Aqli kirdi
Yakshanba, yaqindagina koʻchaga oʻynagani chiqib ketgan Akmaljon hovliqqancha hovliga qaytdi.
– Dada, dada-a!
Kursi ustiga chiqib kir yuvayotgan opachasi Aqida soʻradi:
– Namuncha baqirmasang! Dadam nimaga kerak boʻlib qoldilar yana?..
– Aytmayman!
– Xo-o, buni qaranglar-a... Dadajoning uyda yoʻqlar!
– Varrak yasab berishlari kerak!
– Unday boʻlsa... oshxonadalar.
Akmaljon oʻsha yoqqa shoshdi:
– Dadajon, menga varrak yasab bering!
– Xoʻp boʻladi, lekin hozir emas. Ertaga, maylimi?
– Yoʻq! – yer tepindi erkatoy, – hoziroq yasab berasiz!
– Hozir iloji yoʻq oʻgʻlim... ovqat qilyapman, ayangni koʻrgani shifoxonaga boraman. Sen aka boʻlibsan. Onang senga ukacha olib kelarkan!
– Kim aytdi?.. – Akmaljonning ogʻzi ochilib qoldi.
– Doʻxtirlar telefon qilishdi, tezroq borishim kerak.
– Bir oʻzingizmi?
– Bir oʻzim!
– Men-chi, men...? – Akmaljonning labi titradi.
– Ertalabdan buyon aqli yoʻq bolalarga oʻxshab aytganimni qilmay koʻchada oʻynab yuribsan... Xafa boʻldim!
Akmaljon oʻylanib qoldi.
– Aqlli bola boʻlsam, olib borasiz-a?
– Oʻylab koʻraman...
Akmaljon tashqariga chiqdi, pildirab yurib qoʻylarga yem soldi, Targʻilga paqirda suv tutdi, ariqdagi suvda yuz-qoʻlini apil-tapil “yuvgan” boʻldi.
Uni kuzatib turgan opachasi soʻradi:
– Varrak nima boʻldi?
– E-e... Ertaga! Endi dadam bittamas, ikkita varrak yasaydilar.
Sobir Jabbor