Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Olis sayyorada

Davomi. Boshlanishi: Olis sayyorada

Nimani qidiryapsan? – narida qolganlardan biri soʻradi.

– Birov borga oʻxshaydi. Gaplashgani eshitilgandek boʻldi. – Toshyurak yana atrofga sinchiklab qarab, orqasiga qaytdi.

– Vahimachi boʻlib qolibsan, – dedi sheriklari.

– Hadeb oʻlib-tirilavergandan keyin, juda hushyor boʻlib ketarkansan, – Toshyurak toʻngʻilladi, – ammo kecha boplab boshimni moʻljalga olishdi-da. Haligacha zirqiraydi. Qoʻmondonimizga ham hayronman: kunduzi issiqda qiynaydi, kechasi salqinda tiriltiradi. Shu ham ish boʻldi-yu! Juda taʼzirimni yedim. Oʻlib-oʻlolmaysan, qolib qololmaysan.

– Qoʻmondonimizning nomi nega Xarsang? – soʻradi bittasi. – Bippa-binoyi odam-ku! Qoʻpol ham emas...

– Ismini qoʻyaver, – dedi yana bittasi, – Vega nihoyatda soʻlim sayyora deyishuvdi. Nega bunchalar issiq? Salkam sakson-yuz darajaga chiqadi-ya, tavba.

Ular gaplashgancha yurib ketishdi.

– Qarorgohga ketishyapti, – dedi Yolqin. – ketdik, ularga ergashamiz.

– Bilib qolishsa-chi? – hadiksiradi Toʻlqin.

– Ehtiyot boʻlib yuramiz. Men oldinda boraman. Sen oʻn qadamcha orqada yur. Mendan koʻz uzma. Biron narsa boʻlsa, ortingga qaytib, Qoʻmondonga xabar ber.

Yolqin ildam yurib ketdi. Toʻlqin unga ergashdi. Bolalarning nazarida juda uzoq yurgandek boʻlishdi. Toshyuraklar birin-ketin bitta teshikka kirib gʻoyib boʻlishdi. Yolqin ham teshik ogʻziga kelib, orqasiga bir qarab oldida, qorongʻuda hech narsani koʻrmay pastga dumalab ketdi.

– Ehtiyot boʻl, Toʻlqin! – chinqirib yubordi u, – zinalar bor ekan.

Pastga tushib, chalqanchasiga agʻdarildi. Anchagacha oʻziga kelolmay yotdi. Oʻziga kelganida ikki toshyurak qoʻltigʻidan ushlab turardi

– Qoʻmondon Xarsangning oldiga eltinglar, – buyurdi uchinchisi. Chamasi unvoni kattarogʻi shu boʻlsa kerak. – Buning sherigi ham bor boʻlsa kerak.

– Sherigim yoʻq, – dedi shosha-pisha Yolqin.

– Unda nega Toʻlqin deding?

– Biz yiqilsak shunaqa deb baqiramiz, – yolgʻon gapirdi Yolqin.

– Sen bu choʻpchagingni bogʻcha bolalariga ayt! – oʻshqirdi unvoni kattasi. – Ketdik yuqoriga.

Toʻlqin panada oʻtirgancha qaltirardi. “Endi Yolqin tamom” oʻyladi u. Bir mahal uni bir narsa dast koʻtardi-yu ichkariga olib kirib ketdi. Toʻlqin baqirmoqchi edi, ogʻziga bir narsa tiqilib, ovozi chiqmay qoldi. Koʻzlarini chirt yumib oldi.

– Och koʻzingni, – muloyim ovozni eshitgach, Toʻlqin sal oʻziga kelib, bir koʻzini ochdi. – Shunaqayam qoʻrqoqmisan?

Toʻlqin roʻparasida turgan Toshyurakni koʻrib, esxonasi chiqib ketdi.

– Qoʻrqma, men toshyuraklardan emasman. Oddiy vegalikman.

– Nega boʻlmasa hammayogʻing tosh?

