Yaxshilikni bilaman(mi?)
Akrom birinchi sinfda oʻqiydi. Oʻqish darsida ustoz Muhayyo Joʻraevna uni doskaga chaqirdi. Akrom kecha kun boʻyi telefon oʻynab, sheʼrni yaxshi yodlamagan edi. Xohlamaygina oʻrnidan turib, ustozning stoli yoniga bordi.
– Akromjon, qaysi sheʼrni yodlab kelish kerak edi?
– Dilshod Rajabning “Kitobim, jon kitobim” sheʼrini.
– Qani chiroyli qilib yoddan aytib bergin.
Akrom sheʼrni ikki qatorini tutilibroq aytdi, davomini eslolmay, bir zum shiftga qaraganicha turib qoldi. Shu payt birinchi partada oʻtirgan Shohjahon sheʼrning keyingi qatorini shivirlab aytdi. Akrom uning ovozini aniq-tiniq eshitdi. Va shu zahoti sheʼr boshdan oxirigacha yodiga tushib, sharillatib aytib berdi.
– Barakalla! Oʻtir, besh! – dedi Muhayyo Joʻraevna.
Akrom xursand boʻlib oʻz joyiga oʻtirar ekan, Shohjahonga minnatdor qarab qoʻydi.
Tanaffus paytida oʻgʻil bolalar yigʻilib, biri olib, biri qoʻyib telefonda oʻynagan “Pabg” oʻyini haqida gapirishdi. Akrom ham ularga qoʻshildi. Shohjahonning koʻzi uning qoʻlidagi telefonga tushdi.
– Vuy, telefoning zoʻr ekan-a, berib tur, – dedi.
– Berolmayman. Sendan oldin Muhammadyusufga beraman deb, aytib qoʻyganman, – dedi Akrom.
– Qizgʻanchiq. Yaxshilikni bilmas ekansan. Hali sheʼrni aytvormaganimda-chi, “ikki” olarding, tushundingmi?! – dedi Shohjahon qoʻlini paxsa qilib.
– Adashyapsan, men yaxshilikni bilaman. Yana-chi, yaxshilik qilgandan keyin, uni minnat qilish yaxshi emasligini ham bilaman, – dedi Akrom bosiqlik bilan.
Uning gaplaridan Shohjahonning jahli chiqdi. Bor ovozi bilan: “Ber, deyapman”, – deb baqirganicha Akromning qoʻlidagi telefonga yopishdi... Telefon polga tushib, oynasi sindi.
Akromning qoʻllari musht boʻlib tugildi. Shohjahonga qattiq tikilib qaradi... Keyin... mushtlashish fikridan qaytdi.
– Endi nima qilaman? Adamga nima deyman? – dedi lablarini tishlab...
– Ber, deganda berish kerak edi, qizgʻanmasdan. Telefoning ham sinmasdi, – dedi Shohjahon, sarosimaga tushganini bildirmaslik uchun qatʼiyroq ohangda.
– Sabr qilganingda, Muhammadyusufdan keyin, sengayam berardim. Telefonim ham sinmasdi, – dedi Akrom koʻzidan oqqan yoshni kafti bilan artib.
– Telefonning oynasini oʻzgartirsa boʻladi, oʻrtoq, xafa boʻlma, – dedi Muhammadyusuf achinib.
Akrom indamadi. Oʻgirilib asta joyiga oʻtirdi. Kaftini peshonasiga qoʻydi. “Ay, telefonimm... Eh, oyimni gaplariga quloq solib, telefonni kamroq oʻynaganimda, sheʼrni yaxshilab yodlagan boʻlardim, minnat ham eshitmasdim”, – dedi piq-piq yigʻlab.
Shohjahonning oʻrtogʻiga rahmi kelib, qarab qoldi. Soʻngra, shimini choʻntagidan “Snikers” shokoladini olib, Akromga uzatdi:
– Yigʻlama oʻrtoq, shokolad beraman. Shunaqa boʻlib qoldi-de, kechiraqol, oʻrtogʻimsan-ku!
Akrom boshini koʻtarmadi.
– Menga qara, Shohjahon, – dedi Muhammadyusuf, – kel, darsdan keyin Akromlarnikiga borib, oyisiga boʻlgan voqeani tushuntiramiz.
– Toʻgʻri aytyapsan, dadam ham, oʻrtogʻingni boshiga ish tushganda yolgʻiz qoldirmagin, deganlar. Albatta, birga boramiz, – dedi Shohjahon hayajonlanib.
Oʻrtoqlarining mehribonligidan Akrom xursand boʻlib, jilmaydi. Keyin doʻstlar “Snikers”ni uchga boʻlib, mazza qilib yeyishdi.
Zamira Ibrohimova