Olis sayyorada
Davomi. Boshlanishi: Olis sayyorada
Qiyomat Yolqinlarnikida boʻldi.
Eshikni taqillatib kelgan qora soqol, koʻzlari muloyim kishining gaplarini Asolat opa dastlab yaxshi anglamadi.
– Oʻgʻlingiz Yolqinjon mening oʻgʻlim Chiliqkeb bilan oshna, biznikida qoldi, xavotir olmanglar, – dedi u. Eng qizigʻi, u buzoqni ham yetaklab olgandi. Nomaʼlum kishi Toʻlqinlarnikiga kirib ham shu gapni aytdi.
– Mayli, vaqtliroq kelishsa boʻldi, – deyishdi onalar. Ertasiga ham kelaverishmagach Asolat xola qoʻshnisinikiga yugurdi.
– Hoy, Oynisa, Toʻlqiningiz keldimi?
– Yoʻq, aylanay, xavotir olib oʻtiribman. Hech bunaqa odati yoʻq edi, qaydam nima jin urdi.
– Tagʻin bitta-yarimtasi oʻgʻirlab ketgan boʻlsa-ya, – dedi Asolat xola vahimaga tushib.
– Qoʻying-a, qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a! – yuragi orziqib ketdi Oynisa opaning, – axir shahar bedarvoza emas-ku, opajon!
Ikki onaizor yurak hovuchlab bir haftani oʻtkazishdi. Oxiri militsiyaga chopishdi.
– Xoʻsh-xoʻsh, – dedi xushmoʻylov kapitan Rasulov, – birdan yoʻq boʻlib qolishdimi?
– Birdan! – deyishdi baravariga ikki ayol.
– Xoʻsh-xoʻsh, – dedi yana kapitan, – baravar gapirmanglar. Xoʻsh-xoʻsh, bizdan hali hech qanday jinoyatchi qochib qutulmagan. Hozir bolalarni oʻgʻirlangan deb hisoblaymiz. Yuringlar, ular qayerda mol boqishganini koʻrsatinglar.
Kapitan boshliq izquvarlar oʻtloqni obdon sinchiklab tekshirishdi. Hech vaqo yoʻq.
– Xoʻsh-xoʻsh, – dedi kapitan, – sizga bolalar haqida xabar bergan kishi kimga oʻxshardi?
Oynisa opa kapitanga qaradi.
– Koʻnglingizga kelmasin-u, sizga oʻxshardi, – dedi u, – ayniqsa, qosh-koʻzlari, bosiq gapirishi...
– Xoʻsh-xoʻsh, – dedi kapitan, – demak, men oʻgʻirlagan boʻlib chiqamanmi bolalarni? – uning qoshlari uchib ketdi, – bu qanaqasi boʻldi?
– Voy, siz demadim-ku, – Yolqinning oyisi xafa boʻldi, – sizga oʻxshardi, dedik.
– Oʻxshamay oʻlsin, – dedi Asolat opa tilyogʻlamalik bilan, – shundoq ukamni ranjitib qoʻydik.
– Xoʻsh-xoʻsh, – dedi kapitan, – bu jiddiy voqeaga oʻxshaydi. Sizlar boraveringlar.
Ertasigayoq shaharning turli joylariga Yolqin bilan Toʻlqinning suratlari yopishtirildi. Oradan oʻn kun oʻtsa hamki natija koʻrinmadi.
Ikki onaizor kimdan alam olishni bilmaydi, otalarning dardi ichida edi. Maktabda toʻs-toʻpolon boʻlib ketdi...
Bir kuni ikki ayol soʻrida obidiyda qilib oʻtirishgan edi, bir bola hovliqib kirib keldi:
– Tel... tel... – dedi u halloslab, – tel... tezroq...
– Telefonimiz yoʻq, – dedi Oynisa opa.
– Tel... televizorni koʻringlar, – dedi va zingʻillagancha ortiga qaytdi.
Oynisa opa shosha-pisha televizor pultining tugmasini bosdi...
...Aʼloxon Yolqinning qoʻlini kosmodromgacha qoʻyib yubormadi.
– Qolaqolsanglar-chi, – dedi, – shu yerda yashayverasizlar. Oʻzinglar Vega Yerga oʻxshar ekan deysizlar-ku...
– Yer yaxshi, – dedi Toʻlqin, – oyimni shunaqangi sogʻindim-ki...
