Gʻaroyib shamol
– Jonga tegdi shu matematika. Hozir dars boshlanadi, keyin oʻqituvchi kirib, bemaʼni misollarni yechtiradi. Shu darsga kirmasak-chi, Mirjamol, – dedi Elyor.
– Nega endi bemaʼni boʻlarkan? Axir matematika juda qiziq fan-ku, – hayron boʻldi Mirjamol.
– Ey, nimasi qiziq. Agar men sehrgarga roʻbaro boʻlganimda, matematikani butunlay yoʻq boʻlishini, uning oʻrniga darsda samolyot yasab oʻtirishni soʻragan boʻlar edim, – Elyor oʻziga-oʻzi gapirib, papkasini ogʻir yukday yerga sudrab sinfga kirdi. Yuzida tashvish bilan partaga kelib oʻtirdi-da, qovoq solib oldi. Elyor bu darsda doimgidek ikkinchi partada emas, aksincha, eng oxirgi partaga borib oʻtirdi. Oʻqituvchi kirib, dars boshladi. U esa qoʻlini iyagiga tiragancha derazadan koʻchadagi bolalarga qarab xayol surib qoldi. Bir vaqt Elyorning partasiga boʻr parchasi kelib tushdi va oʻqituvchining ovozi jarangladi:
– Toʻqqizni ildiz ostidan chiqarsa, nechchi boʻladi, tez javob ber, Elyor?
Elyor oʻzini boshqara olmay sakrab turdi-da: – Boʻldi, bas. Matematika bizga kerakmas, – deb baqirdi.
Shu payt chunonam qattiq shamol esdiki, hatto, jiringlayotgan maktab qoʻngʻirogʻini ham uchirib yubordi. Zum oʻtmay shamol toʻxtadi, yana quyosh charaqlab ketdi. Biroq derazalar ochiqligi bois sinfxona changga toʻlgandi. Bolalar ham xuddi “loykulcha” oʻyinini oʻynagandek yuzi, koʻzi, ust-boshi chang boʻlib ketgan, hayratdan hamma bir-biriga qarardi. Ustozlari noiloj ularga ertaroq javob berib yubordi. Hamma uyiga keta boshladi. Elyor va Mirjamol yoʻldagi doʻkonga kirishdi.
– Menga mana bundan ikkita, – dedi Elyor “Xurustim” suxariklarini koʻrsatib. Biroq negadir, sotuvchi unga bitta berdi.
– Yoʻq, ikkita dedim...
– Nima ikkita, nima degani oʻzi u? – ajablandi sotuvchi.
– Shundan yana bitta berasiz, degani?!
– Hoy bola, hech kim tushunmaydigan soʻzlarni gapirma. Oʻzi boshim ogʻrib turibdi. Qani savdo qogʻozini choʻz-da, bu yerdan joʻna, – gʻazablandi sotuvchi. Bu gapni eshitib, bolalar bir-biriga ajablanib qarashdi-da:
– Bizda savdo qogʻozi yoʻq, – deb javob qaytarishdi baravariga.
– Ana, qoʻlingda turibdi-ku?
– Aka, bu pul-ku, pul deng, – dedi Mirjamol xaxolab.
– Boshimni qotirma, uzat savdo qogʻozini.
Ikki oʻrtoq bir-biriga qarab, sotuvchini ustidan kula-kula doʻkondan chiqib ketishdi.
– Savdo qogʻozi emish. Oʻzga sayyoralik savdogar ekan-a?
Ikki doʻst uy-uylariga kirib ketishdi. Elyor ayni tushlik ustiga yetib kelgandi. Oyisi uning ahvolini koʻrib, urishib berdi. Bolakay qancha isbot keltirib maktabdagi holatni aytsa ham hech kim unga ishonmadi. Elyor yuz-qoʻlini yuvib dasturxonga oʻtirganida yana doʻkondagi holat takrorlandi.
– Oyi, ikkita somsa uzatib yuboring!
– Ikkita deganing nimasi, somsa degin.
“Obbo, yana boshlandi”, xayolidan oʻtkazdi Elyor.
– Ertaga erka qizimni tugʻilgan kuni. Oyijonisi nima olib bersin? – qizidan soʻradi ona.
– Nechchiga toʻlasan? – qiziqib singlisiga qaradi Elyor.
– Iya, bu nima deganing?! Odam ham nimagadir toʻladimi? Sen meni suv idish deyabsanmi, suvga toʻladigan?
– Yoʻq, yoshingni aytyabman-da tentak. Ha, mayli qoʻyaver. Ziyofat nechchida boʻladi, shundan gapir?
– Nechchida emas, qayerda boʻladi. Uyda. Bugun senga nima boʻldi?
– Ha, xoʻp. Soatini belgiladingizmi axir? – doʻq urdi Elyor jahli chiqib. Chunki uni hech kim tushunmayotgandi-da.
