Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Olis sayyorada

Yozuvchi Temur Ubaydullo ijodini bolalarga sheʼr, doston, hikoyalar yozishdan boshlagan. Uning Telefon”, “Qirlar toʻla qizgʻaldoq, Hayot guli kabi yigirmaga yaqin kitoblari chop etilgan. Adibning aytishicha, Olis sayyorada deb nomlangan qissasi nevaralariga aytib bergan ertaklari asosida yaralgan. Unda Toʻlqin va Yolqin ismli ikki oʻrtoqning olis Vega sayyorasida boshidan kechirgan sarguzashtlari shirali tilda hikoya qilingan. Qissada inson hayotida oʻqish nihoyatda zarurligi, bilim ogʻir paytlarda ham toʻgʻri yoʻl koʻrsatishi haqida soʻz yuritiladi. Oʻylaymizki, kutilmagan voqealarga boy asar sizga ham manzur boʻladi.

Bir kuni Yolqin bilan Toʻlqin oʻtloqda buzoqlarini boqishayotgan edi. Osmon birdan gʻalati tusga kira boshladi. Avval qizardi, keyin sargʻayib ketdi. Sariq rang oppoq oqardi. Ikki oʻrtoq bunga ahamiyat bermay oʻtloqda mazza qilib yotaverishdi. Bir mahal Toʻlqin boshini koʻtarib, gʻalati mashinaga koʻzi tushdi.

– Yolqin, anavini qara... Qayoqdan kelib qoldi?

– Juda gʻalati-ya. Xuddi paravozga oʻxshaydi.

– Rostdan ham-a!..

Ikki oʻrtoq angrayib qolishdi. Birinchi boʻlib Yolqin lab-lunjini yigʻishtirib oldi:

– Toʻlqin, mabodo osmondan tushgan boʻlsa-ya? Yaxshi niyatda kelgan boʻlsa-ku...

– Yur, borib koʻramiz, – hovliqdi Toʻlqin.

– Ey, qoʻysang-chi. Tagʻin bir balo boʻlsa...

– Muncha qoʻrqmasang! Shundoq atrofini aylanib tomosha qilamiz, vassalom.

Bolalar qoʻrqa-pisa gʻaroyibotga yaqinlashishdi.

– Voy, rost aytasan, kosmik kema-ku?! – dedi Yolqin.

– Qulab tushganmikin-a?

– Ol-a, yiqilsa, zilzila boʻlib ketadi-ku!

Qiziquvchanlik qoʻrquvdan ustun keldi. Ikki oʻrtoq kemani obdon tomosha qilishdi. Toʻlqin uning biqinidagi tugmachaga qoʻlini tekkizgan edi, kemaning yon tomonida eshik paydo boʻlib, ohista ochildi. Yolqin qarsak chalib yubordi.

– Qani, Toʻlqin, chiqdik!

– E, shoshma, qamalib qolsak-chi?

– Nega qamalasan? Naryogʻida ham tugma bor boʻlsa kerak. Eshik yopilsa, shartta bosamiz, ochiladi.

Kema tashqaridan kichkina koʻrinsa ham ichi juda keng ekan. Toʻlqin tekkanga tegib, tegmaganga kesak otadigan bola emasmi, qizil, koʻk, sariq rangdagi allaqancha tugmalarga koʻzi tushib, birini shartta bosib yubordi. Shu onda kemaning eshigi mahkam yopildi. Keyin allanarsa guvillay boshladi. Kema birdan titrab ketdi. Yolqin jon holatda qichqirdi:

– Oyijon, qutqaring!

Unga Toʻlqin ham qoʻshildi:

– Bizni oʻgʻirlab ketishyapti?!

Birdan yop-yorugʻ ekran, keyin yozuv paydo boʻldi:

Tinchlik saqlansin!

Ikki oʻrtoq hushi boshidan uchdi: demak, kemada odam bor ekan!

– Yeb qoʻymaysizlarmi?

Ekran yana yorishdi:

Bizlar doʻstlaringizmiz!

Doʻst boʻlsang, oʻzingga. Buzogʻim qolib ketdi-ku! – yigʻlamsiradi Yolqin.

Toʻlqinning rangi oqarib ketgan, ikki qoʻli bilan oʻrindiq suyanchigʻini mahkam changallagancha qimirlamay oʻtirardi.