– Bu niqob, – tushuntirdi vegalik. Keyin egnidagi kiyimni yechib tashladi. Kulib turgan binoyidek kishini koʻrib, Toʻlqin angrayib qoldi, – Ismim Ziyokor. Razvedkaga kelgandik. Sheriklarim ehtiyotsizlik qilib, qoʻlga tushdik. Bir amallab qochdim. Sen qayerdansan?

– Yer sayyorasidanmiz, Olmazor mahallasidan, – dedi Toʻlqin, – Aʼloxonning aytishicha, biz Toshyuraklarni yuta olar ekanmiz.

– E, senlarmiding oʻshalar? – hayratlandi Ziyokor, – anchadan beri kutaman. Sheriging qani?

– Gʻorga tushib ketdi.

– Gʻor emas, qoʻmondon Xarsangning qarorgohi. Sheriging hozir soʻroq berayotgandir.

– Uni qutqarish kerak. Juda aqlli bola, – dedi Toʻlqin yigʻlamsirab, – Usiz hech narsa qilib boʻlmaydi.

Ziyokor Toʻlqinga gʻalati qarab qoʻydi-yu indamadi.

 

* * *

Yolqinni koʻrgan Xarsangning ensasi qotdi.

– Olib borib suvxonaga tashlanglar, – dedi qisqa qilib, – obdon taʼzirini yesin. Keyin bir tilga kiradi.

Yolqinning suvxonadaligidan xabar topgan Ziyokor juda xursand boʻlib ketdi.

– Qutqaramiz, – dedi qoʻllarini qirsillatib, – qutqaramiz.

Chindan ham Ziyokor yashirin yoʻlni bilar ekan. Kattakon bochkada tomogʻidan suvga koʻmilib, qaltirab turgan Yolqinni qutqarib olib kelishdi. Issiq yopinchiqlarga oʻrab qoʻyishdi.

Tongga yaqin Toʻlqin biqini kuyayotganini sezdi.

– Oʻt tushdimi? – Ziyokordan soʻradi u, – tagimdan issiq chiqyapti.

– Butun muammo ana shunda, – dedi Ziyokor, – xona qurgʻur kechasi sovub ketadi, kunduzi qizib ketadi. Chidab boʻlmaydi.

– Topdim! – dedi ularning suhbatini eshitib yotgan Yolqin sakrab turib, – Topdim! Meni hoziroq suvxonaga eltib tashlanglar. Gap bor.

Yolqin yurgan yoʻllarini eslab qoldi.

Yana bochkaga tushib turaverdi. Bir mahal ikki Toshyurak kirib kelishdi.

– Ha, yollanma askar! – kulishdi ular. – bizni yengamiz deb oʻylayapsanlarmi? Biz kunduzi olovdek boʻlamiz, mabodo oʻldirsanglar kechasi yana tirilamiz. Chuchvarani bunaqa xom sanamanglar. Biz oʻlmaslardanmiz.

– Tavba qildim kashcheyvachchalar, – dedi tishlarini gʻijirlatib Yolqin, – Meni bochkadan olinglar, sizlar tarafga oʻtaman, gapim rost!

– E, bor ekansan-ku! – dedi Toshyuraklardan biri.

– Yashasin Xarsang! – qichqirdi ikkinchisi.

“Yashasin-chi, yashasin, oʻyladi Yolqin, koʻrsatib qoʻyaman yashasinni”.

– Qani, boshla! – buyurdi Yolqin.

Xarsang shalabbo boʻlgan Yolqinni koʻrib jilmaydi.

– Biz tomonga oʻtdi! – axborot berdi Toshyurak.

– Suvimiz shunaqa, darrov aqlni kirgizadi, – masxaraomuz kuldi Xarsang, – Xoʻsh, nima deysan endi, jimitvoy?

– Yoʻlingiz toʻgʻri yoʻl, – dedi Yolqin, – ikkovimiz holi qolsak, gapim bor.

– Janob qoʻmondon, – dedi toshyuraklar ketgach dona-dona qilib Yolqin, – issiqlikni ikki baravar kuchaytirish kerak. Har bir Toshyurak ikki baravar qiziydimi? Keyin jangga kirganda vegaliklarni urib yurishmasin, quchoqlab olishsin. Ular yonib ketishadi.