– Soat, nima u? Soat? – Dasturxon atrofidagi hamma burab qoʻyilgan qoʻgʻirchoqqa oʻxshab bir soʻzni takrorlar, bir-birlariga qarab hayron edi. Ular hatto Elyor chiqib ketganini ham bilmay qolishdi. Bola doʻstining eshigini qoqdi. Oʻzi esa xayollari chalkash, nima boʻlayotganini sira tushunmasdi. Kim-u? Hozir.
– Menman, Mirjamol.
– Ha, senmi? Kel, kir.
– Hoy, Mirjamol, menga yordam ber! Uydagi hech kim bilan gaplasha olmayabman.
– Xuddi doʻkondagiga oʻxshabmi?
– Ha, undan ham yomon.
– Biznikida ham shu ahvol. Oyimga ustoz Xosiyat opani iltimosini aytib, tortga nechta tuxum va necha piyola shakar solishni soʻragan edim, bironta ham gapimga tushunmadilar.
Toʻsatdan oyisi har kuni serial koʻrishi Mirjamolning yodiga tushib qoldi. Doʻstini mehmonxonaga boshladi. Ruxsora opa dam olib oʻtirgan ekan. Elyor sabrsizlanib, savollar yogʻdira ketdi:
– Xola serial boshlanadigan vaqt boʻldi, koʻrmaysizmi?
– Vaqt, nima degani? Menga oʻzbek tilida gapir. Keyin qayerda degin, albatta televizorda.
Mirjamol bu holdan xavotirga tusha boshladi.
– Oyijon yoshingiz nechchida?
– Voy bolajonim, yigʻlamadim. Koʻzimda yosh yoʻq.
Elyorning sabr kosasi toʻlib ketdi. Ikki doʻst buning boisini izlashga tushdilar.
– Voy, dadam, – baqirib yubordi toʻsatdan Elyor. – Axir ular hisobchi-ku, holi nima boʻldi ekan, – deb uyiga qarab chopdi. Uning ortidan Mirjamol ergashdi.
– Dada bular nima? – soʻradi Elyor qogʻozlarni koʻrsatib.
– Bular samolyot. Ertaga boshliqqa topshiraman, – dedi Kamol aka fayldagi hisobotlarga ishora qilib.
– Nima, bankdagilar ham samolyot oʻynashadimi?
– Esing joyidami? Bularga qancha mehnat qilganman. Ishchilarning savdo qogʻozini samolyotlaganman.
– Nima, samolyotlagansiz?! Voxa-xa-xa-xa.
Mirjamol hisoblagichni koʻrib, uni yozuvlariga tushunmay turgan edi, Kamol aka koyib berdi:
– Hoy, samolyotlagichni tez joyiga qoʻy. Tagʻin sindirib qoʻyma.
– Qara, Elyor, kitoblarda ham birorta son yozilmagan. Hatto matematika kitobida ham.
Bu soʻzlarni eshitib, Elyorni boshiga tarsaki urilganday boʻldi. U oʻzining ahmoqona istagini esladi. Qilib qoʻygan xatosini uyida aytishga qoʻrqib, koʻchaga chiqishgach hamma gapni aytib berdi. Ikkisi suvga tushgan mushukday boʻlib qoldilar. Bir vaqt uzoqdan, “toʻpni tepib yubor”, degan ovoz keldi.
– Qaysi biri. Bu yerda koʻp-ku, – dedi Mirjamol. Shunda futbolchining oʻzi kelib:
– Senga inglizcha gapir demadim. Toʻpni tep dedim, toʻpni, – dedi jahl bilan. Uning ortidan kelgan bezori bola, – savdo qogʻozini choʻz, – deb ularni doʻpposlay boshladi. Dahshatdan uygʻonib ketgan Elyor bu tushligini ham unutib, oyisini oldiga yugurib bordi va hovliqqancha savol bera boshladi:
– Oyi mening yoshim nechchida?
– Oʻn uchda.
– “Bir, ikki, soat, hisoblagich”, men qaysi tilda gapirdim?
– Oʻzbek tilida.
– Bizning uyda soat bormi, u nechchi boʻldi?
– Bor, albatta. Oʻn boʻldi.
– Urre, – Elyor xursand boʻlib dadasining oldiga kirdi: – Dada nima qilyapsiz?
– Hisob-kitob.
– Mana bu nima?
– Hisoblagich, ruschasiga kalkulyator.
– Kitob bormi, kitob? Xayriyat, raqamlari bor ekan.
– Oʻgʻlim, bugun dam olish kuni. Senga nima boʻlyapti?! Bor, yuz-qoʻlingni yuvib ol. – Elyor koʻrgan tushini oyisiga aytib berdi. Hammalari miriqib kuldilar.
– Hoy, toʻxta. Meni samolyotlagichim qani? – jiddiylashdi Kamol aka.
– Yoʻq, ortiq chiday olmayman, – betoqatlandi Elyor.
– Oʻgʻlim, axir oʻzing shunday deding-ku. Endi buning nomi samolyotlagich-da, – dedi dadasi kulib, oʻgʻlini bagʻriga bosgancha.
Elyor matematikasiz hayot boʻlmasligini anglab yetdi va har kuni darslarini oʻz vaqtida tayyorlaydigan boʻldi.
Naima ANVAROVA