. Bu dadangni choʻntagiga ham foyda boʻladi. Hadeb oyoq kiyimga pul ketkazavermaydi. Oʻrniga senga kitob, qalam, ruchkalar olib beradi. Esingda tursin, etigingga oʻxshab, qalin teridan tikilgan poyabzallarni tez-tez moylab turish kerak. Moylash deganda faqat maxsus etikmoy emas, balki paxta yogʻi, dumba yogʻi bilan artish ham charmdan tikilgan etik, tuflilarga yoqadi. Oʻzidan suv, nam oʻtqazmaydigan boʻladi. Tufli yoki etikni koʻchadan keliboq sovuq suvda yuvib, issiq pechka yoniga qoʻyish ham zararli. Toʻgʻri, u yerda darrov quriydi, ammo, juda tez toʻziydi, yelimlangan joyi koʻchadi, sifati buziladi. Mana qara, mening tuflim yupqa teridan tikilgan. Shuning uchun u hoʻl boʻlsa, sovuq joyda quritishga qoʻyaman. Qurigandan keyin maxsus choʻtka bilan tozalab, keyin krem surtaman.
– E, sizni tuflingiz doim yangidek yaltirab turadi.
– Chunki men uni kremlab boʻlgach, duxoba latta bilan artaman-da. Agar oyoq kiyiming ichiga qogʻoz tiqib qoʻyib quritsang, shakli oʻzgarmaydi, katta yoki kichkina boʻlib qolmaydi. Oyoq kiyimni selofan paketda saqlash esa sirtini quritib, boʻyogʻini toʻkilishiga olib keladi, – dedi buvisi Firdavsni etigini qoʻliga tutqazib. – Egasi yaraqlatib kiygan tufli shodlanib koʻchaga chiqsa, ayrimlari unga parvo qilmay, tozalamay, kir yuzlarini hammaga koʻrsatgan sohibidan ranjiydi. Axir ular ham doʻstlariga chiroyli koʻrinishni istashadi. Sen tozalamay kiygan tuflingni doʻstlari masxara qilishini u esa sen sabab xafa boʻlib yigʻlashini bilmaysan-da...
– Rostdanmi buvijon?! Men bu haqda oʻylamagan ekanman! Endi har doim oyoq kiyimlarimni tozalab kiyaman. Ular endi meni deb doʻstlarining oldida xijolat boʻlishmaydi, – dedi Firdavs.
Muhabbat HAMIDOVA