Topilma
Mixail Zoshchenko
Bir kuni Lelya opam bilan shokoladdan boʻshagan qutini olib, ichiga qurbaqa bilan oʻrgimchak soldik. Keyin qutini chiroyli gulqogʻozga oʻrab, koʻk bogʻich bilan bogʻladik-da, koʻrganlar goʻyoki kimdir sovgʻasini tushirib qoʻyibdi shekilli, deb oʻylashlari uchun bogʻ oldidagi yoʻlakka qoʻydik. Oʻzimizni kulgidan zoʻrgʻa toʻxtatib, “maxsus sovgʻa”mizning egasi kim boʻlar ekan, degan oʻyda butalar orasiga yashirindik. Ammo ancha paytgacha yoʻldan hech kim oʻtmadi. Toqatimiz toq boʻlib, zerikib ketdik. Shu payt uzoqdan kelayotgan bir kishiga koʻzimiz tushdi. U yerda yotgan sovgʻani koʻrib, qadamini sekinlatdi. Sovgʻaning oldiga kelgach toʻxtadi. Begona kishining koʻzlari quvonchdan porladi, qoʻllarini bir-biriga ishqalab, sovgʻaga qaradi. Bir quti shokolad topib olganidan hayajonda egilib, chaqqonlik bilan yelim xaltachani ochdi. Ichidagi haqiqatdan ham bejirim qilib oʻralgan sovgʻa ekanligiga amin boʻlgach, quti qopqogʻini koʻtardi: zulmatda zerikkan qurbaqa shuni kutib turgandek qutidan otilib chiqdi-yu, begona kishini qoʻrqitib yubordi. U taajjubdanmi yoki qoʻrquvdanmi koʻzlari ola-kula boʻlib, dovdiradi. Keyin qutichani bor kuchi bilan uloqtirib yubordi. Buni koʻrib Lelya opam bilan shunchalik miriqib kuldik-ki, maysazorga yiqilib tushganimizni sezmay qoldik. Ovozimizni eshitgan amaki gap nimada ekanligini tushundi. Qattiq jahli chiqqani avzoyidan koʻrinib turardi. Biz tomonga yugurarkan, roʻparasidan chiqqan panjara ustidan bepisand sakrab oʻtdi. Ahvol jiddiyligini sezib, bogʻni kesib chiqib, bor kuchimiz bilan uyimiz tomonga yugurdik. Tez yugurayotganimdan qoqilib, yiqilib tushdim. Orqamizdan quvib kelayotgan kishi yetib keldi-da, qulogʻimni ayamay choʻzdi. Ogʻriqqa chidolmay bor ovozim bilan baqirdim. U yuzimga ikki tarsaki tushirgach, biroz hovuridan tushdi shekilli, indamay bogʻdan chiqib ketdi. Ovozimni eshitgan ota-onam yonimga yugurib keldi. Lovullayotgan qulogʻimni ushlagancha boʻlgan voqeani onamga aytib berdim. Onam nozirlarni chaqirib, notanish kishini tuttirmoqchi boʻldi. Ammo, dadam koʻnmadi:
– Biz hech kimga arz qilmaymiz. Toʻgʻri, notanish kishi Minkaning qulogʻini choʻzib, yuziga tarsaki tushirgani yomon. Lekin, uning oʻrnida boʻlganimda, men ham xuddi shunday qilardim.
Dadamning gaplaridan onamning qattiq jahli chiqdi:
– Siz qanday otasiz?! Bu nima deganingiz?!
Toʻgʻrisi dadamning bu gapi opam Lelyaga ham, menga ham yoqmadi.
Undan boshqacha munosabat kutganim uchunmi, alamimdan yigʻlab yubordim. Sholgʻomdek qizarib ketgan qulogʻimni koʻrib, opam ham hoʻngrab yubordi. Buni koʻrib, onamning battar gʻazabi keldi.
– Oʻz bolalaringizni yonini olish oʻrniga, oʻsha kishini jazosiz ketishiga indamay yoʻl qoʻyib berganingiz nimasi?! Bolalar xato qilishgan boʻlsa, aybini yaxshilab tushuntiring. Shaxsan men bu yerda hech qanday yomonlik koʻrmadim. Bu shunchaki bolalarcha shoʻxlik. Birgina shoʻxlik uchun ularning tushgan ahvoliga qarang...
Dadam onamning gaplarini jim turib tingladi va vazminlik bilan javob qaytardi:
– Yillar oʻtadi. Farzandlarimiz katta boʻlishadi. Ana oʻshanda hozir aytgan gaplarimning qanchalar toʻgʻri ekanligini, yoshi katta odamga nisbatan nechogʻlik notoʻgʻri ish qilishganini tushunib yetishadi...
Oradan yillar oʻtdi. Besh, oʻn, oʻn ikki yil! Qarabsizki, men talabaman. Bolalikdagi shoʻxliklar, koʻpgina xotiralar yodimdan ham koʻtarilgan edi. Ammo bir kuni...
