Gʻamxoʻr gul
Konstantin Paustovskiy
Dunyo miqyosida tan olingan ijodkor Konstantin Paustovskiy 1892-yil 31-mayda Moskva shahrida tugʻilgan. U Kiyevdagi gimnaziyada oʻqiyotganda oʻzining birinchi “Suv ustida” hikoyasini yozadi. Hikoya “Chiroqlar” jurnalida nashr etiladi. 1912-yilda u Kiyev universitetiga oʻqishga kiradi. Oradan biroz vaqt oʻtgach, Moskva universitetining huquq fakultetida oʻqishni davom ettiradi. Biroq urush tufayli oʻqishni tugata olmaydi. Urush boshlanishi bilan u harbiy muxbir boʻlib ishlay boshlaydi.
Konstantin Paustovskiyning “Kelayotgan kemalar” nomli birinchi hikoyalar toʻplami 1928-yilda chop etilgan. 1932-yilda yozilgan “Qoraboʻgʻoz” romani yozuvchiga anchagina mashhurlik keltiradi.
Adib ijodida tabiat, hayvonlar haqidagi “Issiq non”, “Poʻlat uzuk”, “Quyon panjalari”, “Boʻrsiq burni”, “Oʻgʻri mushuk” kabi bolalar uchun yozilgan hikoya va ertaklar alohida oʻrin egallaydi. Yozuvchi 1968-yil 4-iyulda Moskvada vafot etgan.
Gʻamxoʻr gul
Baland boʻyli, guli qizil, antiqa oʻsimlik bor. Bu oʻsimlikni kiprey deb atashadi.
Hozir aytib bermoqchi boʻlgan hikoyam aynan shu oʻsimlik haqida.
Oʻtgan yozda men sersuv daryo boʻyida joylashgan kichkina shaharchada yashar edim. Shaharchamiz yaqinida qaragʻay daraxtlari koʻp boʻlgan oʻrmon bor edi. Shaharcha bozoridagi maydonning har joyida hashak ortilgan aravalarni uchratishingiz mumkin. Ularning yonida esa toychoqlar mudrardi. Kechga yaqin otlar toʻdasi qaytar ekan, ularning doʻpiridan koʻtarilgan changlar quyosh botayotgan paytda koʻzga qizgʻish rang boʻlib koʻrinardi.
Mahalliy yangiliklar baland simyogʻochda oʻrnatilgan radiokarnay orqali eʼlon qilib borilar edi.
Bir kuni kech tushmasidan bozor yonidan oʻtib, oʻrmonga yoʻl oldim. Yoʻlning oʻrtasida bolalar futbol oʻynashayotgan edi. Shu payt radiokarnaydan kutilmaganda xirillagan shovqin eshitilib, tomoq qirib qoʻyilgandan soʻng baland ovozda eʼlon yangradi:
“Bolalar! Eslatamiz, ertaga tongda soat oltida oʻrmonga qaragʻay daraxtlarida olmaxonlar gʻamlab qoʻygan yongʻoqlarni terishga boramiz. Bizga oʻrmon xoʻjaligi xodimasi Anna Petrovna Zarechnaya bosh-qosh boʻladi”.
Qanaqa olmaxonlar, qanaqa gʻamlov haqida gap ketayotganiga tushunmadim. “Bu haqda kimdan yaxshilab soʻrab olsam boʻlar ekan?” deya oʻylanib qoldim. Bolalar xuddi hech nima boʻlmaganday futbol oʻynashni davom ettirishdi. Derazadan yoshi katta ayol koʻrindi va jahl bilan baqirdi:
– Petya! Kuzya! Qani uyga kiringlar-chi, quloqsizlar! Ertaga oʻrmonga barvaqt borishinglar kerak! Men sizlarni uygʻotmayman! – deb baqirdi.
– Hozir! – deb javob berishdi bolalar. – Oxirgi golni urib olaylik.
