Assalomu alaykum! “Gulxan” jurnali saytiga xush kelibsiz!

Saytimizda bir-biridan qiziqarli maqolalar, hikoyalar, ertaklar va she’rlarni o‘qishingiz mumkin. Turli fanlarga oid ma’lumotlar bilimlaringizni yanada boyitishga yordam beradi!

Sehrli soʻz

Rus bolalar yozuvchisi Valentina OSEYEVA 1902-yil 28-aprelda Kiyevda muhandis oilasida tugʻilgan. Boʻlajak yozuvchining bolaligi Volganing Katta Samara shahrida oʻtdi. Otasi muhandis, onasi esa gazetada musahhih boʻlib ishlagan. Uning Qizil mushuk, Buvi, Otaning koʻylagi, Mening oʻrtogʻim, Kirpi, Vasyok Trubachev va uning oʻrtoqlari, Dingo kabi koʻplab kitoblari oʻquvchilar tomonidan qizgʻin kutib olingan. Adiba 1969-yil 5-iyulda Moskvada vafot etgan.

 

Sehrli soʻz

 

Choʻqqi soqol bir qariya bogʻdagi oʻrindiqda soyaboni bilan qumga allanimalar chizib oʻtirardi.

– Sal suriling, – dedi Pavlik qoʻpollik bilan.

Otaxon biroz surilgach, oʻrindiqning chetiga oʻtirgan, yuzlari boʻgʻriqib ketgan boladan soʻradi:

– Nimadir boʻldimi?!

– Ha, boʻldi! Sizga nima? – dedi Pavlik qovogʻini uyib.

– Menga-ku hech nima. Ammo, sen vajohatingdan kim bilandir janjallashganga oʻxshaysan...

– Ha, shunday boʻldi! – gʻazab bilan pichirladi Pavlik. – Men tez orada uydan butunlay qochib ketaman.

– Qochasa-a-a-an?!

– Ha, qochaman! Men yolgʻiz opam Lenka tufayli qochib ketaman, – Pavlik jahl bilan mushtlarini qisdi. – U doim mendan narsalarini qizgʻanadi. Oddiygina boʻyoqlarini ham bermaydi. Axir unda boʻyoqlar judayam koʻp-ku!

– Boʻyoqlarini bermayapti, degin. Axir, bu sening uydan qochishingga arzimaydi-ku!

– Faqat buning uchun emas. Buvim meni bor-yoʻgʻi bittagina sabzi olganim uchun qoʻllaridagi sochiq bilan oshxonadan quvib chiqardilar...

Pavlik qattiq jahli chiqqanidan tez-tez, chuqur-chuqur nafas olardi.

– Bular sening arazlashingga sabab boʻlolmaydi! – dedi qariya. – Yaqinlaring urishsa, seni yaxshi koʻrib, kamchiligingni tuzatish uchun urishishadi.

– Hech kim menga achinmaydi! – qichqirdi Pavlik. – Akam har kuni qayigʻida sayr qilishga chiqadi. Meni esa oʻzi bilan olib ketmaydi. Men unga: “Yaxshisi meni olib ket. Boʻlmasa seni tinch qoʻymayman. Eshkaklaringni olib qochib ketaman-da, oʻzim qayiqqa chiqaman, deyman”, – dedi Pavlik oʻrindiqqa musht urib. Soʻng toʻsatdan jim boʻlib qoldi.

– Xoʻsh, akang seni nima uchun olib ketmaydi?!

– Sizga nima, namuncha surishtirasiz?

– Men senga yordam bermoqchiman. Shunday bir sehrli soʻz bor-ki... – dedi qariya soqolini silab. – Men senga shu soʻzni aytaman. Ammo, hamisha yodingda tut: gapirayotganda qarshingdagi odamning koʻzlariga qarab, soʻzlarni past ovozda aytishing kerak. Yana qaytaraman: faqat koʻzlariga qarab, past ovozda... Shuni unutma...

– Bu qanday soʻz oʻzi? – soʻradi Pavlikning hayratdan ogʻzi ochilib.

Qariya bolaning qulogʻiga engashdi. Cholning soqoli Pavlikning yonogʻiga yumshoq tegdi. U bir nimalar deb pichirladi va baland ovozda qoʻshib qoʻydi:

– Bu – sehrli soʻz. Lekin uni qanday gapirishni hech qachon unutma!