Kemaning guvillashi kuchaydi. Bolalar kema yerdan uzilib, tepaga koʻtarilayotganini sezib qolishdi. Ekranda yana yozuv paydo boʻldi:

Kamarlarni bogʻlang!

Ikki oʻrtoq shoshib-pishib xavfsizlik kamarini bogʻlab olishdi. Ekranda yana yozuv paydo boʻldi:

Tezlik bir daqiqada yuz kilometr.

– Voy-boʻ! – dedi Yolqin.

– Kemada aniq kimdir bor. Bizni asir oldi, – hovliqdi Toʻlqin.

– Qaroqchilar boʻlsa-ya! Unda Yerga qaytib kelish yoʻq! – vahimaga tushdi Yolqin. Ekranda yana yozuv paydo boʻldi:

Sizlardan boshqa hech kim yoʻq!

– Bor, kimdir bor! – Toʻlqin qichqirib yubordi. – Boʻlmasa, kim bunaqa yozuv yozyapti?

Ekranda yana yozuv paydo boʻldi:

Men avtomat boshqaruvchiman.

E, oʻrgildim avtomatingdan, – toʻngʻilladi Toʻlqin. Ekranda yana yozuv paydo boʻldi:

Tushunmadim, nima soʻrayapsiz?

Bolalar nima boʻlganini unutib, xaxolab kulib yuborishdi.

– Anavini qara, – Yolqin oshnasini turtdi. – Qanaqa sayyora ekan u?

Ekran yana yorishdi:

Mars yulduzi.

E, sendan soʻramayapman. Manavidan soʻrayapman, – xunob boʻldi Yolqin. – Gaplashgani ham qoʻymaydi-ya.

Ekranda yozuv koʻrindi:

Gaplashaver!

Voy-boʻ, rosa chiqib ketibmiz-u osmon-u falakka! – yuragi uvishib gapirdi Toʻlqin, – qaytishni ham oʻylash kerak.

Ekran yorishib ketdi:

Oʻzimiz Yerga keltirib qoʻyamiz!

Juda zoʻr avtomat ekanmi? – Yolqin hayron qoldi. – Yasagan olimga ham balli-yey!

Ekranda yana yozuv paydo boʻldi:

Olim emas, meni oltinchi sinf oʻquvchisi Aʼlo kashf qilgan!

Qoyil! – dedi Toʻlqin va sekin Yolqinga shivirladi. – Biz boʻlsak matematikadan “uch” olsak sevinamiz-a. Bunaqa zoʻr bolalar ham bor ekan-da?!

Ekran lipillab ketdi:

Uch baho olish uyat!

Jim boʻl, – Yolqin Toʻlqinning biqiniga turtdi. – Yaxshisi, oynadan qarab ketamiz.

– Tushib ketmaymizmi? – tashvishlandi Toʻlqin. – Qara, pasayib ketyapti.

Ekran yorishdi:

Yoʻq, tushib ketmaymiz!

Oynadan qandaydir notanish-u, lekin bolalarning koʻziga issiq koʻringan yerlar koʻrina boshladi. Kema unga yaqinlasha boshladi. Ekran oʻchib-yondi:

Diqqat! Vega!

Nima, sigaretmi? – Toʻlqin talmovsiradi.

Ekran yana lipilladi:

Sigaret emas, Vega – sayyoraning nomi. Hozir qoʻnamiz.

Nega lipillaysan?

Ekranda yozuv koʻrindi:

Jahlim chiqsa, shunaqa boʻladi.

– Ol-a! – Toʻlqin hayratga tushdi. – Vega! Axir buzoqlarimiz nima boʻladi, Yolqin! Dadamning jahlini bilasan-ku, bir kaltak yeydigan boʻldim-da!

Ekran oʻchib-yondi:

Mana, buzoqlaringiz.

Ekranda oʻtloq namoyon boʻldi. Ikkita – biri kattaroq, biri kichik buzoq bir chetda kavsh qaytarib yotardi. Yana yozuv paydo boʻldi:

Kaltak yemaysizlar. Uyingizga xabar borgan. Sizni kutishadi.

Ekranda Yolqinning uyi, duoga qoʻl ochib turgan buvasi koʻrindi.

– Ana texnika! – Toʻlqinning ogʻzi ochilib qoldi.

Kemaning tezligi keskin pasaya boshladi. Vega sayyorasi borgan sari bolalarga yaqinlashib kelardi.

