Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Olis sayyorada

Davomi. Boshi bu yerda: Olis sayyorada

– Yigʻlamanglar. Bizda hatto qizlar ham yigʻlamaydi.

Bolalar avjiga chiqishdi:

– Endi nima qilamiz? Qancha puldan qoldik. Kemaga nega chiqdik! Eh, attang!

Yolqin birdan toʻxtab Toʻlqinga tikildi.

– Arillama. Bozorga borishimizni qayerdan bildi?

– Mana, – Aʼloxon mitti qutichani koʻrsatdi, – bu yerda sizlar haqingizdagi hamma maʼlumot bor. Sizni bekorga olib kelmadik.

Avtomobil bu orada kutubxonaga yetib keldi. Ikkita bola Yolqin bilan Toʻlqinni ergashtirib ichkariga olib kirishdi. Aʼloxon qoʻlidagi pultning sariq tugmasini bosgan edi, stol ustida fizika, matematika, avtomatika, kosmonavtika, tarixga oid talay darsliklar paydo boʻldi. Aʼloxon avtomatning qizil tugmasini bosdi. Stolga suratli oʻnta har xil kitoblar kelib tushdi.

– Bu qoʻshimcha adabiyotlar. Marhamat, – keyin taʼkidladi. – Bu yerda soqchi temirtan bor-a?

– Endi oʻqimasak boʻlmaydi! – dedi Toʻlqin.

– Attang, avvalroq oʻqisak boʻlar ekan. Hozir maza qilib sayohat qilib yurgan boʻlardik, – afsuslandi Yolqin. Birdan kutubxona toʻridagi ekran yorishib ketdi:

– Soʻnggi pushaymon – oʻzingga dushman!

– Toʻgʻri gap! – tasdiqlashdi Yolqin bilan Toʻlqin.

Ikki oʻrtoq kitobga shoʻngʻib ketishdi.

– Shu qizga boʻysunib oʻtiribmiz-a, – bir mahal boshini koʻtardi Toʻlqin. – Oʻgʻil bolaning ishimi shu?

– Nima qilamiz?

– Shartta qochvoramiz. Kosmodromga yetib olsak boʻldi-da!

– Ey, yasha!

Yolqin atrofga yaxshilab koʻz yugurtirdi. Aʼloxon aytgan Temirtandan darak yoʻq. Ikkovlon oyoq uchida yurib tashqariga chiqishdi.

– Katta koʻchadan yurmaylik, koʻrib qolishadi, – dedi atrofga olazarak qarab Toʻlqin.

– Yur, yur, – qistadi Yolqin. Koʻchani kesib oʻtishgach, oʻzlarini quyuq daraxtzorga urishdi. Olmazorga yetganda Toʻlqin toʻxtadi.

– Ha, nega toʻxtading? – soʻradi Yolqin, – yuraversang-chi?

– Yesa boʻlarmikin? – olmalarga ishora qildi Toʻlqin.

Yolqin qip-qizil olmalardan bittasini uzib oldi. Yaxshilab yengiga artib, karsillatib tishladi. Toʻlqin ham bittasini tishlab koʻrib, bir nechtasini choʻntagiga solib oldi.

Ular olmazorning oxiriga yetishganda uzoqdan kosmodromning qoʻnish maydonchasi koʻzga tashlandi. Oshnalar yengil nafas olishdi.

– Endi birpas dam olamiz, – Yolqin maysazorga oʻzini tashladi.

– Aldadik-a! – Toʻlqin xursand boʻlib tirjaydi. – Voy seni qara-yu, bilimdon boʻlgan! Mushtumdek boshi bilan aql oʻrgatishini koʻr.

– E, qoʻysang-chi? – qoʻl siltadi Yolqin, – birpas oʻylama oʻsha Aʼloni. Peshonasidagi ekranidan oʻrgildim. Ikki oʻrtoq mazza qilib kulishdi.

– Menga qara, – dedi Yolqin, – Kosmik kemaga qanday qilib chiqamiz?

– Qanday kelgan boʻlsak shunday ketaveramiz, – dedi Toʻlqin. – Faqat kutishimiz kerak-da. – Ikkovlon jim qolishdi. Bir mahal quloqlari ostida momaqaldiroq gumburlagandek boʻldi.

