Non ushoqlari
Oʻgʻilchaga tanbeh berildi. Ayni tushlik paytida: “Noningni dasturxon yonida ye! Toʻpingni keyin oʻynaysan!..”
Oʻgʻilcha parvo ham qilmadi: oyogʻida toʻp, qoʻlida non...
– Kimga aytyapman?! Dasturxonga kel!
Koʻzi toʻpda, qoʻlida non, qulogʻida – tinglagich...
– Hoy, bemaza! Nonning ushoqlari toʻkilyapti!
Telefondan ashula tinglayotgan bolaga tanbehlar foydasiz edi.
– Qoʻyavering, dadasi, oʻynasa oʻynar...
Ota chidab turolmadi, shartta oʻrnidan turdi-da, oʻgʻlining beliga qistirilgan telefonni yulqib oldi va jahl aralash yerga urdi. – Senga telefon olib berganning padariga...
Oʻgʻilcha telefoniga achindi, ona – oʻgʻliga. Koʻzlardan yosh tomchiladi. Bu yoshlar non ushoqlariga juda-juda oʻxshar edi.
Sobir Jabbor