Mana oʻtloq, mana oʻrmon, daryo... Kema xuddi suzib ketayotgandek ohista qoʻna boshladi. Bir titrab toʻxtadi. Eshik oʻz-oʻzidan ochildi. Ekran yondi:

Vega sayyorasiga marhamat!

Yolqin bilan Toʻlqin tashqariga chiqishib, hayratga tushishdi. Yoʻq, oʻzga sayyoraga kelishganidan emas, bu yerdagi hamma narsa Yerdagiga oʻxshaganidan! Ikki oʻrtoqni ular tengi, boshiga gʻalati qalpoq kiyib olgan bir bola kutib oldi. Eng qizigʻi, uning peshonasida ham ekran bor ekan. Bola kulib, taʼzim qilgan edi, ekran yorishdi:

Salom. Xush kelibsizlar!

Salom, oʻrtoq! – koʻrishgani qoʻl choʻzdi Yolqin. – Sogʻliqlaring yaxshimi? Sayyorang bizning Yerimizga judayam oʻxsharkanmi-a?

Bolaning peshonasidagi ekran yondi:

Otim Aʼlo. Salom, Vega Yerga oʻxshaydi.

Nima, soqovmisan? – soʻradi Toʻlqin.

Ekran yana yondi:

Yoʻq. Tilim bor. Lekin texnikadan foydalanish yaxshi.

Yur, – Yolqin uning yelkasiga qoʻlini qoʻydi. – Aʼlobek, shahringni koʻrsatasan endi. Ozib-yozib bir kelib qoldik, oshna.

Iy-ye, – gapirib yubordi Aʼlo, – men qiz bolaman.

Ikki oʻrtoq dovdirab qolishdi.

– Iy-ye, kechir, Aʼloxon... seni oʻgʻil bola deb qoʻlimni yelkangga qoʻyib yuboribman.

Yuringlar, – Aʼlo yoʻl boshladi. – Sayyoramizda hamma narsa toʻla avtomatlashtirilgan. Odamlar ortiqcha mehnat qilishmaydi. Avtomat mashinalarga buyruq berishadi, vassalom. Biz – bolalar boʻlsak, sayyoramizga daraxt koʻchatlari ekamiz, yangi-yangi kashfiyotlar qilamiz. Sizlar uchib kelgan kemadagi avtomatik boshqaruv mening ixtiroyim, birinchi ishim.

Yolqin bilan Toʻlqinning hushi boshidan uchdi: qiz bolasi shunchalik zoʻr boʻlsa, oʻgʻil bolalari qandoq boʻldiykin?!

Aʼlo qoʻlidagi pultning bir tugmasini bosgan edi, avtomobil paydo boʻldi.

Oʻtiringlar, – dedi Aʼlo, – bu yer kosmodrom. Hamma kemalarimiz yumush bilan sayyoraning turli tomonlariga uchib ketishgan. Hozir mana shu avtomobil bizni shaharga olib boradi.

Avtomobil gʻizillab, yurib emas, uchib ketdi. Uzoqdan koʻp qavatli uylar koʻrindi. Shaharga kirishgach, ikki oʻrtoqning hayrati yanayam oshdi:

– Xuddi Toshkentning oʻzi-ya! – Yolqin zavqlandi.

Biz yerliklarga juda oʻxshaymiz. – jilmaydi Aʼlo. – Chunki, bizning maqsadimiz bir. Demak, shaharlarimiz ham, oʻzimiz ham bir-birimizga oʻxshashimiz tabiiy.

Qurilish ham zoʻr ekan-a! – havaslandi Yolqin.

Birorta eski bino yoʻq, – Aʼloxon maqtandi, – hovli-joylar yangi.

Bironta ham-a? Sayyohlarga nima koʻrsatasizlar? Samarqand, Buxoro, Xiva, Nurotaga oʻxshagan shaharlaringiz yoʻqmi?

Men eski bino yoʻq dedim, tarixiy bino emas, – uqtirdi Aʼloxon, – tarixsiz xalq boʻladimi, “savodxon”lar?!

Avtomobil baland bino oldida toʻxtadi. Bolalar mashinadan tushishi bilan bino peshtoqidagi ekran yondi:

Xush kelibsiz, yerlik mehmonlar!

– Bu avtomatika muzeyi. Lekin bu yerga tanlov orqali kiriladi. Uchta savolga javob berasiz, keyin eshik ochiladi.