Bahorda imtihonlarim tugagandan keyin men ham kambagʻal talaba sifatida ishga kirmoqchi boʻldim. U paytda koʻplab talabalar oʻqishdan tashqari vaqtda ish topib ishlashar edi. Kavkaz Temir yoʻl boshqarmasida poyezd nazoratchisi qilib ishga olishdi.
Ertasiga Kavkazga borish uchun poyezdga bepul chiptalar tarqatishayotgani haqida eshitib qoldim. Ishxonamdan men ham bilet oldim. Eng avval, Rostov shahridagi temir yoʻl boshqarmasiga borib, nomimga yuborilgan pul va hujjatlarni olishim kerak edi. Biroq poyezd ancha kechikib kelgani sababli, shaharga kechki soat 5 da yetib bordim. Yuklarimni yoʻlovchilarning buyumlari saqlanadigan xonaga topshirdim-da, tramvayga oʻtirib konselyariyaga yoʻl oldim. Yetib borishim bilan eshik oldidagi nozir menga:
– Yigitcha, kech keldingiz! Konselyariya yopildi, – dedi.
– Axir pul va hujjatlar menga bugun kerak, – dedim hayron boʻlib.
– Afsuski, ish vaqti tugab, hamma xodimlar ketib boʻlishdi. Endi ertadan keyin kelasiz, – dedi nozir xotirjamlik bilan.
– Nega indinga, ertaga kelsam boʻlmaydimi?!
– Ertaga bayram. Konselyariya ishlamaydi.
“Endi nima qilaman? Axir choʻntagimda atigi uch tiyin bor. Bu yerda hech kimni tanimasam, qayerda uxlayman, qornimni qanday toʻygʻazaman. Oldinda yana ikki kun bor-ku”, deb oʻylanib qoldim. Soʻng yuklarimni olish uchun vokzalga qaytib bordim. Kiyimlarim ichidan bironta sochiq yoki koʻylakni tanlab olib, sotmoqchi edim.
Ammo xodim yuklar saqlab turilgan xona haqini toʻlashni talab qildi. Yonimda yetarli mablagʻ boʻlmagani uchun tashqariga chiqdim. Shu paytgacha bunchalik nochor ahvolda qolmagan edim. Nima qilishni, qayoqqa borishni bilmay koʻchada bemaqsad tentirar ekanman, koʻzim yerda qappayib yotgan qizil hamyonga tushdi. Bir zumda xursandchiligim ichimga sigʻmay oʻzimni xayolan mehmonxonada oʻtirib, kofe simirib, shokolad yeyayotganimni tasavvur qildim. Hayajon bilan borib, hamyonga qoʻl uzatdim. Menga shunday tuyuldimi yoki chindanmi qoʻlim tegar-tegmas hamyon siljidi. Ancha charchabman, degan oʻyda hamyonga yana qoʻl choʻzdim. Lekin hamyon yana oldinga siljidi. U goʻyo mendan qochayotgandek edi. Shu payt bogʻ tomondan yosh bolaning kulgisi eshitildi. Shunda yuragim nimanidir sezdi, eʼtibor bilan hamyonga qaradim. Unga ingichka ip bogʻlangandi. Hamyon bir zumda koʻzdan gʻoyib boʻldi. Jahl bilan bogʻning orqasiga oʻtdim. Qarasam, bir toʻda bolalar oʻzlarini kulgidan toʻxtata olmay, yerda dumalashardi. Ularning taʼzirini bermoqchi boʻldim. Ammo birdan bir necha yillar avval Lelya opam bilan qilgan ishim yodimga tushib, toʻxtab qoldim. Oʻshanda dadam aytgan gap xayolimda charx urdi. Uyalganimdan tez-tez yurib bolalardan uzoqlashdim...
Ikki kunni bir amallab oʻtkazdim. Kechqurun shahar aylanib yurib, xilvat maydonga borib qoldim va oʻsha yerda tong ottirdim. Ertalab choʻntagimdagi soʻnggi uch tiyinga non sotib oldim. Ertasiga ham kun boʻyi shahar kezdim. Kechqurun esa oʻsha maydonga qaytdim. Nihoyat uchinchi kun erta tongdan konselyariyaga borib, ochilishini kutdim. Egnimdagi kiyimlarning ahvolini koʻrgan xodimlar menga shubhalanib qarashdi. Hatto hujjat va pullarimni berishga ikkilanib qolishdi. Men boʻlgan voqealarni aytib bergach, oʻzimga tegishli narsalarimni oldim va xotirjam Kavkazga yoʻl oldim.
Aziz bolalar! Shuni unutmangki, hayotimiz davomida har xil voqea-hodisalar sodir boʻladi. Oʻsha voqealarning aksariyatiga esa oʻzimiz sababchi boʻlamiz. Kimgaki yaxshilik qilsak, ezgulik boʻlib, aksincha, yomonlik qilsak, ikki baravar yomonlik boʻlib qaytar ekan. Boshimdan oʻtgan bu voqea men uchun katta saboq boʻlgan.
Rus tilidan Shahrizoda SANAQULOVA tarjimasi