– Aqlingga qoyilman! Shu bugundan boshlab mening oʻrinbosarimsan! – xitob qildi Xarsang, – Xoʻsh, issiqlikni oshirish bilan oʻzing shugʻullan. Yodingda boʻlsin, simtoʻrning naryogʻiga oʻtma.

– Nega? – talmovsiradi Yolqin.

– U yerda vegaliklar bor, – tushuntirdi Xarsang, – avval uyoqdagilarni qirib tashlaylik, buyoqdagilarni qul qilamiz. Senga ham yuztasini beraman. Mazza qilib yashaysan.

– Toshyurak boʻlaman! – gʻoz turib qichqirdi Yolqin.

Yolqin to issiqlik maromiga yetgunicha hamma koʻrganlarini xotirasiga muhrlab bordi. Ayniqsa vegaliklarni koʻrib yigʻlab yuboray dedi. Ozib-toʻzgan, kiyim-boshi uvada bolalar, qariyalarni koʻrib Yolqinning ichi achishib ketdi.

– Suv, suv beringlar, – deb yolvorardi ular.

– Bularga suv beraylik, – dedi Xarsangga Yolqin, – axir ular oʻlib qolsa, kimni qul qilamiz?!

– Shunga aqlim yetmaganini qara-ya! – dedi Xarsang, – hozir aytaman, suv beradilar.

Har bir vegalik bir hovuchdan suvni yutoqib ichishini koʻrib Xarsang qancha xursand boʻlsa, Yolqin shuncha gʻazablanardi.

– Ichaqolinglar, yaqinda qul boʻlasizlar! – derdi Xarsang.

– Shoshmanglar, yaqinda ozod boʻlasizlar, – derdi ichida Yolqin.

Issiqlik xonasidagi muammolarni koʻrib Yolqinning hushi boshidan uchdi: hamma narsa kompyuter bilan boshqarilarkan. Ammo u sir boy bermay hamma kompyuterlarni sinchiklab koʻzdan kechirdi. Keyin operatorga buyurdi:

– Ikki baravar oshir issiqlikni!

Xarsang juda kelishgan kishi boʻlgani bilan chinakam xarsangning oʻzginasi edi. Uncha-muncha narsaning farqiga bormadi. Hatto nega Yolqinning osongina taslim boʻlganini oʻylab ham koʻrmadi. Yolqin vaziyat bilan tanishish bahonasida Ziyokor turgan xonaga kirdi.

– Shumi topganing! – boʻkirdi u, – hammani oʻldirasan-u, bir hovuch kulimiz qoladi.

Chindan ham Ziyokordan, Toʻlqindan shuvillab ter oqardi, suv ichib toʻyishmasdi ular.

– Toʻlqinni kechqurun vegaliklar tomonga oʻtkazib yuboramiz, borib aytsin, oq bayroq koʻtarmaymiz. Ertaga, – dedi Yolqin, – jangga kirganda ehtiyot boʻlishsin. Toshlarni oʻzlariga yaqinlashtirmay rosa sarson qilishsin. Kechgacha bir amallab chidanglar, xoʻpmi? Ikkinchi kun esa bochkalarda suv olib kelishsin!

Kechgacha hammayoq doʻzaxga aylandi. Toshyuraklardan jimir-jimir hovur koʻtarilardi. Kechqurun havo soviy boshladi. Shoshib-pishib bir-ikki Toshyurak suvga oʻzini urgan edi, poq-poq ajralib ketdi. Yolqin bir amallab ularning jasadini berkitdi.

– Endi tushundim, – dedi Ziyokor, bu xabarni eshitib, – e, qoyil-ey, Yolqinga. Toshyuraklar issiqda yonib keladilar. Muzdek suvni ichadilar-u tamom. Voy tagʻin aqlliman deb, shu boshimni koʻtarib yuribman-a.

– Fizika oʻqiganmisiz? – soʻradi Toʻlqin.