Kutilmaganda koptok echkiga borib tegdi. Echki qoʻrqib ketib, arqonni uzib qochdi, bolalar har yoqqa tarqalishdi. Bolalarning bu ishidan jahli chiqqan uy bekalari ularni urishishdi:
– Yaramaslar! Bu nima qilganingiz?! Hammasini Anna Petrovnaga aytib beramiz! Sizlarni oʻrmonga olib bormaydi!
Yoʻl chetidan ketayotib burchakda oʻsha – futbol oʻynayotgan bolalarni berkinib oʻtirishganini koʻrib, ulardan soʻradim:
– Bolalar, haligi eʼlon nima haqida edi?! Qanaqa olmaxonlar, qanday gʻamlov haqida?
Bolalar menga olmaxonlardan boshqa hech kim daraxtdagi yongʻoqlarni yaxshi tera olmasligini tushuntira boshlashdi.
– Olmaxonlar yongʻoqlarni qishga gʻamlab qoʻyishadi! Boshqa hayvonlardan berkitib, daraxt kovakchalariga solishadi. Qizigʻi, ular faqat sogʻlom yongʻoqlarni terishadi, – dedi bolalardan biri.
– Kattalar bizsiz yongʻoqlarni olisholmaydi. Daraxtning boʻyi baland, biz esa xash-pash deguncha unga chiqib, yongʻoqlarni yigʻib tushamiz, – dedi orqaroqda turgan bir bolakay.
– Olmaxonlarga rahmingiz kelmaydimi?
– Olmaxonlar xafa boʻlishmaydi! Ular juda chaqqon, bir-ikki soatda yana bir kovakni yongʻoqqa toʻldirib tashlashadi, – deyishdi bolalar. Ularning koʻzlarida biroz xavotir bor edi.
– Oʻrmon xoʻjaligiga ketayapsizmi? – soʻradi moviy koʻz bola.
– Ha, oʻrmon xoʻjaligiga.
– Agar u yerga borsangiz, sizdan iltimos, Anna Petrovnaga koptogimiz echkiga tegib ketgani haqida aytmang. Biz buni ataydan qilmadik.
Men Anna Petrovnaga hech nima demaslikka soʻz berdim. Agar aytganimda ham Anna Petrovna (oʻrmon xoʻjaligida uni Anyuta deb chaqirishardi) bolalardan ranjimagan boʻlardi. Chunki oʻzi ham yosh, shoʻx, oʻyinqaroq boʻlgan. Oʻrmon xoʻjaligi kollejini tugatganiga esa atigi bir yil boʻldi.
Oʻrmon xoʻjaligi yonida, daryo tarafdagi bogʻ yonidagi maysazorda oʻrindiqlar bor edi. Oʻrmonchilar boʻsh vaqtlarida oʻsha yerda dam olishardi. Bu safar u yerda Mixail Mixaylovich bilan Anyutani uchratib qoldim.
Oyogʻimiz tagida xuddi qogʻozga oʻxshab gʻaroyib yashil barglar suzib yurardi. Bogʻ atrofidagi qirgʻoqda kiprey oʻsardi. Ularga qarab:
– Kiprey – bu bizning yordamchimiz, – dedi Mixail Mixaylovich.
– Olmaxonlar ham bizning yordamchilarimiz, – qoʻshimcha qildi Anyuta.
– Olmaxonlar haqida bolalardan eshitdim. Sizlar chindan ham olmaxonlarning yongʻoqlarini olib qoʻyasizlarmi? Shu gaplarning hammasi rostmi?
– Busiz iloji yoʻq-da, – dedi Anyuta. – Axir dunyodagi eng zoʻr yongʻoq teruvchilar olmaxonlar-ku. Ertaga biz bilan oʻrmonga boring. Bunga oʻzingiz guvoh boʻlasiz!
