Vaqt oʻgʻrilari
Qoʻshni uyda yashovchi Rahmatulloh bilan yaqin doʻstmiz, qadrdon boʻlib ketganmiz. Bir kuni u bilan tong saharlab azbaroyi nima qilishni bilmaganimizdan, kattagina taxta boʻlagidan nimadir yasayotgan paytimiz “taq-taq” degan ovozdan hovlidagi supada uxlayotgan dadam uygʻonib ketdi. Koʻzlarini chala ochib:
– Obbo, vaqt oʻgʻrilari-yey! Yana vaqtingizni bekorga sarflayapsizmi? – dedilar.
Dadamning “vaqt oʻgʻrilari” degan soʻzlari magʻzini umuman chaqolmadim. Soʻray desam, uyquga ketibdilar. Rahmatilloh doʻstim ham:
– Nahotki, biz oʻgʻri boʻlsak? – dedi-yu, oʻylangancha uyiga kirib ketdi. Men ham charchaganimdan uxlab qolibman. Tezda yuz-qoʻllarimni yuvdim, shoshib-pishib choy ichdim-da maktabga otlandim.
Sinfga kirishim bilan ketma-ket ustoz kirdi. Ustozimiz yangi mavzuni endigina birma-bir tushuntirayotgan payt eshikdan sinfdoshim Doniyor moʻraladi:
– Ustoz, kechiring, bugun kech qoldim.
– Bu safar kechirdim, ammo keyingi safar jazolayman, kiraqol, – dedilar-u bizga yuzlandilar. – Aziz oʻquvchilar, siz Yangi Oʻzbekistonni qurishingiz, shu bilan birga, ota-onangizni ishonchini oqlashingiz kerak. Siz kelgusida oʻz yoʻlingizni topib ketsangiz, koʻcha-koʻyda shu oʻquvchiga men taʼlim berganman, deb quvonib yuraman.
Shu payt sinfda pichir-pichir boshlandi. Bir-biriga shivirlab gapirayotgan ovozlar ichida “Ertaga tugʻilgan kunimga kelasanmi?” degan savol ham eshitilganday boʻldi. Buni ustozimiz ham eshitgani aniq edi.
– Vaqt oʻgʻrilari, – dedi ustoz salmoqlab. Ustozning oʻquvchilarga qadalgan oʻtkir nigohida afsus-nadomat sezilib turardi.
“Vaqt oʻgʻrilari”... Bu soʻzni yaqindagina dadamdan eshitgan edim. Shu bois hayron qolmadim. Sinfdoshlarim esa birdaniga jimib qolishdi. Doniyor ham xuddi Rahmatullohdek oʻylanib qoldi.
– Doniyor, nega oʻylanib qolding? – soʻradi ustoz.
– Bizni oʻgʻri dedingiz-ku? Axir, oʻgʻirlik qilgan kishilar jazolanmaydilarmi?
– Vaqt oʻgʻrilarini vaqtning oʻzi jazolaydi. Bu bilan siz oʻzingizga jabr qilgan boʻlasiz.
– Ustoz, men umuman shu jumlaning maʼnosini chaqolmayapman-da. Vaqtni ham oʻgʻirlab boʻladimi.
– Odatda, oʻgʻirlik qilgan kimsalar jazolanadi. Vaqt oʻgʻrilari esa bundan mustasnodir. Toʻgʻri, vaqt oʻgʻrisi hech qanday jazo olmaydi. Hatto qonun oldida ham javob bermaydi. Ammo, siz hozir vaqtingizni behudaga sarflashingiz bu – vaqtingizni, kelajagingizni oʻgʻirlash bilan teppa-tengdir. Har bir vaqtingizni foydali ishga sarflasangiz, vaqtni yutish bilan birgalikda, kelajakda yetuk insonlar boʻlib yetishasiz.
– Ehh, biz doʻstim bilan kelajagimiz oʻgʻrisi boʻlayotgan ekanmiz... – dedi Doniyor.
Ustozning bu soʻzlaridan Doniyor sergak tortdi. Shu lahzalarda Doniyor “Vaqt oʻgʻrisi” nima ekanligini tushunib yetdi. Uyga borib tezda barchaga vaqt oʻgʻrisi haqida aytib berishga shaylandi. Men ham.
Abdulloh ABDUMOʻMINOV,
Toshkent shahridagi 102-maktabning 7-sinf oʻquvchisi