Kosmodrom odamlarga toʻlib ketgandi. Boshqa sayyoralarga ketgan kemalar ham qaytgan. Hamma Yolqin bilan Toʻlqinni qutlar, gullarga koʻmib tashlashgandi.
– Bu tantanalarni oyim koʻrganda, – dedi Yolqin, – sal boʻlsa ham jahlidan tushardi.
– Buning qiyin joyi yoʻq, – dedi Aʼloxon, – uyinglarda televizor bormi?
– Bor...
Aʼloxon mitti apparatning tugmalarini bosa boshladi. Atrofda rangin nurlar porlab ketdi...
...Oynisa xola ekranga qarab kulib yubordi.
– Voy bolasi tushmagur-ey, multfilm koʻrsin, debdi-da...
Birdan multfilm uzildi. Ekran lipilladi. Ikki daqiqa oʻtgach gʻalati tasvirlar koʻrina boshladi. Keyin ravshan tortdi.
– Voy, bolam, – deb qichqirdi Oynisa opa odamlar qurshovidagi Toʻlqinni koʻrib, – ana Yolqiningiz ham bor, sogʻ-salomat!
Odamlar Yolqin bilan Toʻlqinni qoʻllarida koʻtarib kelishardi. Hatto Noxaroʻj opa yigʻlab ham yubordi. Veganing eng katta boshqaruvchisi doktor Hoshim Hazrat mikrofonga yaqin keldi.
– Vega ahli sizdan abadiy minnatdor, – dedi u qiroat bilan, – bizni toshyuraklardan xalos qildingiz. Toshyuraklarni sizning yuragingizdagi mehr yengdi. Agar shu mehringiz boʻlmaganida biz abadiy qullikda yashagan boʻlardik! Sizni tarbiyalagan ota-onalaringizga ming rahmat! Siz chinakam qahramonsiz.
– Voy, oʻrgilay sizlardan! – Asolat opa televizorni quchoqlab olayozdi.
Qiy-chuv, gulduros musiqa sadolari ostida ikki oʻrtoq kosmik kemaga kirishdi. Kema eshiklari ohista yopildi. Asta-sekin Yer tomon parvoz qildi.
– Qanday yaxshi! – dedi Toʻlqin, – eson-omon qaytyapmiz-a? Qancha boʻldik Vegada?
Kemadagi ekran yorishdi:
Yer hisobi boʻyicha uch oy.
– Vega hisobida-chi?
Ekran yana yorishdi:
Uch kun, xolos
– Ana xolos, – dedi Toʻlqin, – taʼtillar tugab, oʻqishlar boshlanib ketibdi-ku!
– Yetib olamiz, – dedi Yolqin.
Ekran charogʻon boʻlib ketdi:
Bilim insonni ulugʻlaydi.
Ikki oʻrtoq kemaning oynasidan koʻz uzmas, yuraklari entikib ketardi.
– Yana borarmikanmiz Vegaga? – Toʻlqin Yolqinning yelkasiga qoʻlini qoʻydi.
– Birinchi ishim Vega bilan aloqa qilish boʻladi, – dedi Yolqin ishonch bilan.
Ekran yana yorishdi:
Barakalla, sen menga yoqyapsan.
Kelishda Vegaga juda tez yetib kelgan kema Yerga qaytishda negadir sekin uchayotgandek tuyulardi. Ikki oʻrtoq mudray boshladi. Biroz oʻtib uxlab qolishdi...
...Ertalab Toʻlqin koʻzini ochdi. Eshik ochilib singlisi Raʼno koʻrindi. U xuddi Aʼloning oʻzginasi edi.
– Turing akajon, soat sakkiz boʻlyapti.
Toʻlqin unga qarab angrayib qoldi.
– Sen... sen Vegada nima qilib yuribsan?
– Vega? Nima u? – hayron boʻlib qoldi Raʼno. – Turaqoling, nonushta tayyor boʻlgan. Ana, Yolqin akam ham keldi.
Toʻlqin garangsib oʻrnidan turdi. Yolqinni koʻrib ajablandi.
– Yur oʻrtoq, boʻl, bugun birinchi soat Joʻraxon opaning darsi...
“Ishqilib, onam birovga oʻxshamasin-da”, oʻyladi Toʻlqin. Oʻylaganidek boʻlib chiqdi: Asolat aya Vegadagi Talosa ayaning oʻzginasi edi.
Tamom.
Temur Ubaydullo