– Oʻqiganmiz. – dedi Ziyokor. – Lekin hammasini aqlli mashinalarga joylaganmiz-da.

Ertalab Toshyuraklar jangga tashlanishdi. Oyoqlariga yumshoq kalishlar kiyib olgan vegaliklar ularni rosa sarson qilishdi. Kechgacha Toshyuraklarning jamoasi qop-qora koʻmirdek boʻlib ketdi. To kech kirib jangdan qaytishguncha, Yolqin barcha suvlarni berkitib tashladi.

Shu kecha oh-vohlar tinmadi. Yolqin bechoraga ham qiyin boʻldi. Sharros ter quyar, suvsardi. Bir amallab bir kosa-yarim kosa suv ichib olar, lekin battar chanqardi.

Toshyuraklar lageri jimjit boʻlib qoldi. Hamma bagʻrini zahga berib yotar, birov-birovga hatto holing qalay ham demasdi. Xarsang shu holida ham nutq soʻzlardi:

– Ertaga hal qiluvchi jang! – dedi tantanavor. – Ertangi kun tarixga tilla harflar bilan yozilajak.

Toshyuraklar issiqda rosa holdan toydi. Ertalab amallab oʻrinlaridan turishdi. Xuddi lahcha choʻqqa oʻxshab qolishgan, bazoʻr qadam tashlashardi. Jang boshlanganda otash azobida qizib quturgan Toshyuraklar vegalik askarlarni quvlashga tushdi.

– Bochkalar yumalatilsin! – buyurdi Qoʻmondon Alyokim, – tezroq boʻlinglar!

Suv toʻla bochkalarni koʻrib Toshyuraklar hang-mang boʻlishdi. Keyin baravariga ularga tashlanishdi. Hovliqib, hansirab suv ichishar, ustilaridan quyishardi. Bir necha daqiqa oʻtgach esa qars-qurs qilib boʻlinib-boʻlinib ketishardi.

Kechga borib yaylov Toshyuraklarning jasadlariga toʻlib ketdi. Vegalik askarlar sal qimirlagan boʻlaklarga muzdek suv sepishar, suv jazillab ketardi.

Xarsang xotirjam edi. U ertalab yana Toshyuraklar oʻrinlaridan turib ketishlariga ishonardi. Ammo u oʻylaganchalik boʻlmadi. Ertalab Toshyuraklar turmadi. Xarsang tor-mor boʻlgan edi.

– Ablah! – dedi u Yolqinga, – seni doʻst bilibman-a! Hozir seni dabdala qilib tashlayman.

Yolqin tanish yoʻllar bilan Ziyokor va Toʻlqin turgan tomonga qochdi. Xarsang soʻkinib, uni quvlardi. Yolqin gʻor eshigidan kirishi bilan Ziyokor uning yoʻlini toʻsdi.

– Xush kelibsan! – dedi u gʻazab bilan. – Kel, suv ich, muzdekkina.

Toshyuraklar kiyimidagi Ziyokorni koʻrib, Xarsang xursand boʻlib ketdi.

– Qachon turding? – dedi u, – qolgan askarlar nega turishmayapti?

– Turishadi, turishadi! – tinchlantirdi Ziyokor, – avval suv ich.

Negadir suv ichib, qoʻmondon Xarsang boʻlaklarga boʻlinib ketmadi. Boʻshashib yerga yiqildi, xolos.

– Obdon qizimagan shekilli, – dedi peshonasini ishqalab Ziyokor, – hay, mayli, yotaversin.

– Qayoqdan kelib qolgan bu toshyuraklar? – soʻradi Toʻlqin.

– Bilasizlarmi, – dedi Ziyokor, – ular mutlaqo ishlashni, qurishni, yaratishni, bilim olishni istashmaydi. Ular qancha sayyoralarni sahrolarga aylantirishmadi! Ular ham odam, lekin nima desam ekan...

– Manqurt bular, – dedi shivirlab Yolqin.

– Ha, barakalla, manrqurtlik ularni toshga aylantirib yuborgan.