Shu choq ekran yop-yorugʻ boʻlib ketdi.

Ulugʻbek “Ziji Koʻragoniy”ni qachon yozgan?

– Al Fargʻoniyni bilasizmi?

– Maʼmun akademiyasi qayerda boʻlgan?

Yolqin bilan Toʻlqin bir-biriga qaradi.

– Men shu mavzular oʻtilganda darsni tashlab, internet kafega ketuvdim, – Yolqin chakkasini qashladi.

– Men boʻlsam, al-Maʼmun haqida hech narsa oʻqimaganman. Qanaqa odam oʻzi u? – mingʻirladi Toʻlqin. – Qip-qizil ahmoq ekanman-a!

Vaqt tugadi, – Aʼloxon ularga hayron boʻlib qaradi. – Endi eshik ochilmaydi. Shu oddiy narsalarni bilmaysizlarmi?

Ikki oʻrtoq xijolatdan nima deyishni bilishmasdi. Yoʻlda davom etishdi. Aʼloxon avtomobilni osmonoʻpar bino qarshisida toʻxtatdi.

Bu koʻrgazmalar binosi. Sayyoramiz bunyod boʻlgandan beri erishgan yutuqlarimiz shu yerga jamlangan.

Bu yerda ham savol beriladimi? – yuragi poʻkillab soʻradi Yolqin.

Bizda qaysi binoga kirilsa, albatta, bir nechta savolga javob berish kerak. Bu bilimni sinash, qolaversa, takrorlash hisoblanadi.

Aʼlo toʻgʻri aytgan ekan. Binoga kiraverishdagi ekran yaraqladi:

Doʻstlaring nechta?

– Vataningning qisqacha tarixini soʻzlab ber.

– Imom al-Buxoriy kim?

Yolqin bilan Toʻlqinga darslardan qochib, Eski shahar bozorida saqich, pista sotib yurishgani shu yerda shunaqayam alam qildi-ki!..

Aʼloxon boʻlsa ularga hayratlanib qarab turardi.

Oʻzi yerlikmisizlar?

Ha, – dedi ikki oʻrtoq baravar.

Shunaqayam savodsizmisizlar!

Oʻqiyapmiz, 7-sinfda, – mingʻirladi Yolqin.

Yo dangasasizlar, yo oʻqituvchilaringiz hech narsa bilmaydi.

Oʻqituvchilarimiz bilimdon, – Toʻlqin qip-qizarib toʻngʻilladi.

Bu ahvolda sizlarni doʻstlarimga qanday tanishtiraman? Yerdan vakil boʻlib kelibsizlar-u biron narsa bilmaysizlar-a. Uyat sizlarga!

Avvalo, biz oʻz ixtiyorimiz bilan elchi boʻlib kelmadik. Kemang majbur qilib olib keldi, – salmoqlanib dedi Toʻlqin, – keyin esa bizni yerga uraverma. Biz ham biron narsaga yarab qolarmiz.

Yerda sizlar bozorda saqich, pista, sigaret sotishga borasizlar, – Aʼlo ham achitib uzib oldi, – endi bozor ochib beramiz shekilli, sizlarga.

Qaytib ketdik Yolqin, nima qilamiz bu sersavol yurtda, – Toʻlqin hafsalasizlik bilan qoʻl siltadi.

Endi to mana shu savollarga javob topmaguningizcha sayyoramizdan ketolmaysiz. Nazoratxonaga axborot yuborilgan. Maxsus soqchi robotlar sizlarni kuzatishyapti, – kuldi Aʼloxon.

– Aʼloxon, agar bizni yerga qaytarib yuborsang, senga ikki kilo muzqaymoq olib beramiz. Xohlasang pulini ol! – dedi Yolqin.

– Bizni olib borgan kemadan berib yuboramiz, – uni quvvatladi Toʻlqin.

Aʼloning koʻzlari chaqnab, peshonasidagi ekran yondi:

Bizda pora olinmaydi. Jinoyatga qoʻl urmang!

Bolalar angrayib qolishdi.

– Boshqa iloji yoʻqmi?

Faqat oʻqib-oʻrganasizlar, – Aʼloxon yelkasini qisdi. – Hozir sizlarni kutubxonaga olib boraman.

Yolqin bilan Toʻlqin yigʻlab yuborishdi.

Davomi bor: Olis sayyorada

Temur Ubaydullo

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.