– Boʻldimi? Ammo-lekin juda quvnoq bolalar ekansizlar. Menga yoqib qoldinglar. Shuning uchun qochib ketganingizni hech kimga aytmayman.

Yolqin bilan Toʻlqin sakrab turib, tepalarida qarab turgan soqchi robotni koʻrishdi. Ularga shunaqa alam qildiki...

– Sen... sen... maxluq, tinch qoʻyasanmi bizlarni yo yoʻqmi?! – Yolqin qoʻllarini musht qildi.

– Men oʻz ishimni bajaryapman, – xotirjamlik bilan dedi soqchi temirtan, – qani yuringlar, vaqt ketyapti.

Bolalar suvga tushgan mushukdek boʻlib kutubxonaga qaytib kelishganda Aʼloxon, yana bir notanish ayol shu yerda edi.

– Sizlar bilan jiddiy gaplashmasak boʻlmas ekan, – dedi Aʼloxon. Keyin ayolga oʻgirildi: – Marhamat, tanishinglar, bizning oʻqituvchimiz Noxaroʻj opa boʻladilar. Ayol Yolqin bilan Toʻlqinga ancha tikilib turdi. Keyin mamnunlik bilan jilmaydi.

– Eson-omonmisizlar? Sizlarni koʻrganimdan juda xursandman. Qani, oʻtiringlar.

Yolqin bilan Toʻlqin kitoblar qalashib yotgan stol yonidagi oʻrindiqlarga choʻkishdi.

– Sizlarni nega bu sayyoraga olib kelganimizning sababini bilishingiz kerak. Hamma gap shundaki, – dedi u salmoqlanib, – siz ikkovingiz sayyoramizning ikkinchi qismini toshyuraklardan qutqarishingiz, u yerga hayot eltishingiz kerak. Uning uchun esa oʻqish zarur.

– Nimadan qutqaramiz? – hovliqib qoldi Yolqin.

– Tosh odamlardan, – dedi Noxaroʻj opa, – hozir esa oʻqinglar, oʻrganinglar. Qolgan gapni kechqurun gaplashamiz.

Ikki oshna oxiri astoydil oʻqishga tushib ketishdi.

– Boʻldi, – dedi Aʼloxon kirib kelib, – mehmonxonaga ketamiz. Bilimlaringizni tekshirib turdik. Zoʻr kashfiyot qilishga qodir bolalar ekansizlar-u, dangasalik qilib yuribsizlar-a? Sizlar bir kun mobaynida egallagan bilim bilan hatto, toshda gul undirishingiz mumkin.

– Bilim bilan birga ovqat ham kerak... – toʻngʻilladi Toʻlqin.

– Kechki dasturxon sizlarga muntazir, – dedi Aʼloxon tajribali uy bekalariga oʻxshab.

– Minnatdormiz! – qoʻllarini ikki tarafga yoydi Yolqin, – oshxonangizga ham imtihon bilan kirarmiz hali?!.

– Vegada yagona imtihonsiz joy – oshxona, – piqirlab kuldi Aʼloxon.

Bolalar obdon ochiqqan emasmi, tortinib oʻtirmasdan noz-neʼmatlarni tushira ketishdi. Noxaroʻj opa ularga hali uni, hali buni tutar, dam-badam “olinglar, olaveringlar”, – derdi.

– Boʻldi, – dedi Toʻlqin birinchi boʻlib qoʻlini artib.

– Men ham, – dedi Yolqin piyoladagi sharbatni simirib. Keyin toʻrtovlon oʻtloqda sayr qilishdi.

– Siz Veganing bir qismini koʻrib, hayratga tushyapsiz, – dedi Noxaroʻj opa, – uning bundan ham goʻzal yarmi Toshyuraklar qoʻlida. Necha yillardan beri kurash olib boryapmiz. Bu yerlarda odamlar kamligi shundan. Hamma chegarada. Biz vegaliklar juda rahmdil xalqmiz. Bizni bosib olganlar esa Toshyuraklar. Necha-nechasini yoʻq qildik. Lekin ularning koʻksi toshga tegishi bilan yana tirilaveradi. Suv ichmaydi ular. Ming daraja issiqda ham pishgandek qip-qizil boʻlib yuraveradi. Oxiri qondoshlarimiz boʻlgan yerliklarga murojaat qilishga qaror qildik. Yerga borgan signallarimiz sizlar haqingizda xabar berishdi. Keyin kema yubordik.