– Nima ham derdim, roziman. Boramiz! Ha, aytgancha yana bir savol. Kiprey sizlarga qanday yordam beradi? Shu paytgacha bu oʻsimlik haqida bilmas ekanman. Bilganim shuki, uning barglarini quruq choy oʻrnida qaynatishadi.
– Shuning uchun ham uni “Ivan choyi” deyishadi. Uning bizga koʻrsatayotgan yordami shundaki... – tushuntirishni boshladi Mixail Mixaylovich, – kiprey oʻsimligi asosan oʻrmonda, yangi nihollar oldida oʻsadi. Ancha paytgacha uni yovvoyi oʻt deb, keyinroq esa faqat choy uchun yaraydigan oʻsimlik deb oʻylashdi. Oʻrmonchilar ularni ayamay uzib tashlashardi. Sababi, ular kiprey yangi koʻchatlarga tushadigan yorugʻlikni toʻsib, kuchini olib qoʻyadi, deb oʻylashgan. Bir payt qarashsa, kiprey uzib tashlangan joydagi qaragʻaylar sovuq urib, ertalabki izgʻirin bilan kurasha olmay, kuz kelishi bilan nobud boʻla boshlagan. Olimlar buni oʻrganib, yechimini topishdi. – Kiprey oʻzidan issiqlik chiqaradigan oʻsimlik ekan. Sezgan boʻlsangiz, koʻpgina oʻsimlik va daraxtlarni izgʻirinda sovuq uradi. Faqatgina kiprey oʻsimligigina sovuqqa chidamli boʻladi. Shuning uchun kiprey bor joyda oʻsimliklar bexatar va yaxshi oʻsishadi. Qattiq sovuq boʻlganda ham kiprey oʻz barglarini xuddi koʻrpaga oʻxshab yoyib, boshqa oʻsimliklarni himoya qiladi. Uni oʻsimliklarning qoʻriqchisi, enagasi desa ham boʻladi...
– Kiprey faqat havoni emas, tuproqni ham isitadi, – dedi Anyuta.
– Sizlar faqat kiprey shunaqa noyob oʻsimlik deb oʻylaysizlarmi? – soʻradi Mixail Mixaylovich. – Deyarli har bir oʻsimlik haqida hayratlanarli maʼlumotlar aytish mumkin. Oʻsimliklar bizni kasal boʻlishdan saqlaydi, osuda uyqu beradi, bizni kiyintiradi, oziqlantiradi. Ularning barcha xislatlarini sanayman deguningizcha eh-he...
Bizning eng yaxshi doʻstimiz oʻsimliklardir. Men ertak aytishni bilganimda, har bir oʻsimlik haqida, har bir oʻt-oʻlan haqida bir-biridan qiziqarli shunday ertaklar aytardimki, ertakchilar menga hasad qilishardi, – dedi Mixail Mixaylovich.
– Agarda ertakchilar biz bilgan narsalarni bilganda edi, zerikarli ertaklarga aslo oʻrin qolmas edi, – dedi Anyuta.
Ertasi kuni biz bolalar va Anyuta bilan oʻrmonga bordik. U yerdagi olmaxonlar va daraxt kovaklarda ular toʻplagan yongʻoqlarni, kiprey oʻsimligini, koʻchatlarni, qaragʻaylarni oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Shundan buyon ularning barchasiga – tabiatning bu ajaoyib moʻjizalariga oʻz doʻstimdek qaraydigan boʻldim.
Uyga qaytishimizdan oldin kiprey gulidan oldim. Anyuta uni menga quritib berdi. Moskvaga borgach, oʻsha quritilgan gulni katta, semiz kitobim orasiga avaylab solib qoʻydim. Kitobning nomi “Rus xalq ertaklari” edi.
Bu kitobni har ochganimda bizni oʻrab turgan tabiat, hatto mana shu oddiy va kamtargina bejirim gulning hayoti har qanday ertakdan ham sehrli va moʻjizali ekanligiga yana bir bor amin boʻlaman.
Rus tilidan Shahrizoda SANAQULOVA tarjimasi