– Harakat qilaman, – deb jilmaydi Pavlik. – Men hoziroq buni sinab koʻraman. – U oʻrnidan sakrab turdi-da, uyiga yugurdi.

Opasi Lena stulda oʻtirib rasm chizar, yashil, koʻk, qizil boʻyoqlar stol ustida yoyilib yotardi. U Pavlikni koʻrishi bilan, darhol boʻyoqlarni toʻplab, qoʻli bilan berkitib oldi.

“Qariya meni aldadi”, deya oʻylardi bola bezovtalanib. “Axir, opasiga oʻxshaganlar sehrli soʻzni tushunarmidi?!” Shunday xayol bilan Pavlik opasining yoniga bordi, uning yengidan ohista tortdi. Opasi unga ajablanib qaradi. Pavlik uning koʻzlariga qarab, past ovozda dedi:

– Opajon, menga bittagina boʻyoq bering... Iltimos...

Lenaning koʻzlari hayratdan moshday ochilib ketdi. Boʻyoqlarning ustidan qoʻlini olib, xijolat tortib soʻradi:

– Senga qaysi biri kerak?!

– Menga-mi?! Koʻk rang kerak, – dedi Pavlik xavotir bilan. Soʻng opasi bergan boʻyoqni qoʻliga olib, xonani xursand boʻlib aylanib chiqdi-da, opasiga qaytardi. Aslida unga boʻyoq kerak emas edi. Endi u faqat sehrli soʻz haqida oʻylardi.

“Endi buvimning yonlariga boraman. Hozirgina oshxonada nimadir pishirayotgan edilar. Qani, bir sinab koʻray-chi, meni oshxonadan quvib chiqaradilarmi yoʻqmi?!”

Pavlik oshxona eshigini asta ochdi. Qarasa, buvisi issiqqina boʻgʻirsoq pishirayotgan ekan. Nabirasi uning oldiga yugurib bordi-da, buvisining issiqdan qizarib ketgan serajin yuzlarini oʻzi tomonga burib, koʻzlariga qarab, pichirladi:

– Buvijon, menga bir dona boʻgʻirsoq bering, iltimos...

Nabirasining gaplarini eshitib buvi qaddini rostladi. Sehrli soʻz taʼsirida buvisining koʻzlarida tabassum porladi:

– Qanaqa boʻgʻirsoq yeging kelyapti?! Issigʻidanmi, iliqrogʻidanmi?! Yaxshisi kel, oʻzing qizarib pishganlaridan tanlab ola qol.

– Qaynoqqinasidan yegim kelyapti, – buvisining ikki yonogʻidan oʻpib qoʻydi Pavlik xursandligidan sakrab.

“Sehrgar! Sehrgar!” – deya takrorladi u qariyani eslab.

Kechki ovqat paytida Pavlik jim oʻtirdi va akasining har bir soʻzini diqqat bilan tingladi. Akasi sayrga chiqishini aytganida, Pavlik qoʻlini uning yelkasiga ohista qoʻyib, soʻradi:

– Meni ham oʻzingiz bilan olib keting, iltimos.

Stol atrofida oʻtirganlarning hammasi birdan jim boʻlib qoldi. Akasi esa qoshlarini koʻtarib, jilmayib qoʻydi.

– Uniyam olib keta qoling, – dedi opasi toʻsatdan. – Axir sizga nima toʻsqinlik qilyapti?!

– Shunday bolani nega olib ketmas ekan?! – tabassum qildi buvisi. – Albatta, olib ketadi.

– Iltimos, – deya yana takrorladi Pavlik. Akasi baland ovozda kuldi. Ukasining yelkasiga qoqib, sochlarini siladi:

– Eh, oʻzimning sayohatchim! Unda tezroq otlan!

“Yordam berdi! Yana yordam berdi!” Pavlik oʻrnidan sakrab turdi-da, koʻchaga yugurdi. Ammo cholni bogʻdan topa olmadi. Oʻrindiq boʻm-boʻsh edi. Faqat qum ustida soyabon bilan chizilgan tushunarsiz belgilar koʻrinib turardi...

 

Rus tilidan Shahrizoda SANAQULOVA tarjimasi

2016–2023 © “Gulxan” jurnali tahririyati. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan ma’lumot olinganda manba ko‘rsatilishi shart.