Bolalarga hamma narsa oydinlasha boshladi.

– Bor umidimiz sizlardan, – dedi Noxaroʻj opa, – butun qavm-qarindoshimiz, doʻstlarimiz oʻsha tomonda.

Aʼloxonning onasi ham dushmanlar qoʻlida azobda.

– Bechora oyim! – hoʻngrab yubordi Aʼloxon.

– Yigʻlama, – uni yupatdi Toʻlqin, – oʻsha toshlarni oʻldirib, tanasidan imorat quramiz.

– Majbur etmaymiz, – dedi Noxaroʻj opa, – yana bir karra oʻylab koʻringlar. Yoʻq desanglar, yerga kuzatib qoʻyamiz...

Bolalar yechinib oʻringa kirishganida ham Noxaroʻj opaning gaplari taʼsirida edilar.

– Aʼloga rahmim kelyapti, – dedi Toʻlqin.

– Matonatini qara, – dedi Yolqin, – biz boʻlsak kitob oʻqishdan qochib yuribmiz.

– Qaydam, – Toʻlqin turib oʻtirdi, – menga qara, bu Toshyuraklarni nima qilamiz-a? Bizning kuchimiz yetmasa...

– Ikkovimiz boramizmi jangga? – talmovsiradi Toʻlqin, – bu axir adolatsizlik-ku! – Keyin jim qoldi. Peshonasini tirishtirdi. Yolqin unga tikilib turaverdi.

– Kel endi uxlaylik, – dedi Toʻlqin. – Ertalab bir gap boʻlar.

 

***

Birinchi boʻlib Toʻlqin koʻzini ochdi. Gʻira-shira shabadada deraza pardalari hilpirar, quyosh nurlari devorda oʻynardi...

– Menga qara, Yolqintoy, qoʻlimizdan kelmaydi, deb qoʻyaqolaylik-a?

Yolqin indamadi. Ular kiyinib boʻlishgan ham ediki, eshik taqilladi.

– Kiravering, – deyishdi bolalar baravariga. Eshik ochilib, Aʼloxon kirib keldi.

– Xayrli tong, – jilmaydi u, – yaxshi uxloldinglarmi?

– Yaxshi, – mingʻirladi Toʻlqin, – xuddi uyimizda yotgandek, faqat chivini yoʻq.

Aʼloxonning peshonasidagi ekran yorishdi:

– Chivin qanaqa boʻladi?

– Boshlandi! – qoʻl siltadi Yolqin, – oʻzi endi esimdan chiqayotgandi shu chiroqlaring.

Uchalovi kulib yuborishdi. Ayniqsa, Aʼloxon hammadan koʻp kuldi.

– Hozir choy ichamiz, – dedi Aʼloxon kulgidan toʻxtab, – keyin chegaraga qarab yuramiz.

– Shundoq ketaveramizmi urushga? – hayron boʻldi Toʻlqin, – miltiq-piltiq deganday...

– Qurolning keragi yoʻq. Sizlarga bilim qurol boʻladi. – dedi Aʼloxon.

Bolalar indamay yelka qisgancha Aʼloxonga ergashishdi. Jimgina nonushta qilishdi. Faqat Yolqin:

– Bitta non olib belimga bogʻlab olay, – dedi, – buvim doim non yoʻlda hamrohing boʻladi derdilar.

Uning bu iltimosi soʻzsiz bajarildi.

– Yaxshi odat ekan, – maʼqullab qoʻydi Noxaroʻj opa.

Chegara uncha uzoq emas ekan. Umuman uni chegara demasa ham boʻlardi. Chunki Toshyuraklar bosib olgan joylar aslida Vega sayyorasi hududi edi. Oʻrtada keng yaylov. Vegalik vatanparvarlarning aytishicha, u jang maydoni ekan.

Yolqin bilan Toʻlqinni Qoʻmondonga topshirishdi.

– Shu bolalarmi? – Qoʻmondonning hafsalasi pir boʻlib qoʻl siltadi, – men yerdan kelgan boʻlsa Alpomishlarmi, debman.

– Jangimizda Alpomishlar yordam beradi, deb oʻylaysizmi? – norozi ohangda dedi Noxaroʻj opa, – axir sizdek azamatlar bitta ham Toshyurakni yiqita olmadinglar-ku!?