– Hammayoq issiq, endi bu joylarni sovutish kerak. Yaylov ham sargʻayib, choʻlga aylanib qolay debdi, – Toʻlqin alam bilan gapirdi.

– Avval vegaliklarni qutqaraylik, – Yolqinning esiga asirlar tushib qoldi, – yoʻl-yoʻlakay isitish xonasiga oʻtamiz.

Isitadigan xonadagi kompyuterlar chiyillab ishlardi.

– Voy ablahlar-ey, – jigʻibiyroni chiqib ketdi Ziyokorning, – axir bu yer bolalar shaharchasi edi-ku. Hamma oʻyingohlarni dabdala qilishibdi. – Keyin jon-jahdi bilan kompyuterlarning ulangan simlarini uzib tashladi, – boʻldi.

Asirlar batamom holdan toygan edi. Simlar qirqilib, derazalar ochildi. Ular soʻnggi quvvatlari bilan tashqariga chiqa boshladilar.

– Suv, – deb yigʻlardi ular...

– Non, – deb yigʻlardi bolalar.

Yolqinning koʻzlaridan yosh chiqib ketdi.

– Suv oʻsha bochkadami? – soʻradi.

– Suv anavi Yassitogʻdagi buloqlardan keladi, – Ziyokor qoʻli bilan koʻrsatdi. – Chamasi Toshyuraklar koʻmib tashlashgan. Avval shahardagi hovuzlarga tushadi, keyin ariqlardan oqadi, favvoralarga boradi.

Yolqin bilan Toʻlqin toqqa chiqib ketishdi. Chindan ham buloqlar koʻmib tashlangan ekan. Ikki ogʻayni rosa urinishdi. Nihoyat birinchi buloqning koʻzi ochildi. Avvaliga suv jildirab turdi, keyin qaynab chiqa boshladi. Keyin ikkinchidan, Yolqin bilan Toʻlqin mazza qilib choʻmilishdi.

Pastga qaytib tushishganda Noxaroʻj opa, Qoʻmondon Alyokimlar yetib kelishgan, qiy-chuv avjida edi.

– Yolqin, – Aʼloxon unga intildi, – kel, oyim bilan tanish.

Yolqin kulib turgan ayolga qarab angrayib qoldi. U oʻzining onasi Asolat xolaga ikki tomchi suvdek oʻxshardi.

– Kel, bolam, – dedi u, – xaloskor bolam, kel, koʻrishaylik.

Avval Yolqin, keyin Toʻlqin Aʼloxonning ayasi Talosa aya bilan koʻrishdi. Ayol ularni erkalab bagʻriga bosar, alqab charchamasdi.

– Endi bu yerlarni nima qilamiz? – soʻradi Toʻlqin.

– Obod qilamiz, – Noxaroʻj opa, – mana buloq suvlari ham yetib keldi. Hademay bogʻga aylantirib yuboramiz. Hali boshqa sayyoralarga ketgan kemalardagi olimlar, boshqa odamlar qaytsin, keyingi kelishingizga yana hammayoq yam-yashil boʻladi.

– Yana kelamizmi? – Toʻlqinning hushi boshidan uchdi.

Aʼloxonning esa peshonasidagi ekran yorishdi:

– Albatta mehmon boʻlib!

– Qizimni ancha tilga kiritib qoʻyibsizlar, – kuldi Aʼloxonning onasi Talosa aya, – boʻlmasa men bilan ham ekran orqali gaplashadi.

– Soqov boʻlib qolasan, unaqa qilma, – qoʻrqitdi Yolqin.

Aʼloxonning peshonasidagi ekran yorishdi:

– Ey, bor-ey, gaping qursin.

Qoʻmondon boshchiligidagi hammalari ortga qaytishdi. Xarsangtoshni esa vegalik mahbuslar yotgan joydagi qafasga solib qoʻyishdi.

– Bolalarimiz koʻrsin, – deyishdi, – dangasa, tanbal odamlar toshyurak boʻlishini ularga eslatib tursin.

 

Davomi bor...

Temur Ubaydullo

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.