Ona tulki
Sardor qoʻylarini qirning kungay tomoniga haydadi. Tabiatdan zavqlanib, koʻm-koʻk maysa ustiga choʻzildi. Bir oz yotgan edi hamki, iti qoplonning qattiq hurgani, qandaydir jonivorning gʻingshigani eshitildi. Boshini koʻtarib qaradi. Itining oyogʻi ostida tulki bolasi yotardi. Sakrab turib uni itining hamlasidan qutqardi. “Onasini yoʻqotib qoʻygan shekilli”, oʻyladi Sardor. Tevarak-atrofni sinchiklab koʻzdan kechirdi. Yaqin oʻrtada tulkining ini koʻrinmadi. Kech tushguncha onasi izlab kelsa, qoʻyib yuboraman, deb kutdi. Ammo ona tulkidan darak boʻlmadi. Tulkivachcha hali juda kichik. Ov qilib, qorin toʻydirolmasligi koʻrinib turibdi. Kun botganda tashlab ketsam, itlar burdalab tashlashi yoki ochlikdan oʻlib qolishi mumkin, deb oʻylab tulkivachchani koʻtarib uyiga joʻnadi.
Ota-onasi oʻgʻlining rahmdilligini, hayvonlarni juda yaxshi koʻrishini bilgani uchun indashmadi. Sardor tulki bolasini ovqatlantirib boʻlgach, qishloqning itlari talab tashlamasin, deb eski tovuq katagiga solib qoʻydi. Kechasi allamahalgacha tulkichaning gʻingshiganini eshitib, Sardorning koʻziga uyqu kelmadi. Tong payti ota-onasining gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir gaplashayotgani qulogʻiga chalindi. Otasining:
– Tulki hali kichkina. Buning ustiga qulflab qoʻyilgan boʻlsa, – degan ovozi uni sergak torttirdi. “Kechasi qochib ketdimikan?”, degan oʻy hayoliga keldi. Otilib hovliga chiqdi. Otasi bir katakka, bir yerda yotgan yovvoyi quyonning oʻligiga nazar tashlab:
– Bunga nima deysan? Bu kimning ishi ekan? – deb soʻradi.
Sardor taajjublanib yelka qisdi.
– Nega endi quyon aynan uning katagi oldida yotibdi? – deb qoʻydi onasi ham tulkining idishiga ivitilgan non solayotib.
Kun boʻyi bu voqeani oʻylab Sardorning ham, uydagilarning ham koʻngli gʻash boʻldi. Kalavaning uchini topisholmadi.
Ertasi kuni yana ham qiziq voqyea sodir boʻldi. Ertalab tulki bolasidan xabar olay, deb borsa, tovuqxonaning oldida chalajon bir tovuq choʻzilib yotibdi.
– Dada, mana bunga qarang, – – Sardor shoshib qoldi.
Buni koʻrib, otasining diqqati oshdi:
– Bu uning ishi emasligi aniq. Qizigʻi, nima sababdan quyon ham, tovuq ham bizning hovlimizda paydo boʻlib qolayotgani, – dedi boshini qashlab.
Yon qoʻshnisi Roʻzigul xolanikiga chiqib kelgan onasi, ularning uyidan tovugʻi yoʻqolgani, qoʻshni xola oʻgʻrini tinmay qargʻayotganini aytib keldi. Tovuqni olib chiqib koʻrsatgandi, ularniki boʻlib chiqdi. Uchinchi kuni chap tomondagi qoʻshnisining oʻrdagi bittaga kamaygani, u ham boʻlsa Sardorlarning hovlisida paydo boʻlib qolganidan qoʻni-qoʻshnilar hayron. Bu gap qishloqqa ovoza boʻlib ketdi. Shu kuni togʻdagi ovchi togʻasi kelib qolgani ularni xijolatpazlikdan qutqardi. Boʻlmasa kim biladi deysiz, bu hol nima bilan tugar edi. Ikki – uch kun ichidagi voqealarni eshitgan togʻasi miyigʻida kulib:
– Bularning hammasi ona tulkining ishi. Bolasining ovozidan tanib topib kelgan-u, katak qulflogʻliq turgani uchun ergashtirib ketolmagan. Och qolmasligi uchun ovlagan oʻljalarini keltirib, tashlab ketavergan, – deganida eshitganlar angrayib qoldi. Hayvonlar ham bolalariga shunchalik gʻamxoʻr boʻlar ekan-da, deb, yoqa ushlashdi. Axir, tulkining bolasiga bunday mehribonlik koʻrsatishi kimning ham hayoliga kelardi, deysiz. Togʻasi tulkichani olib borib tashlamasa, bu hol bir-ikki oy davom etishini aytdi.
Qoʻshnilarga ziyon yetkizmaslik uchun ertasi kuni Sardor tulki bolasini oʻsha topib olgan joyiga olib borib, qoʻyib yubordi. Shu-shu qishloqda hech kimning tovugʻi ham, oʻrdagi ham yoʻqolmadi. Aytgancha, kunlarning birida Sardor qoʻy boqib yurib, oʻsha tulkini uzoqdan koʻrib, tanidi. Uning sogʻ-omonligini bilib, koʻngli xotirjam tortdi.
Saodat MUSAYEVA