– Nega shunaqa boʻlyapti? – peshonasini ishqaladi Qoʻmondon, – yiqiladi, ertalab qarasak yana jangda-da. Hech aqlimiz yetmayapti. Borib qoʻl tekkizolmaymiz. Xuddi choʻgʻga oʻxshaydi Toshyuraklar, kuydiradi. Yuzi-koʻzi ham, qoʻllari ham qip-qizil... Qanaqa maxluq ekan oʻzi bular? Yagona qilolgan ishimiz – yaylovdan beri oʻtkazmayapmiz.

– Razvedka qildinglarmi? – soʻrab qoldi Yolqin.

– Yuborgandik. Hech kim qaytib kelmadi.

– Sotilib ketgandir, – luqma tashladi Toʻlqin.

– Sotilmaydi u, – gʻurur bilan dedi Qoʻmondon. – Ziyokor eng asl odamlarimizdan. Dovyurak, aqlli... Chamasi qoʻlga tushgan-u azobda qolgan.

– Bir qarorga kelaylik, – dedi Noxaroʻj opa, – nima qilamiz?

– Bizda bir taklif bor, – dedi Yolqin. – Toʻlqin ikkovimiz razvedkaga boramiz. Agar biron narsaga erishsak, huv anavi tepalikda oq bayroq koʻtaramiz. Sizlar hujum boshlaysizlar. Erishmasak, bayroq koʻtarilmasa, biz yoʻqmiz.

Aʼloxonning peshonasidagi ekran yaraqlab ketdi:

– Unaqa demanglar-ey!

– Yana chiroq! – Toʻlqin dodlab yuboray dedi, tiling bor-ku!

Qoʻmondon xo-xolab kuldi.

– Yaxshi taklif. Men qoʻllab-quvvatlayman. Yoʻlga otlanishdan oldin manavi xaritaga yaxshilab qarab olinglar.

Yolqin bilan Toʻlqin xuddi boshliqlardek xaritaga tikilishdi.

– Mana bu yer Toshyuraklar qarorgohi. Mana bu yer sizlar aytgan tepalik. Tepalik emas, ulkan yassi togʻ, – davom etdi Qoʻmondon, – qolganini vaziyatga qarab hal etinglar.

– Daryo bormi? – toʻsatdan soʻradi Toʻlqin.

– Daryo yoʻq u tomonda, – tushuntirdi Qoʻmondon, – buloqlar bor. Chamasi ular ham koʻmilib ketgan. Veganing u tomoni nihoyatda issiq. Ehtiyot boʻlinglar.

Ogʻaynilar tunda razvedkaga chiqadigan boʻlishdi. Ikki suvdonda suv gʻamlashdi.

– Yaxshi borib kelinglar. – Ularni bagʻriga bosdi Noxaroʻj opa, – kutamiz.

– Omon qaytinglar! – Aʼloxon Yolqinning boʻyniga osildi, – juda ham ehtiyot boʻlinglar.

– Chirogʻing yonmayapti-ku! – hazillashdi Toʻlqin.

Ikki oshna qorongʻulik qaʼriga kirib ketishdi. Qoqilib-suqilib olgʻa borishardi. Bir mahal Toʻlqin Yolqinning qoʻlidan tortdi.

– Ehtiyot boʻl, qara, anavi qora narsa qimirlayapti.

Yolqin diqqat bilan tikildi. Bir qora narsa koʻtarilib qaddini rostlashi bilan Yolqin:

– Odam-ku! – deb yubordi. Toʻlqin darhol uning ogʻzini yopdi. Keyin ikkinchisi oʻrnidan turdi. Sal oʻtmay toʻrt-beshtasi bir joyga yigʻildi. Birinchisi bolalar turgan tomonga yura boshladi. Ikki oshnaning yuragi “Tagʻin berkinib turgan toshimiz ham odamga aylanib qolsa-ya”, degan qoʻrquvdan duk-duk urardi.

– Toshyuraklar shular shekilli, – dedi Yolqin shivirlab.

Toshyurak shundoqqina toshning yoniga kelib toʻxtadi. Atrofga alangladi...

Davomi bor: Olis sayyorada

Timur Ubaydullo

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.